KEYS-STADI METODI (Amaliy holatlarni o’qitish metodi)

KEYS-STADI METODI

(Amaliy holatlarni o’qitish metodi)

«Ta’limning buyuk maqsadi bilim berish emas, balki hatti-harakatlarga  o’rgatishdir»

G.Spenser

Bu metodning nomi inglizcha “case-study” so’zlaridan olingan. Bunda “case” – yashik, quti, gilof, jild, “study” – o’rganish, tadqiq qilish, ilm bilan shug’ullanish, o’quv fani, saboq olish, o’qish ma’nolarini bildiradi. Bu metod haqida inglizcha aytiladigan “case – true life”, ya’ni “keys – haqiqiy hayot” iborasiga ko’ra keys – real hayotning «bir parchasidir». Shunga ko’ra bu metodni “amaliy holatlarni o’qitish metodi” deb ham ataladi.

Keys-stadi metodi bo’yicha o’rganilayotgan har bir muammo yoki mavzu yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar rejasi, ularni bajarish tafsiloti, natijalar va xulosalar yig’indisi alohida keysni tashkil qiladi. Bu metod ta’lim jarayonida hayotiy vaziyatlardan foydalanishga qaratilgan. Bu esa, hozirgi kunlarda ta’lim sohasidagi dolzarb bo’lgan muammolardan hisoblanadi. Ushbu muammoni hal qilish imkonini berishi bu metodning alohida ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatib turibdi.

Shu sababli G’arb mamlakatlaridagi ta’lim muassasalarida keys-stadi metodidan, ya’ni keyslardan foydalanish o’quv rejasining 25 % ini tashkil qiladi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida hayotiy vaziyatdan foydalanishning ahamiyati haqida qisqacha to’xtalib o’tamiz.

Ta’lim jarayonida hayotiy vaziyatdan foydalanishning dolzarbligi:

Keys-stadi ta’lim metodini turli holatlarni o’rganishda qo’llash – hayotdan olingan odatdagi vaziyatlarni o’rganishni tashkil etish yoki sun’iy yaratilgan vaziyatlarga asoslangan holda ta’lim oluvchilardan tegishli muammolarning maqsadga muvofiq yechimlarini izlashni talab qilishga qaratilgan ta’lim jarayonidan iborat.

Bu metod ta’lim oluvchilarga mavzuga tegishli hayotiy vaziyatni tashxis qilish, farazlarni ifodalash, muammolarni aniqlash, qo’shimcha axborotlarni yig’ish, farazlarga aniqlik kiritish va muammolarni echish hamda ularni bajarishning aniq bosqichlarini loyihalash bo’yicha amaliy faoliyatlarini modellashtirish imkonini beradi.

Muayyan hayotiy vaziyatlarga bag’ishlangan keyslardan foydalanish ta’lim jarayonini haqiqiy hayot bilan bog’laydi. Keysni ko’rib chiqishda ta’lim oluvchilar ta’lim olish jarayonini yaratadilar. Shu jarayondagi o’zaro harakatda ularning haqiqiy fikr almashish holatlari kelib chiqadi. Keys ta’lim oluvchilarga tahlil qilish, qiyoslash yo’llarini qidirish va muammoni echish erkinligini beradi.

Keys-stadi ta’lim metodiga doir ayrim asosiy tushunchalar ta’rifi:

“Keys” va “keys-stadi” tushunchalarining ma’no-mazmuni ko’p qirrali bo’lib, shunga ko’ra quyida ularning asosiy  xususiyatlarini to’liqroq aks ettirish maqsadida ko’p variantli ta’riflari berildi.

Keys –

1) ta’lim oluvchilarning ma’lum maqsadlardagi hayotiy vazifalarni bajarishlari bo’yicha vaziyatning bayoni, uni tushunish va baholashga imkon beradigan hamda muammoni ifodalash uchun, uning maqsadga muvofiq yechimini izlashlari uchun kerak materiallar to’plami;

2) belgilangan mavzu yoki muammo va uning yechimiga doir qo’shimcha axborotlar, audio, video, elektron tashuvchilar, o’quv-uslubiy materiallar yig’indisi;

3) muammoni hal qilish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari na xulosalar.

Keys-stadi –

1) ta’lim oluvchilarni o’rganilayotgan muammoni ifodalash hamda uning maqsadga muvofiq yechimi variantlarini izlashga yo’naltiradigan aniq real yoki sun’iy ravishda yaratilgan vaziyatning muammoli-vaziyatli tahlil etilishiga asoslanadigan ta’lim metodidir.

2) ta’lim, axborot-kommunikatsiya, boshqaruv na boshqa sohalarni o’rgatishda qo’yilgan ta’lim maqsadini amalga oshirish va keysda bayon qilingan amaliy muammoli vaziyatni hal qilish jarayonida oldindan belgilangan (bashorat qilinadigan) o’quv natijalariga kafolatli erishishni vositali tarzda ta’minlaydigan, bir tartibga keltirilgan optimal usullar va vositalar majmuidan iborat bo’lgan ta’lim texnologiyasidir.

Vaziyat (lotincha situation – ahvol) – muayyan vaziyat, ahvolni hosil qiladigan shart-sharoitlar va holatlar yig’indisi. Keysda bayon qilingan vaziyat institusional tizimda (shu o’rinda va keyinchalik – korxonada) diskret (ayni shu) vaqtda tashkiliy hayotdagi tipik muammolarni qayta yaratadigan real yoki sun’iy qurilgan hodisalarning ideal tarzdagi in’ikosidan iboratdir.

Muammoli vaziyat – mazkur holda vaziyat sub’ektining hozirgi vaqtda yoki kelgusidagi maqsadlarga erishishiga xavf soladigan vaziyat tushuniladi.

Keys-stadi metodi tarixi. Keys-stadi amaliy vaziyatlarni tahlil etish va hal qilish asosida o’qitish metodi sifatida xorijiy ta’limda dastlab huquq sohasida qo’llanila boshladi: u ilk marta Garvard universitetining huquq maktabida 1870 yilda qo’llanilgan edi. 1920 yilda Garvard biznes-maktabi (GBM) o’qituvchilari yuristlarning o’qitish tajribasiga tayanib, iqtisodiy amaliyotdagi aniq vaziyatlarni tahlil etish va muhokama qilishni ta’limning asosiy usuli etib tanlashganidan keyin mazkur o’qitish uslubi keng tatbiq etila boshladi.

Ana shu vaqtdan boshlab GBM keyslarning boy to’plamini yig’di va mazkur metodni ta’limning mustaqil konstepstiyasi darajasigacha olib chiqdi. Ayni shu sababga ko’ra keys-stadi metodini ko’pincha Garvard metodi deb ham ataladi. O’z mohiyatiga ko’ra, Garvard metodi ta’lim oluvchilarning amaliy vaziyatlarni videomateriallar, kompyuter va dasturiy ta’minotdan foydalanib hal qilish bo’yicha intensiv treningidan iboratdir.

Keys-stadining ikki klassik maktabi – Garvard (Amerikada) va Manchester (Yevropada) maktablari mavjud. Garvard maktabi doirasida mazkur metod yagona to’g’ri yechimni izlashni o’rgatish metodi hisoblanib, ikkinchi maktab (Manchester) keysda bayon qilingan muammoli vaziyat yechimining ko’p variantliligini taklif qiladi. Amerika keyslari o’nlab sahifali matnni va ko’plab chizmalarni o’z ichiga oladi. Yevropa keyslari xajmi birmuncha kamroq.

Chet ellardagi biznes-maktablarda odatiy vaziyatlarni o’rganishga o’quv vaqtining o’rtacha 25% dan 90% gacha bo’lgan qismi ajratiladi. Masalan, Chikago universiteti  biznes-maktabida o’quv vaqtining 25%i keyslar ulushiga, Kolumbiya universitetida – 30%, Uortonda esa – 40% iga to’g’ri keladi. Mashg’ulotlarni ushbu metod bo’yicha o’tkazishga ajratiladigan soatlar soni bo’yicha uning  ilk ixtirochisi – Garvard yetakchilik qiladi. Oddiy tinglovchi GBMda o’qish vaqtida 700 tagacha keyslarni ko’rib chiqadi va buning uchun o’quv vaqtining 90% gacha qismini sarflaydi.

Bunda shunday aniqlik kiritish kerak: moliyaviy fanlarga ixtisoslashgan maktablarda keyslar salmog’i asosiy fanlar – menejment, marketing, axborot texnologiyalari, xodimlarni boshqarish va shu kabilardan iborat maktablardagiga nisbatan ancha kamdir.

Mamlakatimizdagi ta’lim sohasida keys-stadi, asosan, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida, ayniqsa boshqaruv sohasida qo’llaniladi. Keyingi yillarda oliy o’quv yurtlarida ham o’qituvchilarning keyslarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qiziqishi oshayotganligi kuzatilayapti.

Keys-stadi metodini ta’lim jarayonida keng tatbiq qilishning dolzarbligini belgilovchi omillar. Keys-stadini iqtisodiy oliy o’quv yurtining ta’lim amaliyotiga keng tatbiq etishning dolzarbligi va zarurligi quyidagi omillar bilan bog’liq:

Birinchidan, mamlakatdagi iqtisodiy ta’limning umumiy yo’nalishi, uning nafaqat ta’lim oluvchilarda aniq bilimlarni shakllantirishga, shu bilan birga, tinglovchilarda fikrlash faoliyati, nazariy bilimlarini amalda qo’llashga tayyorlik va bunga qobillikni rivojlantirish, bo’lg’usi mutaxassislarda mustaqillik va tashabbuskorlik, boshqaruv va iqtisodiyotdagi tadqiqotlarning turli jihatlari bilan bog’liq keng doiradagi masalalarni idrok etish qobiliyatini ravnaq toptirishga yo’naltirilganligi bilan bog’liq. «Insonning qo’liga baliqni tutqazsang – u bir kun qorni to’q yuradi, mabodo insonni baliq tutishga o’rgatsang – u butun umri davomida ochlik nimaligini bilmaydi» – xitoylik donishmandlarda shunday hikmatli gap bor. Auditoriya sharoitlaridayoq boshqaruvchilik yechimlarini qabul qilishga doir malaka va ko’nikmalar egallanmasa, keyinchalik yaxshi boshqaruvchi bo’lib chiqish mumkin emas.

Kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun o’zining boshqarish siyosatini ishlab chiqishga tinglovchilar korxonada va umuman iqtisodiyotda vujudga keladigan turli xil vaziyatlarni tahlil etish malakalari va ko’nikmalarini egallashi, tahlil qila bilish qobiliyatini o’stirishi, boshqaruvchiga xos xususiyatlarni orttirishlari zarur.

«Maslahat berish mumkin, lekin bunday maslahatdan foydalanishga o’rgatish mumkin emasligi» haqiqatdir. O’rganib olgach omadli iqtisodchi, moliyachi yoki menejerga aylanib olishga imkon beradigan qandaydir yagona, universal uslub yoki usul mavjud emas.

Tinglovchilarning keyslarni ishlab chiqish texnologiyalarini o’zlashtirishi, keysda taqdim qilinadigan amaliy muammoli vaziyatlarni tahlil etish, yakka tartibda va jamoa bo’lib ularni optimal hal qilish yo’llarini izlash malakalarini egallashi, bo’lg’usi mutaxassisda funkstional vakolatlilikni shakllantirish

  • kasbiy faoliyatda o’zining boshqarish va tashkil qilish texnologiyalarini loyihalashtirish, kasbiy jarayon mantiqini qurish usullari, shuningdek, kasbiy vazifalarni mustaqil va mobil tarzda hal etish usullarini hosil qilishga yordam beradi.

Ikkinchidan, bozor iqtisodiyotining nostandart vaziyatlarda bir tizimli asosda va samarali harakat qilish, oqilona yechimlarni qabul qilish qobiliyatini egallagan mutaxassislarga muhtojligi

  • Keysda har xil hayotiy vaziyatlar bayoni beriladi va ularning oqibatlari xususida mushohada yuritish yoki qatnashchilar harakatlarining samaradorligini baholash yoxud muammoni hal etish usullarini taklif qilish talab etiladi. Lekin har qanday holatda ham amaliy harakat modeli ustida ishlash ta’lim oluvchilar – bo’lg’usi mutaxassislarda mehnat bozori talab qiladigan kasbiy jihatdan muhim xususiyatlarni shakllantirishning samarali vositasi hisoblanadi.

Uchinchidan, jahon tajribasi ko’rsatib turganidek, keys-stadi tinglovchilarda ijtimoiy yetuklikni rivojlantirish, o’qishga qiziqish va motivlarni hosil qilish, ularni haqiqiy professionallar sifatida yetishtirishga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Keys-stadining bo’lg’usi mutaxassis shaxsining kasbiy va ijtimoiy jihatdan muhim fazilatlarini shakllantirishga ta’sir ko’rsatadigan usullari va vositalari, bizningcha, quyidagi 6-jadvalda ishonarli tarzda aks ettirilgan.

  • 6-jadval
  • Keys-stadining shaxsiy fazilatlarni shakllantirishga ta’sir ko’rsatadigan usul va vositalari
Mutaxassis fazilatlari Keys-stadining usul va vositalari
Mavhum sharoitlarda vaziyatni his etish va adekvat baholash, oqilona yechimlarni topish qobiliyati. Vaziyat sub’ektining fazilatlari va kamchiliklarini taqqoslash va baholash, vaziyatning rivojlanish mantiqini ajratib olish, muammoning oqilona yechimini izlash.
Bir tizimli fikrlash, mulohazakorlik, bozor vaziyatidagi parametrlar va o’zaro aloqalarni tushunish. Vaziyat xususida har tomonlama fikr yuritish, uni maqsadli tahlil etish, sub’ektlarni ularning tuzilmaviy-funkstional ifodasida yaxlitligicha idrok etish.
Mustaqillik va tashabbuskorlik. Mavhumlik sharoitida vaziyatlar tahlili, oqilona yechimni ishlab chiqishda o’qituvchi tomonidan rag’batlantiriladigan va qo’llab-quvvatlanadigan mustaqillik va faollik.
O’zgarishlarga tayyorlik, moslashuvchanlik. Muntazam o’zgarib turadigan vaziyatlarda optimal fe’l-atvorning ishlab chiqilishi.
Amaliy yo’nalganlik. Muammoli vaziyatning hal etilishida nisbatan amaliy natijaga erishish uchun doimiy izlanish.
Axborotlar bilan ishlash mahorati. Doimiy ravishda asosiy axborotni izlash va tanlash, uni tuzilmalarga ajratish, yana qayta tuzilmalash, uni tahlil etish, tasniflash, bir taqdimot shaklidan boshkacha shaklga o’tkazish, o’zaro axborotlar almashish.
Kommunikativlik,empatiya. Muammoli vaziyat yechimi va uning maqsadga muvofiq tarzda hal etilishini tanlash yuzasidan o’z pozistiyasini har doim aniq bildirish, dalillash va o’zining nuqtai nazarini himoya qilish; keys bilan guruh bo’lib ishlash, munozaralar va o’z fikrini o’tkazish paytida jamoaning oshkora muloqot va axborot almashish, adolatli, konstruktiv va taktikali tanqidga hamda uni qabul qilishga, birgalikdagi faoliyatda ishonchga va hamfikrlilikka asoslangan bahamjihat harakat.
Muammoli, mantiqiy fikrlash. Muamoning izlanishi va ifodalanishi hamda uning asosiy tavsifnomalari belgilanishi, uni hal etish usullari va vositalarining asoslanishi.
Konstruktivlik. Muammoni hal etish modelining ishlab chiqilishi, konstruktiv yechimlarning izlanishi va ifodalanishi.
Nazokatlilik. Jamoaning o’z fikrini o’tkazish, munozaralar, guruh bo’lib ishlashga asoslangan doimiy bahamjihat harakati.

Va, nihoyat, keys-stadi interfaol metod bo’lgani sababli tinglovchilar tomonidan unga nisbatan ijobiy munosabat bo’lishiga erishiladi, ular ushbu metodnini o’quv axborotini o’zlashtirish va undan foydalanish yuzasidan amaliy ko’nikmalarni ta’minlaydigan amaliy qo’llanma (praktikum) sifatida qabul qiladilar.

Keys-stadi metodining umumiy tavsifnomasi bu metodning mohiyati, belgilari va didaktik o’ziga xos xususiyatlarini o’z ichiga oladi. Ularni qisqacha ko’rib chiqamiz.

Keys-stadining mohiyati shundan iboratki, ko’rib chiqilayotgai muammoli vaziyat bo’yicha maslahatchilar rolini bajarishi kerak bo’lgan tinglovchilarga quyidagilar taklif qilinadi:

  • keysda bayon qilinganida ayni bir paytda tashkiliy hayotdagi tipik amaliy muammoni aks ettiradigan va amaliyotda ushbu muammoning hal etilishida o’zlashtirilishi va qo’llanilishi lozim bo’ladigan muayyan bilimlar majmuini dolzarblashtiradigan vaziyatni idrok etish va tahlildan o’tkazish;
  • muammoli vaziyatni maqsadga muvofiq tarzda hal etadigan usullar va vositalarni izlash;
  • taklif etilgan muqobil jihat(alternativ)larni baholash va ular orasidan qo’yilgan muammoga nisbatan eng qulay variantini tanlash;
  • tanlangan muqobil usul (alternativ)ni amalga oshirish bo’yicha aniq; yechimni butun tafsilotlari bilan ishlab chiqish.

Keys-stadining mohiyatli belgilarini quyidagicha ifodalanadi:

  1. Asosiy parametrlari bo’yicha muayyan diskret vaqtda ishlarning real ahvolini yana qayta tiklaydigan vaziyat shaklidagi holatda taqdim etilgan institustional tizim modelining mavjudligi.
  2. Berilgan vaziyatning muammoliligi.
  3. Vaziyatning to’liq chizmaiy emasligi va buning oqibati sifatida, unda mustaqil, qolipn bo’lmagan yechimlarni talab qiladigan mavhumlikning mavjudligi.
  4. Yechimlarning ko’plab muqobil jihat (al’ternativ)larga egaligi har bir qatnashchi o’zining bilimi, tajribasi va sezgi(intuistiya)sidan kelib chiqib o’z variantini taklif qiladi.
  5. Muammoli vaziyat optimal yechimining yakka tartibda, so’ngra jamoa bo’lib ishlab chiqilishi va ommaviy taqdim etilishi (shuningdek, keys bilan mutlaqo yakka tartibda ishlashga va natijalarni yakka tartibda taqdim etishga ham yo’l qo’yiladi).
  6. Muammoli vaziyat tahlili va uning yechimini ishlab chiqishdagi yagona maqsad.
  7. Faoliyat natijalarini guruh bo’lib baholash tizimi.
  8. Ta’lim oluvchilarda boshqariladigan hissiy (emostional) keskinlikning mavjud bo’lishi.
  9. O’qituvchi va tinglovchi ta’lim jarayonida ayni bir paytda ham mas’ul, ham erkin bo’ladi:
  • O’qituvchi keysning tayyorlanishi va uning o’quv-uslubiy ta’minoti, shuningdek, undan samarali foydalanish uchun mas’uldir.
  • Tinglovchi mashg’ulotga tayyorlanish va keys bo’yicha o’quv topshiriqlarini samarali bajarish uchun mas’ul, ayni paytda u muammoli vaziyatni tahlil etish natijasida yechimlar va xulosalarni ishlab chiqish borasida erkin ish tutadi.
  • Tinglovchi o’quv sharoitida muammoli vaziyatni tahlil etish va hal qilishda xatoga yo’l qo’yishi mumkin, lekin u real hayotda qabul qilinadigan noto’g’ri yechim uchun mas’uliyat hissini sezishi kerak.
  1. Ta’lim natijalarini rejalashtirish va ularga erishishda ta’limdagi oshkoralik bilan qat’iyatlilikning qo’shib olib borilishi.

Keys-stadi ta’lim metodi sifatida quyidagi didaktik o’ziga xos xususiyatlarga ega:

  • Keysda taqdim etilgan aniq vaziyat ta’limning voqelik bilan o’zaro aloqasini ta’minlaydi, chunki u kelgusidagi kasbiy faoliyat uchun tipik muammolarni aks ettiradi. Bunda o’rganish jarayoni o’z mohiyatiga ko’ra, real hayotdagi yechim qabul qilish mexanizmini ifodalaydi.
  • Keys undan foydalanuvchiga muammolarni tahlil etish, bir xillashtirish va hal qilish yo’llarini izlashda erkinlik beradi.
  • Keysni ko’rib chiqishda tinglovchilar ta’lim jarayonining tashkilotchilariga aylanadilar va bir-birlari bilan o’zaro bahamjihat harakat qilish orqali real kommunikastion holatlarni ifodalashadi (masalan, bank-korxona).
  • Ta’lim oluvchilar aniq vaziyatni ko’rib chiqish jarayonida muayyan umumlashgan, konsteptual tusga ega bilimni shakllantirishga muvaffaq bo’ladilar va ayni bir paytda oddiy umumlashtirish malakalarini orttiradilar.
  • Amaliy vaziyatlarga asoslangan mashg’ulotlar nazariy tayyorgarlik davrida olingan bilimlar, shuningdek tinglovchilarning o’z malaka va mahoratlaridan foydalanish va amalda qo’llanishga yo’naltiriladi.
  • Keys bilan ishlash natijalarining ommaviy taqdim etilishi taqdimotlar o’tkazish va matbuot anjumanlarida qatnashish: axborotni lo’nda, mantiqan va ko’rgazmali tarzda taqdim etish, savolni ifodalay bilish va javobni dalillash malakalarini hosil qilishga ko’maklashadi.
  • Keys-stadi ta’limning boshqa metodlaridan farqli ravishda nafaqat ta’lim berish va trening, shu bilan birga diagnostik nazoratchilik funkstiyalarini ham bajaradi.

Tinglovchi imtihon oldidan keysni olishi- uni hal qilishi va amaliy vaziyat tahlilini hamda uni hal qilishga doir takliflarini yozma ish shaklida taqdim etishi mumkin.

Keys tinglovchilarga bevosita imtihon paytida taklif qilinishi ham mumkin. Lekin bunday holda u ancha qisqa bo’lishi, maqsadlari esa ularni tinglovchi belgilangan vaqt davomida hal qilishga ulguradigan holatda bo’lishi kerak.

Tinglovchilarning o’quv fani bo’yicha auditoriyadan tashqarida bajariladigan mustaqil ishi keyslar turkumining yechimini o’z ichiga olishi mumkin. Natijalarning grafikka binoan yozma taqdim etilishi (muddatlar o’quv rejasi va ta’lim dasturiga muvofiq belgilanadi) o’quv axborotlarining o’zlashtirilishi, ushbu kurs bo’yicha davlat ta’lim standartlari (DTS)ga ko’ra nazarda tutilgan malaka va ko’nikmalarni tezkor nazorat qilish va baholashga imkon beradi.

KEYSLAR TIPOLOGIYASI. Keyslar uchun ular juda ko’p turli ekanligi xosdir. Keyslarning turlari bo’yicha tasniflanishi 7-jadvalda ko’rsatilgan.

7-jadval

Keyslar turlarini tasniflash jadvali

Tipologik belgilari Keys turi
Asosiy manbalari 1. Tabiiy sharoitdagi

2. Kabinetdagi

3.  Ilmiy-tadqiqotchilikdagi

Syujet mavjudligi 1. Syujetli

2.  Syujetsiz

Vaziyat bayonining vaqtdagi izchilligi 1. O’tmishdan hozirgi kelish rejimidagi keys

2. Vaqt orqaga qaytariladigan keys-xotira

3. Bashorat keysi

Keys ob’ekti 1. Shaxsiy

2.  Tashkiliy-institustional

3.  Ko’p sub’ektli

Materialni taqdim etish usuli 1. Hikoya

2.  Esse

3.  Tahliliy yozishma

4.  Jurnalist tergovi

5.  Hisobot

6.  Ocherk

7.  Faktlar majmui

8.  Statistik materiallar majmui

9.  Xujjatlar va ishlab chiqarish namunalari majmui

Hajmi 1. Qisqa (lo’nda)

2.  O’rtacha miqdordagi

3.  Katta (uzun)

Tuzilmaviy o’ziga xos xususiyatlari 1. Tuzilmalangan

2.  Tuzilmalanmagan

O’quv topshirig’ini taqdim etish usuli 1. Savolli

2.  Keys-topshiriq

Didaktik maqsadlari 1. Muammo, yechim yoki konstepstiyani  izohlash

2.  Treningli, o’quv rejasidagi fan bo’yicha malaka va ko’nikmalar orttirishga mo’ljallangan

3.  Tahlil va baholashga o’rgatuvchi

4.  Muammoni ajratish va yechish, boshqaruvchilik qarorlari qabul qilishga o’rgatuvchi

5.  Vaziyat sub’ekti rivojining yangi strategiyalari va yo’llari, yangicha baholash uslublari va shu kabilarni ishlab chiqishga rag’batlantiruvchi

Rasmiylashtirish usuli 1. Bosma

2.  Elektron

3.  Video-keys

4.  Audio-keys

5.  Multimedia-keys

Keysologning (shu o’rinda va keyinchalik – keysni ishlab chiquvchi) vazifasi keys turining qo’yilgan didaktik maqsadlarni optimal amalga oshirishga imkon beradigan o’ziga xos xususiyatlarini tanlash va qo’llashdan iborat.

Keyslarning turli manbalari. Keys intellektual mahsulot sifatida o’z manbalariga egadir. Ularni sxematik tarzda quyidagicha aks ettirish mumkin:

 INTELLEKTUAL MAHSULOT SIFATIDAGI KEYSNING ASOSIY MANBALARI

Sosium keyslarning manbaidir, degan fikr hech kimda shubha tug’dirmasligi aniq. Faqat uning keysning mazmuni va shaklini qay darajada oldindan belgilab berishi mumkinligi haqida turlicha fikrlar bo’lishi mumkin. Ijtimoiy hayot butun turli-tumanligi bilan keys syujeti, muammolari va faktologik bazasining manbai bo’ladi.

Ta’lim va tarbiyaning keysda jamlangan maqsadlari va vazifalari, shuningdek ta’lim texnologiyasini belgilaydigan ta’lim keysning yana bir manbaidir.

Fan keysning uchinchi manbaidir. U tahliliy faoliyat va bir tizimli yondashuv bilan belgilanadigan ikkita asosiy metodologiyani, shuningdek, keysni hal etish jarayonida qo’llaniladigan boshqa ilmiy uslublarni yaratib beradi.

…-sxemada keys determinastiyasi asosiy manbalarining o’zaro nisbati bir xilda va teng tomonli uchburchak sifatida taqdim etilgan. Bu barcha manbalarning teng ahamiyatli ekanligining ideal va ancha kam uchraydigan holati – determinantdir. Keyslarni qurishning real amaliyotida bunday holat ancha kam uchraydi. Ko’pincha manbalardan birining ustunlik qilishi kuzatiladi. Sxema shaklida olganda manba rolini uchburchak burchagining kattaligi tarzida tasavvur etish mumkin. Bunda burchak qanchalik to’mtoqroq bo’lsa, tegishli manba ta’siri shunchalik ko’proq bo’ladi. O’tkir qirralar tegishlicha manbaning minimal ta’sirini aks ettiradi.

Ushbu yondashuv keyslarni asosiy manbalari bo’yicha tasniflashga asos bo’lishi mumkin. Bu erda quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:

  • hayotiy keyslar – mutlaqo real hayotiy vaziyatlarni aks ettiradi;
  • kabinetdagi keyslar – keysolog modellashtirgan amaliy vaziyatni o’z ichiga oladi;
  • ilmiy-tadqiqotchilik keyslari – tadqiqotchilik faoliyatini amalga oshirishga yo’naltirilgan.

Hayotiy keysning asosiy vazifasi hayotiy vaziyatni batafsil va to’liq aks ettirishdan iborat. O’z mohiyatiga ko’ra, bunday keys vaziyatning amaliy, ya’ni «harakatdagi» modelini yaratadi. Bunda bunday keysning o’quv maqsadi ta’lim oluvchilar treningi, ushbu vaziyatdagi bilimlar, qobiliyatlar va fe’l-atvor (qarorlar qabul qilish) ko’nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo’ladi. Bunday keyslar maksimal ko’rgazmali va batafsil bo’lishi kerak. Ularning asosiy mazmuni hayotni bilish va optimal faoliyatga doir qobiliyatlarni hosil qilishdir.

Garchi har bir keys ta’lim beruvchi funkstiyani bajarsa-da, lekin ularning barcha qirralarining turli keyslarda aks etishi darajasi turlichadir. Ko’proq ta’lim beruvchi funkstiyani bajaradigan, hayotni biroz boshqacharoq aks etgiradigan keys kabinetdagi keys deyiladi.

Birinchidan, u hayotda ko’proq uchraydigan va mutaxassis o’zining kasbiy faoliyatida duch keladigan tipovoy vaziyatlarni aks ettiradi. Ikkinchidan, ta’lim beruvchi keysda o’quv topshiriqlari birinchi o’rinda turadiki, bu unda aks etadigan hayotning ancha shartlilik elementiga ega bo’lishini oldindan belgilaydi. Bu erdagi vaziyat, muammo va syujet hayotda bo’ladigani kabi tus kasb etadi. Ular sun’iyligi bilan tavsiflanadi va eng muhim va haqiqiy hayotiy detallar konglomeratidan iborat bo’ladi. Bunday keys vaziyatlardagi tipiklikni ko’rishga imkon beradi va ta’lim oluvchida vaziyatni amaliyotdagi shunga o’xshagan variantni qo’llash orqali tahlil qilish qobiliyatini shakllantirib boradi.

Ilmiy-tadqiqotchilik keysi uchun ham shunday xususiyatlar xosdir. Uning asosiy mazmuni shundaki, u vaziyat va undagi fe’l- atvor haqidagi yangi bilimni olish uchun model bo’lib xizmat qiladi. Uning ta’lim beruvchi funkstiyasi modellashtirish uslubini qo’llash orqali ilmiy tadqiqotchilik malakalarini shakllantirishdan iborat. Ushbu keys tadqiqotchilik modelini yaratish tamoyillari bo’yicha quriladi. Shuning uchun uni ko’proq magistraturada, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi ta’limda qo’llash ma’kuldir.

Bunday keysda tadqiqotchilik funkstiyasining ustunlik qilishi uni ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatida ancha samarali qo’llashga imkon beradi.

Keysning yuqorida ajratib ko’rsatilgan manbalarinn asosiy, bazaviy yoki birlamchi manbalar deb atash lozim, chunki ular keyslarga ta’sir ko’rsatishning eng mohiyatli omillarini belgilaydi.

Keyslarni shakllantirishning ikkilamchi manbalarini ham ajratib ko’rsatiladi. Ular bazaviy manbalardan hosil bo’ladigan tusga egadir. Quyida ularga to’xtalamiz.

  1. Xorijiy tajribalardan ko’rinib turganidek, mahsulotlari tinglovchilar uchun muayyan shaxsiy ahamiyat kasb etadigan korxonalar faoliyati ko’rib chiqilgan ida yoki axborot «mahalliy» materialga asoslanganida keyslar muhokamasi ancha mazmunli va qiziqarli kechadi. Lekin bu keyslarda faqat mamlakatdagi korxonalar tajribasi yoritilishi kerakligini bildirmaydi. Bunda u yoki boshqa sifati bilan milliy bozorda mavjud bo’ladigan korxonalar va tovarlar yoki xizmatlar nazarda tutilayapti.

Agar tinglovchilar keyslarda bayon qilingan hodisalar bilan bog’liq bo’lgan muhit va sohani yaxshi bilsalar, ular o’zlarini ancha ishonchliroq his etadilar. Ularning, masalan, amerikalik yoki boshqa xorijiy iste’molchilar fe’l-atvori va motivlarini muhokama qilishi ancha qiyin kechadi. O’qituvchi ham o’zi sub’ektini yaxshi biladigan keys muhokamasiga mohirona rahbarlik qiladi. Har qanday holda ham bunday keyslar muhokamasida korxona — keys ob’ekti vakilini taklif qilishdek noyob imkoniyat mavjud bo’ladi.

  1. Statistik materialpar, bozor ahvoli haqidagi ma’lumotlar, korxonaning        ijtimoiy-iqtisodiy tavsifnomalari va shu kabilar keysga ilmiylik va oddiylik baxsh etadi. Bunda mazkur materiallar vaziyatni tashxis qilish vositasi rolini bajarishi, vaziyatni tushunish uchun juda muhim bo’lgan ko’rsatkichlar hisob-kitobi uchun axborot vazifasini o’tashi mumkin.

Statistik materiallardan foydalanishda tinglovchi bu materiallarni idrok etishi, quyidagi kabi bir nechta savollarga javob berishi kerak: «Ushbu materiallar vaziyatni tavsiflashda qanday rol o’ynaydi?», «Materiallarning o’zidagi qaysi narsalar vaziyatni bevosita tavsiflaydi?», «Bunday tavsifnomalar qanday hisoblab chiqiladi yoki ajratib ko’rsatiladi?» va hokazo.

Statistik materiallar keys matnida yoki ilovada joylashtiriladi. Ilmiy manbalar, publististika va badiiy adabiyot asarlari -bular ham keysni yozish uchun yana bir manbadir. U yoki boshqa muammoga bag’ishlangan ilmiy maqolalar, monografiyalar va ilmiy hisobotlarni tahlil etish orqali ham keys uchun yaxshi materiallarni olish mumkin. Yaxshi ilmiy maqola odatda, kandaydir masalani teran tushuntirishi bilan tavsiflansa, ilmiy monografiya tadqiqot predmetining bir tizimli, har yumonlama tavsifnomasini beradi. Ilmiy hisobotning o’ziga xos xususiyati esa, materialning dolzarbligi va yangiligidadir. Bunday fan mahsulotlari har doim ham vaziyatni bayon qilavermaydi va izohlab bermaydi. Shuning uchun ularni keysolog vaziyat nuqtai nazaridan maxsus mushohadadan o’tkazishi kerak bo’ladi.

Eng qiziqarli ilmiy maqolalar keys-stadi metodida ikkita funkstiyani bajarishi mumkin. Birinchisi shundan iboratki, ilmiy maqolalar va ularning qismlari ularni matnga kiritish orqali keyslarning tarkibiy qismiga aylanishi mumkin, ikkinchysi shundaki, ular keysni tushunish uchun zarur adabiyotlar ruyxatiga kushilishi mumkin.

Agar ilmiy manbalar keysga kat’iylik va oddiylik bersa, unda publististika va badiiy adabiyot asarlari emostional to’liqlik va predmetli izohlilikni yaratadi.

  1. Internet va uning resurslari – keyslar uchun tuganmas material manbaidir. Ushbu manba keng miqyosliligi, tezkorligi, qulayligi bilan ajralib turadi.

Keyslarning syujetliligi bo’yicha turlari. Syujet mavjudligiga qarab keyslar:

-syujetli;

-syujetsiz bo’ladi.

Syujetli keys, odatda, bo’lib o’tgan voqealar haqidagi hikoyani, shaxslar va korxonalar harakatlarini o’z ichiga oladi.

Syujetsiz keys, odatda, yaqqol ifodalangan syujetga ega bo’lmaydi, chunki syujetning aniq ifodasi ko’p jihatdan yechimni ochib beradi. Sirtdan qaraganda vaziyat tashxisiga, syujetni yana qayta tiklashga yordam berishi kerak bo’lgan statistik materiallar, hisob-kitoblar, ishlanmalar majmuidan iborat bo’ladi.

Keysda bayon qilingan vaziyat syujetining vaqtdagi izchilligi bo’yicha keysning turlari. Keysda bayon qilinadigan vaziyat syujetining vaqtdagi izchilligi ham keysning tasnifiy o’ziga xos xususiyatlariga o’z ta’sirini o’tkazadi. Ushbu belgiga ko’ra keyslarning uch turini farqlashadi:

  • O’tmishdan hozirgi kelish rejimidagi keys;
  • Vaqt orqaga qaytariladigan keys-xotira;
  • Bashorat keys.

O’tmishdan hozirga kelish rejimidagi keys bayon qilinadigan hodisalarning vaqtdagi tabiiy izchilligi bilan tavsiflanadi, sabab-oqibatli aloqalarni yaxshi aniqlashga imkon beradi.

Vaqt orqaga qaytariladigan keys-xotirada vaqt orqaga qaytariladi: unda harakat qiluvchi shaxslar nimalarnidir eslashadi, xotiraning o’zi uzuk-yuluq, ko’pincha bir tizimsiz va fragmentar bo’ladiki, bu vaqt zanjirini qayta tiklashni qiyinlashtiradi. O’z mohiyatiga ko’ra, keys tahlili vaziyat rekonstrukstiyasi, uning biror-bir bilish paradigmasi jihatidan idrok qilinishidan iborat bo’ladi.

Bashorat keys yaqin o’tmishdagi va hozirgi voqealarning ancha batafsil bayonini beradi, undagi ob’ektning kelgusidagi holatining eng yaxshi variantini ishlab chiqish vazifasini qo’yadi.

Vaziyat ob’ektiga qarab keyslar turlari. Vaziyat ob’ektiga qarab keyslar shartli ravishda uch guruhga bo’linadi:

  • Shaxslarga oid keys, unda aniq sub’ektlar: menejerlar, siyosatchilar, rahbarlar amal qiladilar.
  • Tashkiliy-institustional keys – uning ob’ekti institustional tizimlar: tashkilotlar, firmalar, kompaniyalar, korxonalar va ular bo’linmalari bo’lishi bilan farqlanadi.
  • Ko’p ob’ektli keys – odatda bir nechta harakat qiluvchi ob’ektlarni o’z ichiga oladi.

Materialni bayon qilish usuliga ko’ra keyslar turlari. Materiallarni etkazishning janrga xos xususiyatlariga qarab keys quyidagi turlardan biri shaklida taqdim etilishi mumkin:

  • hikoya;
  • esse;
  • tahliliy yozishma;
  • jurnalist tergovi;
  • hisobot;
  • ocherk;
  • faktlar majmui;
  • statistik materiallar majmui;
  • xujjatlar va ishlab chiqarish namunalari majmui.

Kattaligiga qarab keyslar turlari. Keyslar kattaligiga qarab uch turli bo’ladi:

  • qisqa(lo’nda)keys;
  • O’rtacha miqdordagi keys;
  • katta (uzun) keys.

Keysning kattaligi uning hajmiga bog’liq bo’ladi va uni tahlil etish uchun zarur o’quv vaqtini belgilaydi.

Qisqa keys – shuningdek «yevropacha», qisqa keys deb ham ataladi. Uning hajmi bir necha jumladan bir-ikki sahifagacha bo’ladi. Uning yechimi ikki soatlik amaliy mashg’ulotning bir qismini band qilishga mo’ljallangan,

O’rtacha miqdordagi keys – uning ko’rib chiqilishi odatda ikki soatlik mashg’ulotni band qiladi.

Katta keys («amerikacha», uzun) – o’nlab sahifalarni o’z ichiga oladi, bir necha amaliy mashg’ulotlar davomida va hatto butun o’quv kursi mobaynida qo’llanilishi mumkin.

Tarkibiy tuzilishi bo’yicha keyslar turlari. Tuzilmaviy xususiyatlariga qarab keyslarning ikki turi farqlanadi:

  • tuzilmaga keltirilgan;
  • tuzilmaga keltirilmagan.

Tuzilmali keys o’zining tuzilmali shakli jihatidan vaziyatning idrok etilishi va fikrlanishini engillashtiradigan axborotni o’z ichiga oladi.

Tuzilmaga ega bo’lmagan keys, odatda, muammoni batafsil (ba’zan, hatto haddan ortiq tafsilotlari bilan) yoritadigan katta hajmdagi tuzilmalanmagan axborotni o’z ichiga oladi.

O’quv topshirig’ini taqdim etish usuliga ko’ra testlar turlari. Ushbu tasniflash asosiga ko’ra keyslar ikki turda bo’ladi:

  • Savolli keys – uning echilishida tinglovchilar vaziyat bayon qilinganidan keyin qo’yiladigan savollarga javob berishi kerak.
  • Keys-topshiriq – keysni hal qilish jarayonida bajarilishi lozim bo’lgan vazifa yoki topshiriq, odatda vaziyat bayonigacha qo’yiladi.

Didaktik maqsadlariga ko’ra keyslar turlari. Ushbu tasniflash asosiga ko’ra keyslarning besh turi farqlanadi:

  1. Muammo, yechim yoki konsepsiyani izohlovchi keys. Taniqli va muvaffaqiyat bilan ishlaydigan korxonalar (kompaniyalar)ning uzoq muddat davomidagi ish faoliyatini bayon qiladi (maqsadlari, strategiyalari, mahsulot modifikasiyalari, turli bozorlardagi ishi va boshqalar).

Bunday keysning ta’limiy maqsadi – misol orqali o’qitish. Rejalashtiriladigan o’quv natijalari – to’g’ri qabul qilingan qarorlarni eslab kolish, taniqli va muvaffaqiyat bilan ishlaydigan korxonalar va tarmoqlarning amaliyoti bilan tanishish.

  1. Treningli, o’quv fani, mavzu bo’yicha malaka va ko’nikmalar orttirishga mo’ljallangan keys. Uning ta’limiy maqsadi – tinglovchilarga biror-bir harakatlarni bajarish algoritmini o’rgatish.

Tinglovchi quyidagilarni o’rganishi kerak: muayyan model, formula, hisob-kitob algoritmini qo’llash, berilgan odatiy vaziyatda yagona to’g’ri qarorni qabul qilish.

  1. Tahlil va baholashga o’rgatuvchi keys. Bunday keysda aniq vaqt davridagi vaziyat bayon qilingan, vaziyat sub’ekti oldida turgan muammolar aniqlangan va aniq ifodalangan bo’ladi.

Tinglovchi vaziyatni tushunishi, tahlil qilishi va baholashi, qo’yilgan muammo yuzasidan qaror qabul qilishi lozim.

  1. Muammoni ajratish va yechish, boshqaruvchilik qarorlari qabul qilishga o’rgatuvchi keys. Murakkab shaklda bayon qilingan vaziyatga ega. Muammo vaziyatga kiritiladi-yu, lekin aniq namoyon bo’lmaydi. U statistik ma’lumotlar, korxona hisobotlari, bo’linmalar rahbarlari nutqlari va shu kabilarda taqdim etilgan.

Tinglovchilar muammoni aniqlashi va ifodalashi, uni hal etish usullari va vositalarini ko’rsatishi kerak.

  1. Vaziyat sub’ekti rivojining yangi strategiyalari va yo’llari, yangicha baholash uslublari va shu kabilarni ishlab chiqishga rag’batlantiruvchi keys. Bunday keysning o’ziga xos xususiyati shundaki, boshqaruvchilik muammosi korxona faoliyatining muayyan turiga, muayyan asosiy shart-sharoitlarga bog’lab bayon qilinadi.

Tinglovchidan vaziyat sub’ektini rivojlantirishning yangi strategiyasi va yo’llarini topish talab qilinadi. Bunday keysdagi vaziyatda axborotning bir qismi bo’lmasligi mumkin. Axborotga extiyojni aniqlash va uni topish – tinglovchining yana bir vazifasidir.

Bezatish usuliga qarab keyslar turlari. Keyslar tinglovchilarga turli shaklda taqdim etilishi mumkin: bosma, elektron, video-keys, audio-keys, multimedia-keys.

O’qitish amaliyotida, odatda, bosma shakldagi va elektron tashuvchilardagi keyslar qo’llaniladi – bunday shakldagi axborot bilan ishlash audio yoki video variantlardagiga nisbatan qulay va tahlil qilish osonroq. Bundan tashqari, ko’p martalab interfaol kuchdan kechirish imkoniyatlarining cheklanganligi birlamchi axborotning buzilishi va xatolarga olib kelishi mumkin. Multimedia – keyslarning imkoniyatlari yuqorida ko’rsatilgan qiyinchiliklarning oldini olishga imkon beradi va o’zlarida matnli axborot va interaktiv video tasvir ustunliklarini mujassam etadi.

 

KEYSNI ISHLAB CHIQISH JARAYONINING PROSESSUAL TIZIMI

 Keysni ishlab chiqish modeli. Keysning yaratilish jarayoni murakkab prostessual tizimdan iborat bo’ladi. Keysni ishlab chiqish modelining umumiy sxemasi quyidagi 1-sxemada keltirilgan.

Sxemadan ko’rinib turganidek, keysning shakllantirilishiga bir qator omillar ta’sir qiladi. Ulardan asosiylari quyidagilar:

  1. O’quv fani bo’yicha Davlat ta’lim standarti (DTS)dagi keysni ishlab chiqishga asos bo’lgan ta’lim tizimi talablari – keysning fanni o’qitish tizimidagi o’rni, uning maqsadlari va o’quv natijalari, tinglovchilar keysni hal qilish uchun oldindan egallashi lozim bo’lgan bilimlarni belgilaydi.
  2. Ushbu fan bo’yicha nazariy, amaliy va didaktik talablar – ta’lim mazmuni; ta’lim maqsadlarining amalga oshirilishi va bashorat qilinadigan o’quv natijalariga erishishni ta’minlaydigan vositalar, o’qitish uslublari va shakllari, axborot-kommunikastiya va boshqaruv usullari va vositalarini; ta’lim jarayonining kechishi va natijalarini belgilaydigan qonuniyatlar, tamoyillar, koidalar va me’yorlarni belgilaydi.
  3. Sostium, institustional tizimdan iborat keys ob’ektida hamda DTSda yuz berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar – bu omillar keysga o’zgartishlarni kiritish orqali axborot ta’minotida tezkorlik bilan aks etishi kerak.
  4. Keysologning kasbiy mahorat – bu keysni bajaruvchining o’quv predmeta bo’yicha bilimlari majmui, keysni ishlab chiqish, ta’limning keys-texnologiyasini loyihalashtirish, rejalashtirish va amalga oshirish qobiliyatidan iborat bo’ladi.

Keysni ishlab chiqish jarayonining o’zi keysologning maqsadni faraz qilishidan boshlab to keysni ta’lim jarayoniga joriy etishgacha bo’lgan jami harakatlarining muayyan izchillikda amalga oshirib borilishidan iborat.

1-sxema

Keysni ishlab chiqish modelining umumiy sxemasi

Maqsadning qo’yilishi. Keysni ishlab chiqishning ushbu birinchi bosqichi quyidagi harakatlarni o’z ichiga oladi:Keysolog faoliyati mazmunini bosqichma-bosqich ko’rib chiqamiz.

  • keysning o’quv kursi tuzilmasidagi o’rnini belgilash;
  • uning ta’limiy maqsadini ifodalash (tinglovchilarni tanishtirish, keys mavzusi bo’yicha haqidagi bilimlarni shakllantirish, chuqurlashtirish, o’rgatish, malakalarni orttirish, ko’nikmalarni rivojlantirish va hokazo);
  • keysda tinglovchilarning ta’limdagi yutuqlari natijalari uchun «mas’uliyat zonasi»ni aniqlash;
  • o’zlashtirilishi, kengaytirilishi, rivojlantirilishi lozim bo’lgan bilim, malaka va ko’nikmalar ro’yxati (… ni tahlil etadi, tuzadi (biznes-reja), ishlab chiqadi (marketing strategiyasi),… ga tayyorlik, ko’nikmani namoyon etadi va hokazo);
  • yechimi tinglovchilarning mo’ljallangan o’quv natijalariga erishishini ta’minlaydigan pedagogik vazifalarning belgilanishi (… ni o’rgatish, … ni bir tizimga solish, … ni tushuntirish va hokazo).

Tinglovchi – keysologning aniq va bir xilda ifodalangan ta’limiy maqsadlari, o’quv natijalari va vazifalari vaziyatga doir mashqni «qurish» uchun asos bo’ladi.

Muammoning ifodalanishi. Muammo qandaydir harakatlar qilish uchun etilgan zarurat bilan uni amalga oshirish uchun shart- sharoitlar etishmasligi o’rtasidagi ziddiyatning amal qilishi va ifodalanishi shaklidan iboratligi sababli muammoning ifodalanishi ana shu ziddiyatni belgilash, so’ngra uning asosiy tarkibiy qismlari – muammo tuzilmasini (kichik muammolarni) belgilashni nazarda tutadi.

Keys dasturiy kartasining qurilishi. Keys dasturiy kartasining qurilishi keysni ishlab chiqishning eng muhim bosqichlaridan biri. Keysning dasturiy kartasi keys uchun axborot yig’ish va vaziyatni bayon qilish uchun asos bo’ladigan asosiy masalalar (tezislar)ning tuzilmalangan ro’yxatidan iborat bo’ladi.

Quyida keltirilgan misoldagi keysning dasturiy kartasi savollar shaklida ishlab chiqilgan. Bu tinglovchi – keysologning axborot yig’ishi, shu jumladan, intervyu shaklida yig’ishi va uni baen qilishi vazifasini engillashtiradi.

Institusional tizimning izlanishi, tanlanishi. Keysni ishlab chiqishning ushbu bosqichiga kirishishdan oldin keysolog quyidagi qarorlarni qabul qiladi:

  • Keysning qanday (hayotiylik, kabinetli yoki ilmiy- tadqiqotchilik) tusida bo’lishini belgilash.
  • Keys ob’ekti kimlar, nimalar (muayyan shaxs (shaxslar) yoki korxona yoxud ko’p ob’ektli) bo’lishini belgilash.

Faqat shundan keyin keysni ishlab chiquvchi tegishli institustional tizimni tanlaydi (kabinetli keys uchun) yoki topadi (hayotiy yoki ilmiy-tadqiqotchilik keysi uchun).

Institusional tizim – keysologning keys dasturiy kartasini amalga oshirishiga bevosita daxldor bo’lgan ob’ektdir.

Ular quyidagilar bo’lishi mumkin:

  • firma;
  • tashkilot;
  • korxona va hokazo.

Axborot yig’ish usullari va vositalarining tanlanishi.

Keys uchun axborot yig’ish usullari sifatida quyidagilar tanlanishi mumkin: intervyu, suhbat, o’rganish (arxiv xujjatlari, hisobotlarni),kuzatuv va hokazo.

Quyidagilar axborot yig’ish vositasi bo’lib xizmat qilishi mumkin: so’rovnoma varag’i, intervyu olish varag’i, anketa, har xil jadvallar, me’yoriy xujjatlar, ilmiy maqola, monografiya, OAV materiallari va boshqa manbalar bilan ishlash usullari.

Axborot yig’ish. Keysga asos bo’ladigan axborotlarni izlash va yig’ish uni yozishdagi muhim muammodir. Quyidagilar axborot manbalari bo’lishi mumkin.

  • statistik materiallar, hisobotlar;
  • vaziyat ob’ekti faoliyati haqidagi ma’lumotnomalar, axborotlar, prospektlar va boshqa ma’lumotlar;
  • Internet;
  • ommaviy axborot vositalari;
  • korxonaning raqobatchilari, ularning ta’minotchilari va iste’molchilari, tarmoqdagi ekspertlar yoki turli investistion fondlar tahlilchilari bilan muloqot;
  • tinglovchilarning o’quv va diplom loyihalari, magistrlik dissertastiyalari;
  • ilmiy maqolalar, monografiyalar va boshqalar.

 

Vaziyat. Vaziyat – keysning asosiy tuzilmaviy komponenti hisoblanadi.

Keysda bayon qilingan vaziyat korxonaga shu paytda hal qiluvchi ta’sir ko’rsatadigan parametrlar, o’zgaruvchan omillarning aniq turkumi shaklida ifodalanadi. Boshqacha aytganda, u vaziyat ob’ekti haqidagi relevant (muammoni hal etish uchun muhim) ma’lumotlar ro’yxatidan iborat bo’ladi.

Vaziyat mazmuni tinglovchilarning kelgusidagi faoliyati uchun xos bo’lgan ishlab turgan korxonalar yoki modellashtirilgan korxonalarning hayotidagi real voqealarga asoslanadi.

Muvaffaqiyatli vaziyatli mashqlar turli ishtirokchilar o’rtasidagi suhbatlarni o’z ichiga olishi mumkin, tinglovchilar (keysdan foydalanuvchilar) vaziyatning realligini his etishlariga yordam beradigan boshqa publististik usullar va vositalar ham ishlatiladi.

Vaziyatning keysdagi bayoni va uning axborot ta’minoti quyidagilarga ko’ra turlicha bo’lishi mumkin:

  • xajmiga ko’ra: bir necha jumladan tortib, to yuzlab sahifali matngacha;
  • detallashtirish darajasi va axborotga boyligiga ko’ra: tahlil predmetiga bevosita tegishli bo’lmagan axborotning mavjud bo’lishi yoki, aksincha, vaziyat elementlaridan biri haqidagi axborotning bo’lmasligi ham mumkin.

Keysning mavzusi va maqsadiga qarab vaziyatda sheriklar, raqiblar va (yoki) vaziyat sub’ekti birgalikda faoliyat yuritadigan boshqa harakat qiluvchi shaxslar, vaziyat amal qilishi va o’zgarigaiga asos bo’ladigan shart-sharoitlar haqidagi ma’lumotlar ham bo’lishi mumkin.

Vaziyatning bayon qilinishida ishlatilgan to’ldiruvchi materiallar, bir tomondan, keysdan foydalanuvchilarni uni hal etish uchun zarur muayyan tuzilmaga keltirilgan axborot bilan ta’minlaydi, boshqa tomondan esa, vaziyatning ko’rgazmali axborotli negizini tashkil etadi.

Vaziyat modelining qurilishi. Keysologning keysni ishlab chiqish bo’yicha faoliyatining ushbu bosqichidagi mazmunini uning quyidagi qarorlari belgilaydi:

  • Keys qanday bo’ladi: syujetli yoki syujetsiz?
  • Keysdagi voqealar axborotni bayon qilishning vaqt bo’yicha izchilligi o’tmishdan hozirgi keladigan yoki keys-xotira yoxud bashoratli bo’ladimi?
  • Vaziyatga oid mashq qanday janrda bayon qilinadi: hikoya yoki esse yoxud tahliliy yozishma yoki boshqacha shaklda?

Keysolog qabul qilingan yechim asosida vaziyat modelini ko’radi.

Keysdagi vaziyat modeli vaziyat sub’ekti faoliyatining ideal in’ikosidan iborat bo’ladi va ifodalangan muammo tashuvchisi rolini bajaradi. Tashqi ko’rinishiga ko’ra bu hodisalarning muayyan zanjiri yoki hodisalar doirasi, hodisalar bog’lami va shu kabilar bo’lishi mumkin.

Model vaziyatning turga oid belgilarini tanlash asosida shakllantiriladi (…-jadvalga qarang).

Vaziyat modelini qurish muvaffaqiyati uning o’rganilayotgan mavzu yoki o’quv predmetiga muvofiq bo’lishi darajasiga qarab, shuningdek, unda nostandart, muayyan nuqtai nazarlar borligiga ko’ra belgilanadi. Bu esa, unga muammoning noodatiy yechimini baxsh etib, tadqiqotchilik motivastiyasini hosil qiladi.

Keys matnining yozilishi. Keysolog keysni yozishga kirishishdan oldin quyidagi masalalarga doir yechimlarni qabul qiladi:

  • Keys o’z hajmiga ko’ra qisqa yoki o’rtacha miqdorda yoxud katta bo’ladimi?
  • Bu savolli keysmi yoki keys-topshiriqmi?
  • Keysda muammo qanday usulda beriladi?
  • usul – muammoni keysolog ifodalaydi.
  • usul- vaziyatdagi muammo yaqqol ifodalanadi, lekin bunda vaziyatning zarur elementlaridan biri (masalan, sheriklar haqidagi) axborot bo’lmaydi.
  • usul-matnda vaziyat sub’ektlari o’rtasidagi ziddiyat mavhum ifodalanadi.
  • Keys tuzilmasi bo’yicha qanday bo’ladi?

Gap shundaki, keys bu shunchaki mohirona bir hikoya yoki muayyan voqealarning optimal sonli sahifalardagi oddiy bayoni emas. Yuqorida qayd qilinganidek, u avvalo, muayyan o’quv maqsadlariga erishish uchun qo’llaniladigan pedagogik vositadir.

Shu sababli keys tuzilmasi uch asosiy tarkibiy qism bilan belgilanadi:

  • motivastion – keysning dolzarbligi, uning maqsadi va tinglovchi keysni hal qilishda erishadigan o’quv natijalarini belgilaydi;
  • syujetli – u keysdagi amaliy vaziyat mazmunini ochib beradigan harakatlar, voqealar majmuidan iborat bo’ladi;
  • informasiop – u vaziyat tahlili uchun zarur axborotni o’z ichiga oladi.

Syujetli va informastion qismlar nisbatan mustaqil tarzda va chambarchas bog’liq holda ham amal qilinsh mumkin (…-sxema).

Tinglovchining hal qilishi uchun taklif etiladigan har qanday keysda uning maqsadi va topshirig’i, savollari aniq ifadalangan bo’lishi lozim. Ular topshiriqni hal etish uchun zarur va etarli axborot xajmini o’z ichiga olishi kerak.

Keys mazmunini tashkil qiluvchi asosiy komponentlarining tarkibiy tuzilishini quyidagi 2-sxema ko’rinishida ifodalash mumkin:

2-sxema

KEYS MAZMUNINING TARKIBIY TUZILISHI

□ – Majburiy tarkibiy qism (komponent).

Keysning ushbu tuzilmali komponenti keys dolzarbligining asosini, uning ta’lim beruvchi maqsadi va tinglovchilar keysni hal qilish natijasida erishishi mumkin bo’lgan nazarda tutiladigan o’quv natijalarini o’z ichiga oladi.

Keys ob’ektining tarixiy bayoni. Ushbu komponent katta (amerikacha, uzun) keyslarda doim bo’ladi.

Keys ob’ektining tarixiy bayoni to’g’risidagi ma’lumotlar muammoning retrospektiv tahlilini o’tkazish, uning sabablari va rivojlanish tendensiyalarini belgilashga imkon beradi.

O.U.Avlayev, S.N. Jo’rayeva, S.P.Mirzayeva “Ta’lim metodlari” o’quv-uslubiy qo’llanma, “Navro’z” nashriyoti, Toshkent – 2017

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan