Abu Ali ibn Sino (980–1037)

Mutafakkirlar

Abu Ali ibn Sino (980–1037)

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino bo‘lib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir.

Ibn Sino Buxoroning Afshona qishlog‘ida 980 yilning safar oyida, amaldor oilasida tug‘ildi. 986 yilda Ibn Sino oilasi Buxoroga ko‘chib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlang‘ich ma’lumot olishga, ilmfanni o‘rganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chog‘lari somoniylar hukmronligining so‘nggi yillariga, xususan, Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davri (976–997)ga to‘g‘ri keladi.

Ibn Sino iste’dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lganidan o‘z davrida ma’lum bo‘lgan ilmlarni tezda egallay boshladi. 10 yoshidayoq Qur’oni karimni boshdan-oyoq yod o‘qir edi. 13 yoshlaridan boshlang‘ich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Ibn Sino yosh bo‘lishiga qaramay, Abu Abdullo Notiliy rahbarligida falsafani, Hasan ibn Nuh Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama o‘rganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shug‘ullanadi. U o‘zidan avval o‘tgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur o‘rganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiyilmiy, falsafiy merosini, xususan, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan o‘rgandi. 16–17 yoshidayoq ibn Sino mashhur tabib – hakim bo‘lib tanildi.

1000 yilda Ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Ma’mun saroyidagi o‘z zamonasining yetakchi olimlarini birlashtirgan akademiyasiga qabul qilindi. Ibn Sino Beruniy, Ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishdi.

Abivard, Tus, Nishopur shaharlari orqali Jurjon shahriga kelgan Ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, bo‘lajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishdi.

1023 yilda Isfahonga bordi va butun umrini ilmiy asarlar yozishga bag‘ishladi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi mashhur asarlari, geometriya, astronomiya, o‘simlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, “Hayy ibn YAqzon” falsafiy qissasi so‘nggi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Ibn Sinoning hayot yo‘li o‘zi yozgan tarjimai holi va shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan ma’lum. Ibn Sinoning ilmiy qiziqishlari, dunyoqarashining shakllanishida qadimgi Sharq madaniyati, yunon ilmi, falsafasi, Markaziy Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashlari muhim rol o‘ynadi. Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fususul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan o‘rgangani, ulardan keng foydalanganini ta’kidlab o‘tadi.

Ibn Sino asarlarining umumiy soni 450 dan oshadi, lekin bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan. Ko‘p risolalari shaharmashahar ko‘chib yurish, urushlar, saroy to‘polonlari, turli falokatlar tufayli yo‘qolib ketgan. Ko‘p manbalarda Ibn Sino, avvalo, tabib sifatida talqin etiladi, holbuki tabobat uning ilmiy sohalari orasida eng muhimlaridan biridir, xolos. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi YAqin va O‘rta Sharqning o‘sha davr ilmiy tili hisoblangan arab tilida, ba’zilari fors tilida yozilgan. Uning bizga ma’lum bo‘lgan katta asari “Kitobush-shifo” (“Shifo kitobi”) 22 jilddan iborat bo‘lib, 4 ta katta bo‘limini mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar egallagan. Uning ayrim qismlari lotin tiliga, Yevropadagi boshqa tillarga, sharq tillariga, shuningdek, rus, o‘zbek tillariga tarjima qilingan. 20 jilddan iborat bo‘lgan “Kitobul-insof” (“Insof kitobi”) bizgacha yetib kelmagan, chunki Isfahondagi yong‘inda yo‘qolgan. “Kitobun-najot” (“Najot kitobi”) 4 katta qismdan – mantiq, fizika, matematika, metafizikadan iborat, “Kitob lisonul-arab” (“Arab tili kitobi”) 10 jildni tashkil etadi. “Donishnoma” fors tilida yozilgan bo‘lib, 4 qismni – mantiq, fizika, matematika, metafizikani o‘z ichiga oladi.

Ibn Sino asarlari o‘rta asrlarda Yevropada ilmiy til hisoblangan lotin tiliga, u orqali Yevropaning boshqa tillariga tarjima etilgan. Ibn Sino ilmiy risolalardan tashqari, chuqur falsafiy mazmunli badiiy obrazlar va ma’lum voqyealar orqali ifoda etuvchi “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hayy ibn YAqzon” kabi falsafiy qissalar yaratgan.

Ibn Sino zamonasining yetuk shoiri ham bo‘lgan. U Sharq, xususan, fors she’riyatida ruboiy janrining asoschilaridan biri bo‘lib, ruboiylari o‘zida chuqur falsafiy xulosalarni ifodalaydi. Ibn Sino arabcha qit’alar ham yozgan.

Ibn Sino tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli tibbiy asar yaratdi. Uning Aristotel (Arastu) ta’limoti xususida Abu Rayhon Beruniy bilan va o‘zining shogirdi – ozarbayjonlik mutafakkir Baxmanyor bilan yozishmalari fan olamida mashhur. Ayniqsa, tabobat, u bilan bog‘liq holda anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, xirurgiya, diagnostika, gigiyena kabi ilmlar Ibn Sino ijodida bir qancha yangi ixtirolar bilan boyidi va yangi bosqichga ko‘tarildi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, o‘simlik dunyosi, geologik jarayonlarni o‘rganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olg‘a sura oldi. Ibn Sinoning tibbiyot sohasidagi asarlaridan “Kitob al-qonun fit-tibb” (“Tib qonunlari”), “Kitobul-qulanj” (“Ichak sanchiqlari”), “Kitobun-nabz” (“Tomir ko‘rish haqida kitob”), “Fujul-tibbiya joria fi majlisih” (“Tib haqida hikmatli so‘zlar”), “Tadbirul-manzil” (“Turar joyning tuzilishi”), “Fil-hindubo” (“Sachratqi o‘simligi haqida”), “Risola fidasturit-tibbiy” (“Tibbiy ko‘rsatmalar haqida risola”) kabi asarlari mavjud.

Ibn Sino o‘zining ko‘p tarmoqli mahsuldor ijodi, boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotida katta rol o‘ynadi. O‘z ijodi, ilmiy faoliyatida Ibn Sino Markaziy Osiyo, YAqin va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy ko‘tarinkilik, madaniy “uyg‘onish”ning ma’naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi, bu bilan butun Sharq va Yevropadagi ma’rifat, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. U o‘z davrida Sharq va Yevropada “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshlig‘i”, “Tabiblar podshohi” kabi eng buyuk nomlarga sazovor bo‘ldi. Ibn Sino mashhur murabbiy sifatida Abu Ubayd Jurjoniy, Umar Isfahoniy, Muhammad Sheroziy, Ahmad Ma’suriy, mashhur ozarbayjon mutafakkiri Baxmanyor ibn Marzbon, Yusuf Iyloqiy, ajoyib olim va shoir Umar Hayyom kabi shogirdlarini tarbiyaladi. Uyg‘onish davri miniatyura va suratlarida Ibn Sino mashhur qadimgi yunon olimlari Aristotel, Galen, Gippokrat, Ptolemey, Evklid bilan bir qatorda tasvirlangan.

Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshladi. “Tib qonunlari” asarining o‘zi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilindi. “Kitob ush-shifo”ning ko‘p bo‘limlari, mantiq, muzika, yerning tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr etildi. So‘nggi ilmiy tadqiqotlar Ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham ta’sir ko‘rsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligani ko‘rsatadi.

Ibn Sino xalq orasida shu darajada hurmatga sazovor bo‘ldiki, u folklor qahramoniga aylanib ketdi. Sharq xalqlarida uning to‘g‘risida turli hikoya, rivoyat, afsonalar vujudga keldi. Jahon olimlari Ibn Sino asarlari, uning faoliyati to‘g‘risida ko‘pdan beri ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradilar. Hozirda jahonning deyarli barcha yirik tillarida Ibn Sino haqida asarlar yaratilgan.

Abu Ali ibn Sino
HIKMATLAR
05

099Haqiqatni ochinglar, to’g’ri yo’ldan yuringlar. Bir-biringizdan ilm o’rganib, kamol topishingiz uchun dil pardasini ochib tashlanglar.

Quyosh ko’rlarga ko’rinmay berkinganidek, johillarga ham dunyoda to’g’ri yo’l belgilari ko’rinmay qoladi.

Kundalik rizq ko’p, qayg’uraverma. Shu bilan birga mol orttiraman, deb o’zingni ko’p qiynaverma. Chunki har kim o’z nasibasidan ortiq bitta ham don yeya olmaydi.

Mol-dunyoing seni aldamasin, chunki asragan mol-dunyoing boshqalarniki bo’ladi. Ularni sarf eta olsang, o’sha seniki bo’ladi.

Boylikni topishibdi-yu aql-idrokni yo’qotishibdi. Ajabo, topgan narsalari bilan yo’qotgan narsalarining bahosi bir xilmidi?

Kishi uchun eng foydali, dilni yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratli narsa hirs va g’azabdir.

Boshqalarda ko’rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.

Ey havoyu havasga berilgan nafs, tez bo’l. Chunki sen bir nafasning himoyasidasan.

Yordam berishning go’zalligi undan kishining tasalli topishida ko’rinadi.

Taroq aslida sochni tartibga solish uchun ishlatiladi-yu, ammo shu bilan birga u sochlarning ba’zilarini joyidan yulib tushiradi.

Qora tuproq qa’ridan tortib, to Zuhal cho’qqisigacha bo’lgan dunyoning hamma mushkul masalalarini hal qildim. Men har qanday makr va hiyla tuzog’idan qutilib chiqa oldim-u, ammo o’lim tugunini yecha olmadim.

Men ko’p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog’ini tishlab turuvchidan boshqani ko’rmadim.

Odamlarning botiri kelajakdagi ishlardan qo’rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo’rqog’idir.

Keksaygan odam yoshlik o’tida yonolmaydi.

Agar kelajagim xayrli bo’lsa edi, mayli tinchgina, bemalol tirikchiligimni qilaverar edim. Bordi-yu agar unday bo’lmasa, ming ko’z bilan yig’lardim.

Falak — juft soqqa, olam taxtasidir, ajal o’ynaydi — bizlar donai xom.

Minglab nafar ulug’ zotlar borliqdan yo’qlikka ketdilar. Axir bu ulug’ zotlarning birortasi ham yo’qlikdan borliqqa qaytib kelmayaptilar-ku.

Har kim hodisalardan ibrat ola bilsa, boshi qattiq otga o’xshagan bu falak unga bo’ysuna beradi.

Inson toki o’zini mayda gap, o’chakish, janjal, shikoyat, norozilik, ohu vohlardan ozod qilolmas ekan, u iflos va pastlik tabiatidan xalos bo’lolmaydi.

Yaxshiliklarning eng foydalisi sadaqadir.

Bir kishi sen bilan munosabatida xato qilsa-yu, senga uzr bayon etsa, uzrini qabul qilishni kechiktirma!

Agar havoda chang va tutun bo’lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo’lardi.

Quruq gapning o’zi hech qachon dalil bo’lolmaydi.

So’zning yomoni amal qilinmay bekor ketganidir.

Ruh — shamchiroqqa, bilim — ana shu shamchiroqdan taralayotgan yog’duga, Allohning zakosi — moyga o’xshaydi. Shamchiroq yonishdan to’xtamas ekan — sen tiriksan. Agar u o’chsa — sen halok bo’lasan.

Har bir tabiiy narsa o’lchangan bo’ladi, lekin har bir o’lchangan narsa tabiiy bo’lavermaydi.

Qanoat deb, o’ziga kifoya qiladigan narsaga erishishga aytiladi; buni bo’shashganlik ham deyishadi. Qanoat kamtarlik va uncha-muncha narsani nazarga ilmaydigan xislat bilan hirs o’rtasida bo’ladi.

Sabr deb, inson boshiga tushgan alam va chidab bo’lmaydigan og’riqni to yengunga qadar ushlab turishga aytiladi.

Kishini qabih va bemaza ishlarga qadam qo’yishdan tutib turadigan va uni yaxshi xulq va ishlarga yo’llashiga hayo deyiladi.

Iffat esa yomonlik bilan shahvat hamda bunga o’xshagan narsalar o’rtasida turadi. Yana u serhafsalalik bilan behafsalalik o’rtasida turadi.

Saxovat esa baxil hamda ziqnalik bilan sarf qilish o’rtasida turadi.

Shijoat — dovyuraklik esa qo’rqoqlik bilan qo’pollik o’rtasida bo’ladi.

Yaxshi va yomon xulqning hammasi sharoit, tarbiya, odatlanish natijasida vujudga keladi. Yaxshi xulqqa ham odat tufayli erishiladi.

Haqiqat mantiq ilmidan talab qilinsin! Ichki quvvatlarning ta’sirlari va ta’sirlanishlari takrorlanaversa, ular uchun kuchli bir malaka hosil bo’ladi. Axloq ham shunday vujudga keladi.

His ichki ruhga qattiqroq ta’sir etadi va uni harakatga solishda aqldan kuchliroqdir.

Yaxshilik hammaga bevosita sevimli. Agar shunday bo’lmaganda edi, har kim o’z istagan yoki orzu qilgan va yoki o’zicha yaxshilik deb tasavvur qilgan biror narsani o’z oldiga maqsad qilib qo’ymagan bo’lardi.

To’g’rilik, agar u to’g’riligi isbotlanayotgan narsaning bevosita o’zida topilsa, u holda u o’sha narsani mustahkamlaydi, yaxshilaydi.

To’g’ri deb o’ylanilgan qanchadan-qancha narsalar bo’ladiki, ular aslida to’g’ri bo’lmay, balki faqat xatolardan iborat bo’ladi.

Xulqning muvozanatda bo’lishi badan salomatligini saqlaydi.

Kek aslida aziyat bergan narsaning fikrda takrorlanishi bilan hamda undan o’ch olish orzu-xayolining takrorlanishi bilan paydo bo’ladi. Uning paydo bo’lishiga g’azabning bir qadar davom etishi ham sabab bo’ladi.

Bilginki, agar g’azab tez o’tib ketsa, uning surati xayolda takrorlanmaydi va yo’q bo’lib ketadi, natijada kek hosil bo’lmaydi.

Ma’rifatchi (orif) botir odam bo’ladi, shunday bo’lmay ham bo’larmidi! U o’limdan ham qo’rqmaydigan, saxovat egasi bo’ladi. Shunday bo’lmay ham bo’larmidi! U barcha behad narsalarga hirs qo’yishdan uzoq va barcha adashganlarga mehribondir, shunday  bo’lmay ham bo’larmidi! U o’z nafsoniyati bilan ulug’vor bo’ladi, shunday bo’lmay ham bo’larmidi!

Tabiatda bekorchi narsalar bo’lishining o’zi bo’lmagan narsadir.

Ma’ruf va mashhur bo’lmagan narsalarni odat etishga ko’proq intilinadi. Chunki odat bo’lgan narsalar ko’pincha sezilmaydi.

Hujum qilib kelayotgan qo’shinlardan qo’rqib qochish, insonlardagi qo’rqoqlikni boshqalar tomonidan fosh etilishi, boylikni yerga ko’mish, adolatsizlikning ko’rinishlari, ifloslikka befarq qarash, shubhali joylarda bo’lish, razillikni istash,  axloqiy tubanlikka borish, kambag’alni talash, o’liklar kafanini qazib olish, gadoychilik qilish, haddan tashqari ziqnalik qilish, sudxo’rlik qilish, kechirim so’raganlar iltimosini rad etish, sud oldida turishgacha borish, muruvvatsizlik kabilar  sharmandalikka kiradi.

Insonlarni doimiy tobe bo’lib yashashlari, boshqalar tomoni-dan o’z nafsini masxara qilinishga chidash, jabr-zulmga toqat qilish, yetishmovchilik kabilar kishini qiziqqon bo’lishiga sabab bo’ladi.

Ulug’lik insonga eng yomon hodisalarni yaqinlashishiga yo’l qo’ymaydigan bir matonatni jamlovchi kuchdir.

Farosat — sezgidan keladigan ishoraning asl ma’nosiga tezda yetishmoqqa aytiladi.

Ilm — narsalarning inson aqli yordami bilan o’rganilishidir.

Bilim deb, narsalarni idrok qilishga aytiladi. Bu shundayki, inson aqli uni xato va yo’ldan toymasdan turib unga erishishi kerak bo’ladigan narsadir. Bordiyu bu dalillar ochiq-oydin bo’lsayu, isbotlar chinakamiga bo’lsa, u holda bunga hikmat —  donishmandlik deyiladi.

Bayon — inson fikriga kelgan ma’noni yaxshi ifodalanishidir.

Barvaqt aytib qo’yib, oshkor qilish zarar keltiradigan bir narsani aytishdan o’zni tiyib turish ishini inson vijdoniga havola qilinganiga sir saqlash deb aytiladi.

Insondagi sir saqlay bilish xislati oshkor qilish xavfi tug’ilganda uni ushlab tura biluvchi kuchdir.

Boshqalarda ko’rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.

O’z kuchini zarur bir me’yorda ushlab turish ham qanoat sanaladi.

Ochko’zlik, yaxshi ovqat, ichkilik, xotin-xalajga berilishdan o’zni tutish iffat sanaladi.

Kishini qabih va bemaza ishlarga qadam qo’yishdan tutib turadigan va uni yaxshi xulq va ishlarga yo’llashiga hayo deyiladi.

Yordam berishning go’zalligi undan kishining tasalli topishida ko’rinadi.

Xijolat va tortinchoqlik qayg’u va yomonlik tufayli tinchlikning buzilishidir. Bundan inson o’zining o’tmishi, hozirgi payti va kelajakdagi mavqei qanday bo’lishidan qat’i nazar, o’zini o’zi koyiydi.

Xulqlarning barchasi o’z tabiati bilan go’zal, yomon xulq-atvorlarga esa keyin erishilgan bo’ladi.

Hayo — insonning abadiy go’zalligi va latofatidir. Hayosiz yuz jonsiz jasadga o’xshaydi.

Do’stimki, dushmanimga do’stlik qilarkan, uni men do’st hisoblamayman. Zaharga qo’shilgan shakardan ehtiyot bo’l.

Shodli va qayg’uli paytlarida dilini kuduratdan tozalab, sof do’stlikni saqlab qolgan kishi chin do’st hisoblanadi.

G’azab irodasi kuchli odamga ro’para kelolmaganidek, irodasi kuchsiz odamga ham ro’para kelolmaydi.

Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda kasallikning tug’ilishiga ham sabab bo’ladi.

O’z vaqtida, me’yori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo’lamaydi.

Badantarbiya bilan mashg’ul bo’linsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan bir tartibga rioya qilmoq ham shart.

Badantarbiyani tark etgan odam aksari xarob bo’ladi, zero xarakatsiz qolgan a’zolarning quvvati zaiflashadi.

Donishmandlik bizga hayot so’qmoqlarida ulug’ saodatni hozirlab in’om etuvchi vositadir.

Agar do’stlik savdo-sotiqqa o’xshab, ehtiyojga qarab axtarilsa, zarurat tug’ilmagan chog’da do’stni nazarga ilmay, tashlab ketilsa, bu qanday do’stlik bo’ldi endi!

Do’stlik insonga xos bo’lgan shunday bir xislatdirki, bunda boshqa birovga yaxshilik istaladi, bunda inson yaxshilikni avvalo do’stlari uchun istaydi, Do’st bu yaxshi ko’ruvchidir. Do’st o’z do’stining xursandligida ham, baxtsizlik kezlarida ham qayg’u va shodligiga sherik bo’ladi

Insonlar ichida seni yaxshi ko’ruvchilar bo’lsa, bu senga va sening yaqinlaringga yaxshilikni istovchilar bo’ladi, mabodo shundaylar topilib qolsa, u holda iltifot muntazam ravishda chin ko’ngildan hamda beminnat bo’lishi kerak. Haqiqiy do’st sening do’stingga do’st, dushmaningga dushman bo’ladi. U do’st dushmanidan uzoqlashadi, do’stiga yaqinlashadi. Buning aksi bo’lishi mumkin emas. Chunki buning aksi bo’lsa, dushmanlik sanaladi

Aql tarozusida tortib ko’rilmagan har qanday bilim asossizdir. Shu bois mantiq ilmini o’rganmoq juda muhim.

Biror manfaatni ko’zlab qilingan yaxshilikda nimadir beriladi va nimadir olinadi. Lekin olinadigan narsa hamma vaqt ko’zga ko’rinmaydi. U xursandlik, tashakkur, oddiylik kabilar bo’lishi mumkin. Qaerda almashuv bo’lsa, o’sha yerda manfaat yotadi. Ongli odam nimaiki ko’ngildagidek bo’lsa, u foydali deb hisoblaydi

Hakimning uch quroli bor: so’z, giyoh va tig’.

Yolg’izlik halokatga olib keladi. Zero, inson o’ziga kerakli narsalarni faqat jamiyat yordamida qo’lga kiritishi mumkin.

Chala bilim egasi bo’lishdan ko’ra,(undan ko’ra) bilimsizlik afzalroqdir.

ABU ALI IBN SINONING ADABIY MEROSIDAN
G’AZALLAR,RUBOIYLAR,QIT’ALAR,BAYTLAR,
«URJUZA» DOSTONIDAN PARCHALAR

09

Ruboiylar

Mening kufrimni ayblarga muhakkak sizda imkon yo’q,
Bu olamda mening pokiza imonimdek imon yo’q.
Zamon ahli aro tanho musulmon men edim, e voh,
Agar kofir esam men ham, bu dunyoda musulmon yo’q.

Erkin Vohidov tarjimasi

1
Shul xoki siyohdin to avji Zuhal,
Har nechaki mushkilot erur, etdim hal.
Ochdim necha zanjir — zanjiri makru hiyal,
Yechdim necha bir tugun, magar qoldi ajal…

2
Soqiy, qadahi jur’ati joning qayda?
Ul oinai nuri jahoning qayda?
Sun mengaki, ko’nglimni musaffo etayin,
Taqvoni shikast aylagoning qayda?

3
Pir bo’lding, ishingni onchunon etmassen,
Soch oqi-la pirliging nihon etmassen.
Tun zulmatida har neki qilding — qilding.
Tong ravshanida bo’ldi, ayon etmassen.

4
Ey mehr, ki bormi sen kabi olamgard,
Sargashta yo’lovchiman, o’zing yo’l ko’rsat.
Ko’rdingmi birovnikim yana ishq yo’lida,
Kim yuzida shuncha gard emish, ko’nglida dard?..

5
Zulfing sochilib, bo’ying qadar evrilmish,
Ogohmisen nechun, magar evrilmish?
Chun la’ling aro la’liyu zumrad ko’ribon,
Ajdar bo’libon ko’hi kamar evrilmish…

6
Gar bodani goh-goh icharmen — xomlig’,
Ammoki mudom ichar esam — badnomlig’.
May shohu hakimu rind ichar ersa, na xush,
Gar boshqasi no’sh aylasa — dushmankomlig’.

7
Bizdirmiz o’sha haqqa tavallo qilgon,
Lutfingni tilab, o’zni tabarro qilgon.
Har yerda inoyating agar bo’lsa, bo’lur
Qilgon qilmogonu qilmagon go’yo qilgon…

8
Ne xushki, jahondin kechibon ketgaysen,
Manzilga pushaymonsiz agar yetgaysen.
Har nechaki aylasang — bugun ayla ado,
Chun ertaga notavon qolib, netgaysen…

9
Ey nafs, ki g’arq ayla havoyu havasing,
Zud o’lki, zarur himoyati bir nafasing.
Dunyo dema, molu davlatu ishva dema,
Kim, do’st deb dushmanga giriftor o’lasing…

10
Yuznng kabi oftobi purmoya qani?
Zulfing kabi har shomu sahar soya qani?
Bul tovbaga ul gunoh nechuk ziynat emish?
Bu ikkisidek hamdamu hamsoya qani?..

11
Kim berdi ruhi lolayu gulbor senga?
Bu sumbuli navrastani, gulnor, senga?
Kunduzni qaro tun qo’liga kim berdi?
Bu yori sazonikim, sazovor, senga?..

12
Ey tun, inoyat et, yana aylama xun,
Bu rozi dilimni fosh etib, qilma fuzun.
Ko’rding, kecha ne qadar uzun bo’ldi kecham?
Ey vaslu visol tuni, uzun bo’l, uzun…

13
So’rdimki:—Nechun shikasta, nolondirman?
Aydi:— Sababni men, guli xandondirman.
So’rdimki:—Nechun ko’yingda giryondirman?
Aydiki sanam:—Sen tanu, men jondirman…

14
Uch narsa sening uchingdan olmish timsol:
Ruhdan — gulu, labdan — mulu, yuzdan — jamol.
Uch narsa mening uchimdan olmish hama sol:
Dildan — g’amu, yuzdan — namu, ko’zdan — xayol…

15
Zulfing sanamim, agarda larzon bo’lur,
El ichra bahoyi anbar arzon bo’lur.
Gar zulmnng aro yuzing namoyon bo’lur,
Nur tong bila tunga teng farovon bo’lur…

16
Ey koshki, kimligimni bir bilsame,
Nechun sargashtamen, nazar qilsame.
Sohibi baxt esam, o’ynab-kulsame,
Ermasam, yosh to’kib, bag’rim tilsame…

17
Bu bodiya ichrakim chunon chopdi ko’ngul,
Jahd etdiyu qildi chok-chok ayladi ul.
Ko’nglimda-ku ming quyosh yonar erdi, vale
Oxirda kamolga topmadi zarracha yo’l…

18
Har narsanikim zamon buzib, xor aylar,
Dunyoyi xazinabon yig’ib, bor aylar.
Mayl etsayu boz asliga evrilsa falak,
G’ayb pardasidin haq yana oshkor aylar…

19
Mening kufrim ayblarga dilimdan o’zga sulton yo’q,
Bu olamda mening pokiza imonimdek imon yo’q.
Musulmonlikda men ahli zamon ichra edim tanho,
Agar kofir esam men ham, bu dunyoda musulmon yo’q.

20
O’zni dono bilgan bu uch-to’rt nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Bular suhbatida sen ham eshak bo’l,
Bo’lmasa «kofir» deb qilishar e’lon.

21
Man mastga dushmanu hushyorga yordir,
Ozi taryok, ko’pi bir zahri mordir.
Ko’p bo’lsa zarari oz emas uning,
Oz bo’lsa unda ko’p manfaat bordir.

22
Har yerda jaholat haddan oshgan on,
Zamona jigaring qilur qaro qon,
Marvarid, gavharga to’lurmi qo’ling,
Ostonang ul yog’i gar bo’lsa ummon.

23
Soqiy, jannatiy sof zuloling qani?
Haq ko’rinar oyna misoling qani?
Ichimni tozalab yuvmoq niyatim,
Cho’loq qumgon, singan safoling qani?

21
Haq jahonning jonidur,badandur jahon,
Farishtalar bu tanga sezgi, begumon.
Unsurlardan barcha jism mavolid a’zo,
Shudur borliq, qolgani hiylayu yolg’on.

25
Do’stim dushman bilan o’tirmish bisyor,
Endi o’tirmayman u bilan zinhor.
Parhez qil shakardan zahari bo’lsa,
Pashshadan qoch, ko’nish joyi bo’lsa mor.

Jamol Kamol tarjimalari

G’azallar

Haqiqat tip-tiniq boda erur ruhning g’izosi,
Chechak-gullardin o’zgay bo’yi ham rangi sarosi.

Aqiq rangligu misli yoqutu la’lisifat bo’lsa,
Kimki ichsa bir jom, boshiga qo’ngay humosi.

Quyulsa tong ila xummorlarning jomiga kul-kul,
Magar barbat sadosidin kelur xushroq sadosi.

Padar pandi kabi achchiqdir, ammo foydasi behad,
Erur nodonga botilu vale dono ravosi.

Aql fatvosi andoqkim, haloldir ichsa donolar,
Vale ahmoqlara makruh erur kayfi safosi.

Bnlimdonga haloldirkim, haromdir ahli johilga,
Hama yaxshi-yomonni ajratur mayning ziyosi.

Harom o’lmish sharob olamda balkim jahli johildin,
Nechakim ichdi johil, bo’ldilar mayning adosi.

Sharobni ablah ichsa, chun gunohi haddidan oshgay,
Tilidin lof yog’ilg’ay, o’zgarib fikri havosi.

Ne xushdirkim, qo’lingga sunsa paymona go’zal mahbub,
Go’zal yuz shabnami tomsa, men ul mayning gadosi.

Abu Ali, tiniq mayni hakimona ichaver,
Xudo haqqi, shudir haqning yo’lin topmoq davosi.

* * *

Mard kishiga o’n xil ish doim harom,
Oltisidan mard kishi xolis mudom.

Xasisligu, hasad ham yolg’onchilik,
Zaiflik, dardu yo’qlikka bo’lish rom.

Agar ne’matga yetsang, sen adolat —
Ham aqling birla ber do’stlarga in’om.

Agar shiddatda qolsang, yutma darding,
Samon bo’lgay bu darddin chehra gulfom.

Nazarga arzimas butkul jahon hech,
Sovuq bir oh ila bo’lgay saranjom.

Falak — juft soqqa, olam taxtasidir,
Ajal o’ynaydi, bizlar — donai xom.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Qit’alar

Ulug’ligim tufayli dillarida vahmalar zohir,
Yo’q ersa, shafqat etmay, aylashardi betinim tahqir.

Meni tutmoqchi bo’lganlar qazib choh, aylashar «av-av»,
Kuchuk ovozi haryoqda, faqat men bunda sherman, sher.

* * *

Uzoqdan o’qrayib, menga qilurlar necha g’avg’olar,
Men ersam ilm derman, tunlarim bedor o’tar bir-bir.

Agar bunday adovat o’rniga bo’lsaydi odil ko’z,
Ko’rardi ishlarimda ul yomon o’rniga xo’b tadbir.

* * *

Tark qil bor narsani, a’lodurur jon hammadan,
Jon kamoli ilmdandir, ilmdandir so’lu sog’.

Jon agar bir shisha bo’lsa, ilm — bir yonguvchi sham,
Hikmati insonni bilgil ul charog’da lampayog’.

Gar charog’ ravshan erursa, sen sog’-salomat ham tirik,
Gar charog’ so’nsa, sening ham o’lganingdir ushbu chog’.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Baytlar

Ko’rlarga quyosh ravshan emas-ku,
Johilga to’g’ri yo’l pinhon shuningdek.

* * *
Mubtalo bo’lmoqni kimki istamas,
Hammom issig’iga tutmas yelkasin.

* * *
Mening sabrim juda qattiq, sening ersa yurak-bag’ring,
Demak, bir tosh ekanmiz ikkimiz ham bu muhabbatda.

* * *
Oliy mansab egalari jonsnz narsalar bo’ldi,
Ajab, jonsiz narsalar ham nash’u namo qilishar.

* * *
Zulfi birla qop-qora tun zohir aylar bo’ldi-yu,
Yuzlarining shu’lasi yo’l bermadi oqshomga hech.

* * *
Men ulug’ bo’ldim-ku, lek keng bo’lmadi maydon menga,
Qimmatim oshgach xaridor chiqmayin qoldi axir.

* * *
Yetib borsa, hazar qilg’il, mening so’z shamshirim domi.
Va yo til shamshirim — so’zim shamoli yetgani oni.

* * *
Yomon yo yaxshilik qilgay har kishi,
Shu yomon, yaxshini topmoqdir ishi.

* * *
Qora qarg’a qanoti oppoq bo’lgan on,
Men ham soqol bo’yab, bo’lgum navqiron.

* * *
Agar ovqat cheksiz laziz bo’lsa ham,
Ko’p yemagil, keltiradi dardu g’am.

* * *
Yo’qlikka ketmishlar minglab ulug’ zot,
Birortasi qaytib kelmadi, hayhot!

* * *
Kirmagim bunga ayon misli o’znng ko’rgan kabi,
Lek bu yerdan chiqmog’im ham, shubhasnz, amrimahol.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi.

Nasihatlar

Yegan bo’lsang taomnng,
Hazm bo’lmasdan oldin,
Yana ustiga-ustak —
Yemoqqa yo’q zarurat.

* * *
Chaynashda tishlar ojiz —
Bo’lgan taomni yutma,
Taomning yomoni bu,
Qoringa bo’lgay ofat.

* * *
Hafta ichinda bir bor
Qayt qilish senga lozim,
Balg’am zararlaridan
Omon qolgaysan minba’d.

* * *
Og’ir hujumu tahdid,
Hatto, qolsang xatarda,
Surmay keyinga aslo,
Ichingni tezroq bo’shat.

* * *
Silkit uxlashdan oldin,
Pok et taning chiqitdan,
Istasang yaxshi uyqu,
Har kun bo’lsin shu odat.

* * *
Kun aro hammom tushmoq
Odatin tark aylama,
Taning topar parvarish,
Yurursan sog’-salomat.

* * *
Dori-darmon ichmoqqa
O’zingni ko’p o’rgatma,
Doru ichish nojoiz,
Yetmasdan katta illat.

* * *
Bordiyu zo’r ehtiyoj
Seni aylasa majbur,
Illat, dori tayanchdir,
Badanga bo’lur quvvat.

* * *
Bu hikmatni ataylab,
Bir kun hakim Tayozuq —
No’shiravon Odilga,
Qilgan ekan nasihat…

Abdusodiq Irisov tarjimasi.

She’riy maktub (javob)

Al-Alaviyga Javob

Tangrim o’zi bersin shifo, dard aritsin peshonadin,
Marhamati bo’lsin doim, ketmay qutlug’ ostonadin.

Bilkim, dardlarning iloji is’hol qilishdir avvalo,
So’ngra ushbu baytlar bo’lur kerak dori darmonadin.

Ensaga qonni so’rguvchi zuluk qo’ymoq — maslahatdir,
Agarda u istamasa qoriq qo’ymoqni yanadin.

Et yemakni tark aylasin, hazmi yengil taom yesin,
Sharobga qo’l cho’zilmasin, to yetmagay dard tanadin.

Ezib majnuntol novdasin gulobga omuxta etib,
Yuzga surtsin uxlaganda har zamon-har zamonadin.

Qadamasin tugmalarin bo’g’adigan ham tor qilib,
Jahli chiqib baqirmasin, har xil sabab-bahonadin.

Iloj shudir, har kishiki aytganimga qilgay amal,
Topgay shifo, ohista dard ariydi ul oshyonadin.

Abdusodiq Irisov tarjimasi.

«Tibbiy Doston» (Urjuza) dan

Tibning Taqsimlanishi Haqida

Tanada gar paydo bo’lsa qanday maraz,
Tibdan topar davosini har bir araz.

Ilmiy, amaliyga bo’lindi tib avval,
Bo’ldi uch narsadan ilmiysi mukammal.

U narsaning biri yetti tabiatdir,
Andin so’ngra kelgan olti zaruratdir.

Uch narsa bor: bitilgandir kitoblarda,
«Maraz, araz, sabab», degan xitoblarda.

Ikki turga bo’linadi amaliy tib,
Biri ikki qo’ldan topur davo, tartib.

Boshqa biri bajo bo’lur, bo’lsa davo,
Qo’l keladi belgilangan bo’lsa g’izo.

Bilsang, tabiiy narsalar — ruknlardan,
Ular qorishidan paydo bo’lur badan.

Bu xususda Buqrot qavli sahih o’lur,
Tuproq, olov, suv ham havo manba bo’lur.

Unga dalil: jism halok bo’lsa magar,
Muqarrarki, to’rt unsurga yana qaytar.

Ruknlar gar bo’lsa bir xil tabiatli,
Ko’rolmasding kasal bo’lgan tirik zotni.

Mizojlar Haqida

Andin so’ngra kelur senga ilmi mizoj,
Aning hukmi yordam berur, qilsang iloj.

Ammo mizoj quvvatlari to’rtta hargiz,
Hakim uni qo’shib aytar yoki yolg’iz.

Alar issiq, sovuq, yumshoq, quruq chunon,
Kim ishlasa — sezgisiga bo’lgay ayon.

Mizoj quvvatlari ruknu zamonlarda,
O’sar narsalarda, barcha makonlarda.

Ustiqusdir egallovchi bag’oyatda,
Oddiy mizoj bo’lsa agar nihoyatda.

Issiqlik-chi o’t, havoda mavjud erur,
Sovuq yursa, tuproq ila suvda qolur.

Quruqlik o’t bila tuproq mobaynida,
Ho’llik esa — suv ham bulutning qo’ynida.

Birikar bor, birikmas bor vujud uzra,
Bizga borliq hukm etgan javhar ichra…

Zo’rayadi qish mavsumi g’oyat balg’am,
Qon qo’zg’alib, bahor payti qo’zir hardam.

Yoz faslida qilgay xuruj safro chunon,
Kuz fasli-chi, savdo uchun qulay makon.

Barcha o’suvchilar bo’lur bir nechtadan,
Ma’dan, nabotot, jonivor — tirik badan.

Qay chog’ g’olib kelgay alar jisming aro —
Dori bo’lur o’stirgani bo’lgay davo.

Tabib ko’rish-la bilinur unday mizoj,
Doim agar mavjud esa to’g’ri qiyos.

Achchiq, shirin, sho’rtam g’izo asli quruq,
O’tkir maza issiq mizojlikka urug’.

Ta’mi agar taxir yo aft burishtirish,
Sovuq, quruqlikdan darak nordonu tursh.

Suvlik bo’lib, ta’m bo’lmasa aytgil dadil,
Unday tabiatli mizojdir mo»tadil.

Barcha yog’liq — ho’l mizoju issiqlikdan,
Sovuqlik — ho’l mizoj, ta’msiz, chuchuklikdan.

Yoshga qarab bo’lgay mizoj turli-tuman,
Gapdan murod — inson erur hech begumon.

Yosh-yalanglar issiq mizojdir har qachon,
Bu tabiiy ahvol erurdir begumon.

Sezgir, mizoji ho’l bo’lur, gar bola yosh,
Yigit mizojidur quruqlikka tutash.

Gar o’lchasang-chi o’rta yosh sovuqsimon,
Qari mizoj anga yaqin, balki yomon…

Har ikkisin mizoji ham bo’lgay quruq,
Pishib yetilmaslikka-chi keksa yovuq.

Issiq, quruqlik — er mizoj, bilgil ani,
Ho’llik, sovuqlikdir xotinlar maskani.

Qizilcha, oq gar omuxta bo’lgan zamon,
Mizojlarning miqdori ham o’rta-miyon.

Oqsoch odam sovuq mizoj bo’lgay, qara,
Issiq mizoj bo’lsa sochi bo’lgay qora.

Sovuqligi kamning sochi malla, targ’il,
Issiqligi kamning sochi bo’lgay qizil.

O’rta mizoj rangli kishi bo’lsa agar,
Qizg’ish, malla rang bo’lishi chin muqarrar.

A’zolar Haqida

Asli jism a’zolari-chi to’rt bo’lur,
Yana shoxobchalar borkim — joiz, zarur.

Har bittasi o’z burchini etgay ado
Hozir aylab jisming uchun quvvat-g’izo.

Jismingga qalb bergay g’izo — andin hayot,
Qalb bo’lmasa jasad misli bir nabotot.

Jondor jismlarga yurak unsur kabi.
Abxur bila o’tgay haroratlar dami.

Bosh miya-chi, orqa miya birlan asab —
Haroratin oshirmasdan turar asrab.

Ikkisidan olgay bo’g’inlar harakat,
Nasllanishga qo’sh moyak — tayin olat.

Alar bilan bola paydo, nav saqlanur,
Yo’qsa alar, jondorda nav odoqlanur.

Etu yog’u bezlar ekan turli-tuman,
Jondorlarga bo’lgay qurol, saqlar omon.

Badandagi parda, suyak, boyloqki bor,
Gavda uchun suyanchiqdir hamda mador.

Bo’lsin uchun tan barhayot — ro’zg’ori but,
Asl a’zo xizmatlari erur mavjud.

Oyoq-qo’lga tirnoq yordir barmoq uchun,
Soch-tuk chiqindi haydash, zeb bermoq uchun.

Nafsoniy Quvvatlar

To’qqiz quvvat nafsiy erurki o’zgacha,
Andin beshi tegishli o’lgay sezgiga.

Qulog’u ko’z, so’ngra burun, sezgi, maza,
Komil bo’lur ular, agar tugal sezsa.

O’ndan biri — mushaklarga bog’liq quvvat,
Yigit bo’g’inlari shundan boharakat.

Alar ichra bordir, bilsang, shunday quvvat,
Narsa esda aks etadi xuddi suvrat.

Boshqa quvvat bordir — andin hosil fikr,
O’zgasi-la barpo bo’lur xotir-zikr.

Makon Va Ob-Havo Haqida

Qaysi o’lka joylashgandir tog’ ustina —
Ob-havosi bo’lur ajib salqingina.

O’lka agar tog’ qa’rida, tosday chuqur —
Bo’lsa agar, shak-shubhasiz, issiq bo’lur.

Garchi diyor tog’dan janubroqdir xiyol,
Esmoqligi matlub erur issiq shamol.

Aksi bo’lib, tog’lar joyi bo’lsa janub,
Salqin shamol esgay, issiq yelni quvib.

G’arbida tog’ bo’lsa havo og’ir, yomon,
Gar sharqidan esa — latif, oromijon.

Dengiz uchun aksinchadir unday hukm,
Ushbularni aytur senga ahli salim.

Janubiy yel haroratli, rutubatli,
Go’yo bo’g’ar, nafas olish uqubatli.

Sovuqlik ham, quruqlik ham shamol-yeldan,
Yo’talga zo’r kelur undan bunday elda.

Xush keladir iliq essa sabo har dam,
Dabur essa, unga doim sovuq hamdam.

Qaysi diyor yerlaridir suvga serob,
Atrof tekis, tuprog’i nam, bo’lsa zaxob.

Ko’lmagida bo’lsa agar suvi shirin,
Mizojida bo’lg’ay rutubat yashirin.

Qoya bo’lsa yaqinida, suvi tuzluk,
Shunday yerning havolari bo’lgay quruq.

Chor tarafi ochiq esa gar maskaning,
Bor shamolu yelga yo’li ochiq aning.

Qish chog’ida haddan oshar sovuqlig’i.
Yoz chog’ida doim ko’pdir issiqlig’i.

Maskan agar dahliz erur, ham yerto’la,
Ish tut o’shanda hukmning aksi bila.

Issiq kiyimdir: paxtalik hamda harir,
Yaltiroqlar bilan kanob sovuq bo’lur.

Momiq, jun bo’lsa, har yerda harorat bor,
Quruqliqqa bunda bir oz zarurat bor.

Qora, yashil rangdan ko’zga bor manfaat,
Shu ranglardan topgay basorating quvvat.

Oqu sariq ranglar haddin oshsa agar,
Bundan sening ko’zlaringga yetgay zarar.

Yeyish Va Ichish Haqida

Bilginki sen hukmi g’izo, ushbu bo’lur:
O’smoqqa loyiq narsalarni o’stirur.

Gar toza qonni o’zidan paydo qilur,
Unday g’izolar maqtalur, nafli bo’lur.

Bug’doy unidan yopilsa gar obi non,
Jo’ja eti hamroh bo’lsa — oromijon.

Ko’kat yesang, yaman ko’kati xush bo’lur,
Iste’moli bemor kishiga mos kelur.

Ba’zi g’izo bo’lgay g’aliz, oq non shu hol
Uch yil boqib so’ygan qo’ying eti misol.

Charchab-horib kelgan kishiga bor g’izo —
Baliq erurki — «razroziy» nom el aro.

G’izodan bor yana latif misli piyoz —
Xardal, sarimsoqdek yoqimsiz beqiyos.

Bunday g’izo tug’diradi safroni ko’p,
Andin yasar tabobatda davoni ko’p.

Unday g’izodan ba’zida savdo bo’lur,
Ba’zi jismlarda kasal paydo bo’lur.

Qari taka hamda qari molning eti
Ziyon erur misli kepak noni kabi.

Bordir yana bir xil g’aliz yoqmas taom,
G’aliz baliq, sutday paydo qilur balg’am.

Ammo shirin anhor suvin ichsang qachon,
Saqlab qolur asliy rutubatni chunon.

Unday suvlar chiqindini haydab chiqar,
Shu tufayli tomirlarga g’izo oqar.

Yomg’ir suvi suvlar ichra zap tozadir,
Zarar unsur ilashmagan ko’p saradir.

Ichimliklar, masalan, may, sut, musallas
G’izo bergay tan-badanga har bir nafas.

YO tabiatiga tanni moyil etar.
Ivitilgan sikanjabin kabi tutar.

Uyqu Va Uyg’oqlik Haqida

Tinim berib, uyqu etsa beharakat,
Quvvayn nafs, quvvayn his topar rohat.

Badanlaring qizdiradi, berib orom,
Uyqu, bilsang, sening uchun hazmi taom.

Ko’paytirsang gar uyquni haddan nari,
Xiltlar bilan to’lur miya qorinlari.

Ko’p uxlashlik yig’ar tanda rutubatni,
O’chiradi hayot berar haroratni.

Bedorlik ham maromida bo’lsa agar,
Ta’bing xushu o’zing tetiksan muqarrar.

Kuch-quvvatni tiklab berur ishlash uchun,
Chiqindidan aritadi badan ichin.

Kam uxlasang, uyqusizlik paydo bo’lur,
G’ashdir diling, notinch o’zing, bo’lmas surur.

Ruhing tushar, ta’bing xira kam uyqudan,
So’lg’un bo’lib ranging buzuq, ozgay badan.

Ko’z kirtayar, hazming buzar oz uxlasang,
Fikr ishlamas, jisming nurar, boshing garang.

Bilsang riyozat turlari necha-necha —
Sharofatli bo’lur esa u o’rtacha.

To’g’ri va mo»tadil bo’lib o’sgay badan,
Kir-chir ila chiqindidan qutular tan.

Hozir etur jismingni u g’izo uchun,
Go’daklarni yo’llar nash’u namo uchun.

Ortsa riyozat haddidan horish bo’lur,
Ruhing tushib, tinkang qurib, har ish bo’lur.

Haddin oshsa, yongay harorat, yot, g’arib,
Namlik ketib, jisming qolur ko’p sarg’ayib.

Asablaring zaif etur og’riq, chu zo’r,
Yosh yashamay, osh oshamay taning qarir.

Riyozatsiz yotishdan ko’p topma rohat,
Bu rohatdan topolmassan hech manfaat.

Jimjit yotsang iflos xilt-la to’lur badan,
G’izoga hech hozirlanmas biror maskan…

Bo’shanish Va Bo’shanmaslik Haqida

Tomirdan qon olmoq foyda bahor chog’i,
Dori-darmon ishlatsang ham, qilsang surgi.
Qayt qilishga yoz faslida o’zni shayla,
Savdo haydash zarur esa kuzni poyla.
G’arg’ara qil, tishingni yuv, misvok ishlat,
Og’iz, tanglay toza bo’lur, qolmas illat.
Zahar tangib kelsa, bo’shat, erinmagil,
Tez haydagil, qoning fasod qilmay hosil.
Kir-chiringni daf etishga hammomga bor,
Zudlik bilan qushday bo’lgil ham beg’ubor.
Tozalamoq bo’lsang tering kirdan tamom,
Badaningni pok etmoqqa kerak hammom.
Jimoni-chi, yoshlar bajo etsin, mayli,
Xoli bo’lsin badan darddan shu tufayli.
O’zi ozg’in, o’rta yoshli, tani nimjon —
Bo’lganlarni qaytar undan, jimo — ziyon.
G’izodan so’ng gar jazm etsa jimoga kim,
Niqriz kabi ko’p dardlarga bo’lur mahkum.
Jimo ko’pi zaif aylab, toliqtirar,
Jismga ko’p dardu alam yo’liqtirar.

Nafsoniy Kayfiyatlar Haqida

G’azablanish qo’zg’atadi haroratni,
Zarar etib, olur tandan halovatni.
Qo’rqish sovuqlikni qo’zg’ar, o’ynab yurak,
Haddan oshsa, ba’zan odam bo’lgay halok.
Shodu xurram kechsa hayot yayrar badan,
Et semirib, andin yetgay zarar ba’zan.
Ozg’inlarni o’ldiradi qayg’u beshak,
Kimki ozmoq esa, unga qayg’u kerak.

Kasallik Sabablari Haqida

Sovuqlikni paydo qilgan narsa tanda —
Ba’zan buzar tartibotni bor badanda.
Nasha kirgay sovuqlikka haroratdan,
Qor aslida sovuq erur tabiatdan.
Ochlik esa ruh g’izosin aylar adog’,
Tan go’yoki yog’i tugab qolgan chirog’.
Ortiq tutish qamrar haroratni chunon,
Issiq ketib, sovur badanlar ko’p yomon.
Harakat ko’p og’ir bo’lsa ruh bo’shashur,
Sovur jasad, darmon ketib, darding oshur.
Rohat ichra yashar kimki yursa salqin,
Burqsirab o’chgan misoli cho’g’ o’tin.
Qalin bo’lsa badanda gar kiyim-kechak,
Bor olovni o’chiradi bo’g’ib beshak.
Badan sovur bo’lsa agarda u kovak,
Bor harorat tarqaladi, misli g’ovak.

Yurak Ishlari Hakida

Bir xil urish, maromi bir bo’lsa yurak,
Sohib yurak sog’lomligidandir darak.
Tomir urish maromidan chiqsa agar,
Dardu alam borligidan bergay xabar.
Tomir urish asliga gar bo’lsa xilof,
Dardu alam ko’pligiga qil e’tirof.
Tomir urish harakati turli-tuman,
Har birining o’ziga xos bordir zamon.
Yurak tez-tez va asabiy ursa agar
Yetgan bo’lur unga haroratda asar.
Behol-behol bo’lib siyrak zarb urgani —
Sovuqligi ortib, madorsiz turgani…

Terlash Haqida

Esingda tut, ushbu erur dard belgisi —
Rutubatli kasalda ko’p ter bo’lgusi.
Goho-goho ter chiqsa-chi, bunday emas,
Bu ter kishi tabiati kuchi, xolos.
Oqargan ter chiqsa agar tandan qat-qat,
Badandagi balg’amga bu chin dalolat.
Sariq chiqsa bilgil, darding safrosi bor,
Mabodo ter qora, demak, savdosi bor.
Qizil bo’lib ko’rinsa ter kasal qondan,
Shunga o’xshash dalolatlar kelur ta’mdan.
Suyuq ter xilt ichra bo’lmish latofatdan,
Quyuq ter ersa ul g’aliz — kasofatdan.
Terlasa gar butkul a’zo tan uchun soz,
Yolg’iz a’zo terlasa, bu yomon maraz.
Vaqtida ter chiqsa, kasal ogoh bo’lur,
Shu ter bilan shifo unga hamroh bo’lur.
Bu ter yaxshi, maqtovlarga sazovordir,
Aksi o’lsa, bexayr o’lur, dilozordir…

Safro Va Savdo Haqida

Safro agar kelsa g’olib badan ichra,
Ko’zing ko’rar sarg’ayishni teri uzra.
Og’zi achchiq bo’lur kakra yutgan kabi,
Bemor bo’lur ishtahasiz va asabiy.
Oshqozoni achishadi, qusar safro,
Shu boisdan ich ketishi bo’lur paydo.
Uyqu qochib, ko’z kirtayib, holi yomon,
Og’zi qaqrab, tili qurg’ab, rangi somon,
Shunda g’oyat sariq bo’lur siydik tusi,
Terilari ko’pchib ketib, oggay esi.
Yemak yemas, lek tashnadur, g’amgin, o’sol,
Uyquda ham o’rtanadi yongan misol.
Tomir urish ham sust bo’lib, qizir badan
Issiq suvda agar cho’milsang ko’p zamon.
Yozda esa lazzatli zo’r, shirin yemak —
Safroga zo’r kelishini bilmoq kerak.
Balg’am agar g’olib kelsa xiltlar uzra,
Bosh og’rigay, uyqu kelur, tinmas sira.
Tanbal bo’lur yurmakka ham, fikri sayoz,
Telbalardek qadam bosar, dovdir mijoz.
So’lak oqib, yuzi salqib tortar xunuk,
Rangda oqishlik yuz berar kayfi so’nik.
Tomir urish ham beqaror va sust bo’lur,
Peshob quyuq, allaqanday bir tus bo’lur.
Bular chanqamaydi, garchi kuyar yurak,
Balg’am sho’ri va sassig’i — darddan darak.
Sovuq mijoz ustiga ho’l g’izo yesang,
Qarilikka, qish-qirovga befarq esang,
Riyozat chekmasang, yana ko’rmay hammom,
Bilib-bilmay taom uzra yesang taom,
Gar mamlakat sernam, yana sersuv erur,
Bundaylar tushida dengiz, daryo ko’rur.
Bosinqirash buzar doim uyqusini,
Quvvayi hazm tuzatolmas Qaylusini.
Bular bari ixtilofi salomatdir,
Kasallikdan so’zlaguvchi alomatdir.
Sen bundayin belgilarga qil nazzora,
Alarning daf’iga shoshgil, ayla chora.

Kasallikni Bildiruvchi Belgilar Haqida

O’lim xavfi ba’zi darddan bergay nishon,
Ba’zi belgi sog’ayishdan so’zlar hamon.
Ta’riflaymiz belgilarni sifati-la,
Bu dalillar bilishga bir muqaddima.
Kasal odam halokini anglasakim,
O’zni shunda davolashdan tiyar hakim.
Bo’lsa kasal sog’ayishi unga ravshan,
Ochiq so’ylab, kasal dilin etar gulshan.
Belgilarning avvali shu: fursatlardir,
Fursat ichra turli-turli ofatlardir.
Bilmak kerak dard kecharmi og’ir, yengil,
Qisqa, uzoq muddat ichra — uzil-kesil.
Dard kasodi nechuk paydo — shunga qarab,
Tabib muddat belgilaydi ahvol so’rab.

Kasallik Davrini Bilish Haqida

Har kasallik davri bo’lur turli-tuman,
Halok, hayot yuz beradi, shunday zamon.
Dard boshlanish, avjga chiqish, tugash payti
Kelur o’lish yo sog’ayish, xatar qaytib.
To’rtilamchi, dard pasayish vaqti derlar,
O’lim bo’lmas davo yanglish bo’lmasa gar.
Dard boshida a’zolarga yetgay zarar,
Zaifligi boshqa ishlardan yuz berar.
Axlat, tupuk, siydikdagi cho’kma tamom
To yetiluv ko’ringuncha etgay davom.
Ular ta’sirida bo’lgay isitma ham,
Navbat ila kelur, dardga bo’lib hamdam.
Bu holdan so’ng tugash davri boshlanur, bil,
Yetilishing to’la ko’rsang gar muttasil.
Bunda dardning tutish davri ko’p bo’lmagay,
Yuz berishi kam-kam bo’lur va paydar-pay.
Dard kamayish tomon yurar ushbu zamon,
Sog’ayish yuz berib, tugar kasod-buhron.
Gar ko’rinsa kasallarda bu alomat,
Dilin shod et, qolgusidir u salomat.
Zero, bundoq bir pallada o’lim bo’lmas,
Davo yanglish bo’lmas ekan, kasal o’lmas.
YO bir ofat yuz bersayu kelsa vabo,
O’lum bo’lur, tishdan agar yelsa havo.
Kasallikning chegarasin bilsang qayda,
Yengil g’izo bersang, undan kelur foyda.
Dard arisa g’izoni sen o’rtacha qil,
Baxtu iqbol kelishini muqarrar bil.
Oxirgi davr kasallikda kechsa, albat,
Yengil g’izo bermoqni ham taqqa to’xtat.

Kasallikning Uzun — Qisqaligi Haqida

Har bir kasal ma’lum muddat talab qilar,
Bnr xillari qisqa, ammo o’tkir bo’lar.
Balki kasal vafot etar, topmay najot,
YO sog’ayar dardi bo’lib xoru kasod.
Yetilmoq ham, dard vaqti xam shitob bo’lur,
Og’ir bo’lur, bemor holi xarob bo’lur.
Bunday dardning boshlanishi bo’lur qisqa,
Uni bilib, chorasiga tadbir ayla.
G’izoni mo’l qabul qilsa agar betob
Hazmi og’ir kelib, bo’lur quvvati sob.
Bo’lsin g’izo miqdorida mezon tiniq,
Safar ahli ovqatidek qat’iy aniq.
Alomatlar ammo ogir kelsa agar,
Va ularda zohir bo’lsa xavfu xatar.
Quvvat ketib, mador agar bitsa yomon,
Aql-hushda ko’rinsa gar, turfa nuqson.
Ko’tarmasa dardin kasalning quvvati,
Demak, uning yaqin erur halokati.
Belgilarning yomonligi, savdoyilik,
Bu ahvolni ayon aylar bo’lsa bilik.
Bir xil dard bor, davom etar uzoq zamon,
Unga uncha yo’liqmagay lekin inson.
Quritadi tinkangni ko’p, aylaydi sil,
Qoni ketib, ozib o’lar, misoli qil.
Bunday kasal ko’p vaqt o’tib topgay shifo,
Dard yetilib ham tarqalib, bo’lgay ado.
Angla ani yengil sodir bo’lishidan,
Bunday dardning tab’i sovuq kelishidan.
Undaylarning ozaytirma taomini,
Yo’qotadi quvvatini, oromini.
Bu ikki xil betoblik ichra begumon
Uzun-qisqa emas, dard bor — o’rtamiyon.
Bu xil dardmand kishilarga bergil g’izo —
O’rtacha ber, mo»tadili bo’lgay ravo.

Buhron Haqida

Tanda shitob o’zgarishlar bo’lsa ayon,
Bundoq dardga deyiladi: dardi buhron.
Bu o’zgarish — mashaqqatu pallasidir,
Dard ila nafs kurashida bo’lur zohir.
Oz vaqt ichra bunda odam topar vafot,
YO xavf ketib, o’lim arib qaytar hayot.
Bo’lgay kurash va olishuv chin mojaro,
Odamdagi quvvat bilan illat aro.
G’olib kelib quvvat, agar ketsa buhron,
Shunda odam sihhat topib, qolgay omon.
YO dard undin g’olib kelsa topar vafot,
Shunda hayot maydonini olur mamot.

Buhron — Kasodning Xilma-Xil Turlari Bayonida

Olti xildir dardda bo’lgan o’zgarishlar,
Shu xildadir yengillanish, dard arishlar.
Oz vaqt ichra kishi jismi forig’ o’lur,
Sog’ayishga, durustlikka yuz o’girur.
Avval boshdan ko’rinadi kasal shodon,
Bu xayrli alomatdir, yaxshi buhron.
Gar aksiga o’zgarsa hol tezu jadal,
Halokatga olib borur oxir ajal.
Bu asnoda tabib bo’lur ko’p hangu mang,
Halokatli buhron uni aylaydi tang.
Uchinchi xil o’zgarish ham ko’p sust bo’lur,
Oqibatda kasal holi durust bo’lur.
Bundan beriroqda dardda bo’lmas buhron,
Bemor oz-oz sihhat topib, qolgay omon.
To’rtinchi bir o’zgarish ham bo’lmas shitob,
Dardi oshib, ora yo’lda qolur betob.
Bunday paytda qurib borsa silla — yomon.
Dard zo’rayar, ketgan sayin quvvat, darmon.
Beshinchisi — o’rtachadir o’zgarishi,
O’lim sari yetaklashdir uning ishi,
Lekin bordir yana bitta ajib buhron,
Vaqti bilan yetaklar u hayot tomon.
Bu ikkala buhron shundoq murakkabdir.
Qachon ko’rsang bir-biriga zidlik qilur.
Durust buhron paydo bo’lur dard so’ngida,
Bemor tanda quvvat ustun bo’lur unda.
Buhron bilan bilmoq lozim uch narsani,
Bu ma’noni anglamoqlik burching saning.
Tugasa bir dard-alamning gar buhroni.
Nnma bilan tugashi ham ma’lum ani.
Har bir buhron kelishini aytadigan —
Kuchli belgi bo’lur, uni etdik bayon.
Aft-angori telbasimon, telbamisol,
Holi yomon, qulog’ida og’riq, o’sal.
Ko’z yosh oqar hech tinmayin, kelgay malol.
Bezovtadir, uyqusi kam, sarmast, xiyol.
Dardi oshib, ko’zlaridan uyqu o’char,
Goh bo’yniga, goh ko’ksiga og’riq ko’char.
Goh-gohida cho’chib tushar, ko’z uyquda,
Tez uyg’onur qolgan kabi to’lqin-suvda.
Tishlarini qayraydi u g’ajir-g’ujir.
Dardi qo’zib, ha deganda burun qichir.
Ba’zan qolar tamshangancha, labin so’rib,
Lab tanobi qochar goho, goh gezarib.
Tez-tez nafas odat bo’lur bu dard uchun,
Nafaslar ham sovuq, ammo chuqur-uzun.
Tomir tez-tez urib, goho qizir badan,
Yo’tal tutar kelib xuddi garg’aradan.
Doim yurak o’ynoq, garchi og’ir yotar,
Sapchib turib, o’z-o’zicha yurib ketar.
Og’rir qizilo’ngach, og’rir tomoq davom,
Ko’ngli aynib, ma’yus, g’amgin boqar mudom.
Goh-goh qovurg’a yonida sanchiq bo’lur,
Og’riq, alam o’tkirlanib achchiq bo’lur.
Qorin og’rib buyrakka ham keladi zo’r,
Betob uchun bu xil og’riq og’ir kelur.
Zo’raysa gar olatda og’riq ul zamon,
Zirqiraydi orqa teshik yo bachadon.
Barcha bo’g’inlarga alam, og’riq yelur,
Ba’zisi tishdan, ba’zisi ichdan kelur.
Yaxshi buhron kezi og’riq, alamlar zo’r
Bo’lsa, bilgil, bu yaxshidur, dard tuzalur.

O’limdan Darak Beruvchi Belgilar Haqida

Nurni yoqtirishmas, so’nik qarashlari
Yuzni shartta burar, oqar ko’z yoshlari.
Ko’zning qiri torayadi, tortib kichik
Esnov yo’g’u darcha misol og’iz ochiq.
Bo’shashadi ikki qo’lu ikki oyoq,
Chalqanchasi uxlab qolar charchagan chog’.
Bunday kasal to’shagida yota olmas,
Uyqusirab oyoq-qo’lin yopa olmas.
Ilashgandek gavdasiga go’yo ip-tuk,
Gumonsirar, qiliq qilar qiziq-qiziq.
Dard so’nggida og’irlashur qo’lu oyoq,
Bir narsaga tikniladi juda uzoq.
Ikki qo’li intiladi yostiq sari,
Tishlarini g’ichirlatar haddan nari,
Ko’zga nuqul ko’rinadi bir qora qul,
Uni bo’g’ib o’ldirmoqchi bo’lar butkul.
Dardi og’ir kelaversa, bundoq kasal,
Cho’kaverar, yaqin bo’lib qolgay ajal.
Avvalga jim yotib, so’ngra bo’lsa gapdon,
Vazmin yotgan kasal bo’lsa besaramjon.
Ko’z-quloqdan nolisa ko’p, so’ng alqissa,
Og’rig’idan quvvat ketib gap demasa.
Dardni tortib, azobini chekib butkul,
Tush ko’rganda ustiga qor yog’sa nuqul.
Hayajonli, sovuq nafas olsa burun,
Bu alomat — halokatdan nishondir chin.
Uxlay olmay, mijja qoqmay chiqsa tuni,
Va uyqudan ko’z ochmasa kunduz kuni,
Oromini berib, bo’lsa holi yomon,
Alamiga sabab bo’lsa uyqu hamon,
O’lik yuziga o’xshasa kasal beti,
Suyagiga chip yopishsa chakak eti.
Dard sovug’i ta’siridan quloq shalpang,
Kirtaygan ko’z ichga tushib boqsa arang.
Qizarishlar, qorayishlar haddan oshib,
Ko’zlar turtib chiqib, lekin xiralashib.
Harakati kamayadi, baqrayadi,
Har tarafga sovuq boqib, ag’rayadi.
Nayzalanib qiyshayadi burun uchi,
Tortishadi asablanib lablar cheti.
Qo’l-oyog’i sovub borar murda misol,
Tilda yara va dog’-dug’lar toshar yaqqol.
Sodir bo’lsa bezovtalik ham iztirob
Yondiruvchi isitmalar aylab xarob.
Tirnoq tusi qizil-yashil tortib, chindan
Tanda yara toshsa, qora dog’lar bilan.
Yettinchi kun avval sariq kasal kelur,
Qovurg’alar uzra o’sha zohir bo’lur.
Ko’rinsa gar sog’ vaqtidek yuzu ko’zi,
Tuzalishi ayon bo’lgay, aniq o’zi.
Yettinchi kun sariq kasal ko’rinsa gar,
Zehni sog’lom bo’lsa, unga tushmas xatar.
Sezgida ham, harakatda quvvat bo’lsa,
Jismu joni yengillanib nafas olsa.
Orom, uyqu istar ko’proq bunday kishi,
Uxlab, orom olsin, xo’bdir bundoq ishi.
Uyqu dardin aritadi, sen yaxshi bil,
Alahlash ham dard-alamni aylar yengil.
Miya dardi hamda unga sherik a’zo —
Barisining kasaliga shudir davo.
Alahlashdan tinsa bir kun sog’-salomat,
Bunday kasal shifo topib ketar albat.
Chuchkirishlar bo’lsa agar bunday kezi,
Bu tuzalish belgisining xuddi o’zi.
Boshu miya kasalida quloq, burun —
A’zolardan qon oqarkan shifo butun.
Nafas olish bo’lsa agar chin mo»tadil,
Eng yaxshi bir jarayondir, hayron bil.
Sog’ayishda tomir urish shitob bo’lmas.
Nafasi ham serharorat bo’lmaydi, bas.
Hazmi durust, ishtaha xo’b, ahvol hamon,
Axlat quyuq-suyuqligi — o’rta miyon.
Axlat tusi o’rtachadir, ya’ni sarg’il,
Yoki qora bo’lmas, yoki yashil-zahil.
Yoki buhron kuni axlat gar omuxta —
Gijja birla chiqsa, kasal ishi puxta.
O’sha axlat tufayli u bo’lmish betob,
Bu ishdan so’ng dardu alam bitdi hisob.
Karlik ketur agar shunda chiqsa safro,
Budir miya ogrngiga tayin shifo.
Qora taloq va lanjlikni daf etadir,
Bavosirdan qon kelishi — xayrlidir.
«Sariq suv»da suv ko’p kelishi noravo,
Balg’am unga aralashib chiqsa — shifo.
Bordiyu ko’z og’riq uzra chiqsa safro,
Tez orada tuzalishga budir guvoh.
Siydigini utruj-limon rangda ko’rsang,
Undagi oq quyqumin cho’kkanda ko’rsang.
Kasal ko’rsang, ter chiqarkan gar mo»tadil,
Bu qon isitmasi, buni durust deb bil.

Amaliy Qism Va Uning Bo’linishi

Sen eshitgan bu so’zlarga azm ayladim.
Tib haqida ilmiy kitob nazm ayladim.
Xohish bo’lgan amaliyin yoza boshlay,
O’sha qismlarni she’rga tiza boshlay.
Vu kitobning bosh qismida aytgan edim,
Zarur bo’lgan barcha gapni bitgan edim.
Ikki xildur amaliy tib qismi — yo’li.
Uning barni bajo etur tabib qo’li.
Boshqa biri bajarilur davo bilan,
Holga ko’ra tayinlangan g’izo bilan.
Neki o’sha tadbir ila chora etmish,
Qabul aylab, amal etmoq lozim emish —
Birinchisi — sog’liq saqlash deyiladi,
Ikkinchisi — kasallikning tuzalishi
Mana shular tabiblarning g’oya, ishi.

Sog’liqni Saqlash — Gigiena Haqida

Senga aytsam so’znmizning rostu chini:
Sog’lom odam doim saqlar sihatini.
Odam bo’lur tan uzra bir belgi bilan,
Andan ayon kasallanish xavfida tan.
YO bo’lmasa etu suyak yoki teri
Uzra sezarsan bir maraz nari-beri.
Chun bir kishini ko’rasan me’da zaif,
Tab’i sovuq ham nozigu shundan mayib.
Ba’zan ona qornidan ham ofat kelur,
Biror ortiq yo shish kabi kulfat kelur.
Ba’zan bo’lur yoshga qarab nuqsoni ham,
Bir vaqt bo’lib, bo’lmandi bir zamoni ham.
Chun ho’l mijoz yoshlik chog’i bo’lgay zaif,
Ulg’ayganda baquvvatdir, hushdir, zarif.
Zaiflashur quruq mijoz kuz faslida,
Fasli bahor zaif emasdir aslida.
Sog’liq saqlash ishida bu amaliy tib —
Ikki amaldan topmishdir shundoq tarkib.
Gar istasang mijozning chin qolmog’ini
O’z holida, mos et g’izosi chog’ini.
Gar istasang o’zgartirmoq ta’bi badan,
Chora axtar mijozingga teskaridan.
Sog’ kishining sog’-salomat, vaqtini chog’
Aylamoqni istasang gar, angla mutloq.
Maskan o’lsin senga doim shundoq diyor,
Bir diyorki, havolari sof, beg’ubor.
Maskan desang yuzing burgil sahro tomon,
Sharqiy shamol angla latifdir begumon.
Yoz chog’ida tog’ tomonda, ya’ni shimol
Tevaragi ochiq shundoq o’lkada qol.
Tunda o’tir baland joyda, g’ir-g’ir sabo,
Kunduzi tush pastlik tomon, xo’bdir havo.
Jun, paxtalik usti-boshdan yuzing o’gir.
Kiyim bo’lsin yengil, chun poyayi zig’ir.
Xushbo’y giyoh ishlat sovuq mijozini,
Hidli moydan tanla qizil gul moyini.
Ko’zlaringni ehtiyot qil chang-g’ubordan,
Ham tutundan asra, hamda bug’-bihordan.
Samum, Quyosh shu’lasi va cho’g’-alanga,
Qarshi kelsa, ziyon bo’lur ko’zginangga.
Chaplashilgan aji-buji xatga sira,
Boqa ko’rma. mayda xatdan ko’zing asra.

Yeyiladigan Narsalar Tadbiri Haqida

Ovqat yemoqni odat et sen bir mahal,
Bo’lmay desang, laylu nahorda hech kasal.
Eng ko’p yemak ikki bordir senga mezon,
Ikki kunda uch bor yemak o’rtamiyon.
Hazm istasang, shoshmay yegil, yo maydalab,
Muddatin cho’z, chaynab yegil ko’p martalab.
Og’ir o’lsa chaynamoqlik gar tish bilan,
Andin og’ir hazmi aning yutish bila.
Ko’ngil tusar har narsaga jazm aylasang,
Lekin ani hazmi og’ir deb o’ylasang.
Ziddi bila ish tut, bo’lsin aksi mizoj,
Shoyad o’sha badhazm g’izo topgay rivoj.
Oldin suyuq, so’ngra quyuq ishlat har on,
Ta’mi chuchuk bo’lsa anga qo’shgin nordon.
Quruqlikni ho’llikka qo’sh, xush qil, tuzat.
Sovuqlikni issiqlikka chatib, bezat.
Sovug’ini qo’shgil agar issiq mizoj,
Ho’l mijozga aksin qo’shsang bo’lgay iloj.
Agar taom badhazm o’lib, hol bo’lsa tang,
Tuz, murch, qalampir sep anga, xushxo’r qilur,
Yumshoq bo’lib taom, ta’bing masrur qilur.

Taom Yeyish Vaqtlari

Ovqat yegil doim riyozatdan keyin,
Sendan chiqib ketgan najosatdan keyin.
Yemakka vaqtni bemalol chog’lash kerak,
Salqin shamol, toza jonga bog’lash kerak.
Bu ish uchun sovuq kezni mo’ljalga ol,
Doim shunday tadbir ila ish qila qol.

Yozda Ovqatlanish Vaqti

Yoz havosi oz yemoqni ko’rur lozim,
Tanda g’izo bo’lsa qayda yengil hazm.
G’aliz etdan o’zingni tiy, o’gir yuzing,
Giyoh, ko’kat, sutlar bo’lsin oshu tuzing.
Yangi baliq bilan yetilgan qo’zichoq,
Mayli, taom o’lsin gohi, erkak uloq.
Tovuq, jo’ja, kaklik eti ham qirg’ovul
Taom bo’lsin, shuni doim qil tanovul.

Ichimliklar Haqida

Bo’lmay desang gar xomsemiz, ko’proq hayot,
Sen uchga bo’l qorin iching, kelur najot.
Uchdan bir joy nafas uchun zarur har on,
Uchdan biri ovqat, boqiy