Abu Abdulloh Xorazmiy

Mutafakkirlar

Abu Abdulloh Xorazmiy

Markaziy Osiyoda ilm-fan yuksak taraqqiy etgan va buyuk allomalar davri IX–XI asrlar edi. O‘sha davrning keng bilimli, peshqadam olimlaridan biri Abu Abdulloh Xorazmiy (997 yilda vafot etgan) bo‘lgan.

Bu olim haqida saqlanib qolgan ma’lumotlar juda kam. Olimning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf Xorazmiydir. Uning yoshligi Xorazmning Xiva, Zamaxshar va Qiyot shaharlarida o‘tgan. Bu shaharlarda u tug‘ilgan, voyaga yetgan, yashagan, ta’lim olgan. Olim Xurosonda ham yashagan. Uning mashhurligi Samoniylar amiri Nuh ibn Mansurning vaziri Abul Hasan Utbiy huzurida kotib bo‘lib xizmat qilgan davrida cho‘qqisiga chiqqan. Shu vazifasi tufayli u “Kotib Xorazmiy” nomi bilan ham tanilgan. O‘z xizmat vazifalari yuzasidan Buxoroga tez-tez borib turgan va ko‘pgina allomalar bilan hamsuhbat bo‘lgan. Ayni vaqtda ilmgachanqoq olim xizmat asnosida amirning boy kutubxonasidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan. Abu Abdulloh Xorazmiy 997 yilda vafot etgan.

Olimning dunyoqarashi o‘sha davrda keng tarqalgan qadimgi yunon falsafasi va madaniyati, Sharq namoyandalari Yoqub ibn Ishoq Kindiy, Abu Nasr Forobiy hamda Abu Bakr Roziy ta’siri ostida shakllandi.

Abu Abdulloh Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan, ko‘pchilik asarlari singari o‘sha davrning ilm tili – arab tilida bitilgan, yagona ma’lum asari – “Mafotih al–ulum”(“Ilmlar kalitlari”)dir. Asarning qo‘lyozma nusxalari juda ko‘p emas. YAqin-yaqingacha uning to‘rt nusxasi bor deb hisoblanib kelinar edi. Ana shu to‘rt nusxadan uchtasi Buyuk Britaniya muzeyida hamda Berlin kutubxonasida saqlanadi. XX asrning 60-yillarida ushbu asarning yana olti nusxasi Istanbul kutubxonalarida borligi aniqladi. Barcha olti nusxa Istambul shahridagi kutubxonalardadir.

“Mafotih al–ulum”(“Ilmlar kalitlari”) o‘ziga xos qomusiy asar bo‘lib, o‘sha davrdagi deyarli hamma asosiy fan sohalarini o‘z ichiga qamrab olgan. Muallif o‘rta asrlardagi har bir ilm mazmunini sharhlash yo‘li orqali tushuntirib beradi.

Abu Abdulloh Xorazmiy ilmlar tasnifining shakli quyidagicha:

Shariat va u bilan bog‘liq ilmlar:

  1. Fiqh, ya’ni musulmon huquqshunosligi.
  2. Kalom, ya’ni din asoslari.
  3. Grammatika.
  4. Ish yurgizish.
  5. She’riyat va aruz.
  6. Tarix.

Boshqa ilmlar:

  1. Nazariy falsafa:

a) tabiiy ilmlar – tibbiyot (tib, samoviy hodisalar – meteorologiya, mineralogiya, al-kimyo, mexanika) – quyi; b) riyoziyot ilmlari (arifmetika, handasa, ilm an-nujum, musiqa) – o‘rtancha; v) ilohiy, ya’ni metafizika – oliy ilm; g) mantiq.

  1. Amaliy falsafa:

a) axloq – etika (odamni boshqarish); b) uyshunoslik (uyni boshqarish); v) siyosat (shaharni, mamlakatni boshqarish).

“Mafotih al-ulum”da ilmlar tasnifi har bir fanning mohiyatini aniqlash hamda ularning asosiy atamalarini qisqa va aniq bayon etish bilan birgalikda olib boriladi. Bu yerda Abu Abdulloh Xorazmiy o‘z tasnifida o‘sha davr an’anasi, ya’ni ilmlarni ikkiga bo‘lishni qo‘llab-quvvatlab, an’anaviy (shar’iy) va an’anaviy bo‘lmagan (falsafiy) ilmlarga ajratadi.

An’anaviy ilmlar. Shu ilmlardan biri, fiqhda muallif islom qonunshunosligining asosi bo‘lgan va islom huquqi posbonining doimiy dasturi Qur’on, payg‘ambar so‘zlari, hikmatli gaplari va hayotlarini aks ettiruvchi Sunnat, Hadis va uning xillari; Ijmo – islom jamoasining yakdillik bilan tan olgan qarori; shariat qonun-qoidalariga amal qilishni, ya’ni tahorat qilish, namoz o‘qish, azon aytish, ro‘za tutish, zakot to‘lash ustida to‘xtab o‘tadi.

Ikkinchi bo‘lim kalomda o‘sha davrda YAqin va O‘rta Sharqda mavjud bo‘lgan ko‘pgina mazhablar haqida ma’lumotlar berilgan. Xususan, bu mazhablarning yettiga bo‘lib bayon etilishi, ayniqsa, mu’taziliylar haqidagi mukammal tafsilotlar muhim ahamiyatga egadir. Shu bilan birga, grek-xristian mazhablari, islomgacha bo‘lgan davrdagi Eron va Yamandagi diniy e’tiqodlar, Hindistonda tarqalgan ba’zi dualistik mazhablar va oqimlar hamda zardushtiylik bayon etiladi. Bu ma’lumotlar YAqin va O‘rta Sharq hamda Markaziy Osiyodagi xalqlarning dinlari tarixini o‘rganishda g‘oyat katta ahamiyatga egadir.

Arab adabiy tili grammatikasi, uning qonun-qoidalari grammatika bo‘limida bayon etilgan. Ayni paytda, muallif arab she’riyati va uning tarkibiy qismlaridan bo‘lgan aruz ustida ham mufassal to‘xtalib o‘tgan.

Ish yurgizish bo‘limi davlat devoni, soliq turlari va olinishi, soliq yig‘uvchilarning vazifalari, askarlar ro‘yxati, ularning kiyim-kechagi va to‘lanadigan maoshlari, irrigatsiya shahobchalarida foydalaniladigan atamalar, kanal xillari, suv uskunalari, ikki daryo (Sirdaryo va Amudaryo) oralig‘idagi sug‘orish tizimlari haqidagi ma’lumotlarni yoritib berishi bilan muhimdir.

Asarning tarix bo‘limida afsonaviy podshohlardan boshlab, tartib bilan turli davr va mamlakatlar maliklari, Umaviylar va Abbosiylar xalifaligi, islomgacha bo‘lgan davrdagi Yaman tarixi, Rum va Yunon tarixi haqida mufassal ma’lumotlar keltirilgan. O‘rta asrlarda odamlar jamoasini tabaqalarga bo‘linishi ham shu bo‘limda zikr etiladi.

An’anaviy bo‘lmagan ilmlar. Bu ilmlar qatorida birinchi bo‘lib falsafa qayd etilib, unda ushbu ilm atamalarining sharhi bilan bir qatorda ilmlar tasnifi masalasi yoritilgan.

Arastuning mantiqqa oid kitoblari sharhi Xorazmiy asarining mantiq bo‘limida o‘z aksini topadi. Unda muallif YAqin va O‘rta Sharq hamda Markaziy Osiyodagi ushbu ilm haqidagi ma’lumotlar, oldinga surilgan ajoyib g‘oyalardan foydalanib, ularni yanada boyitdi.

Asarning tabiiy ilmlarga oid bo‘limlari o‘rta asr Sharqida ilmiy yuksalish darajasini o‘rganish nuqtai nazaridan nihoyatda ma’lumotlarga boydir. Tibga oid bo‘limda kasalliklar, sodda va murakkab dorilar haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu bo‘limda o‘sha davr tabobatida ma’lum bo‘lgan va keng tarqalgan mijoz hamda qon tomiri urishiga qarab kasallikni aniqlash to‘g‘risidagi nodir tavsiflar berilgan.

Kimyo bo‘limida ham Xorazmiy o‘rta asr Sharqidagi kimyoviy bilimlar haqida nihoyatda qimmatli ma’lumotlarni keltiradiki, ular Sharqda tabiiy fanlar rivojini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir.

Riyoziyot bo‘limida o‘rta asr Sharqidagi matematik ilmlar holati bayon etiladi. Xorazmiy matematik tushunchani aqlning ixtiyoriy ijodi emas, balki ob’yektiv olamning ma’lum tomonlari, predmetlar munosabatlarining in’ikosi deb talqin etadi.

Muallif Forobiy g‘oyalarini davom ettirib, arifmetikani ikkiga: nazariy va amaliyga ajratadi. U kub sonlar bilan bir qatorda shakliy sonlarni ko‘rib chiqish bilan nazariy arifmetikaning ba’zi bir tomonlarini boyitdi. Handasa ham nazariy va amaliy qismlarga bo‘linadi, bu esa o‘sha davrda uning boshqa riyoziyot ilmlari kabi yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat beradi. Astronomiya bo‘limida uning vazifasi bilan birga tarixiga oid masalalar ham ko‘rib o‘tiladi.

Umuman, asarda Abu Abdulloh Xorazmiy o‘z davri tabiiy va riyoziyot ilmlarini yaxshi bilganligi, ularni nazariy falsafaga kiritish bilan bir tomondan, ularning ahamiyatini oshirish va ta’kidlash, ikkinchi tomondan, falsafani boyitishga intilganligi o‘z ifodasini topgan. Xorazmiyning “Mafotih al–ulum” asari o‘rta asr madaniyati va ma’naviyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir.

 

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan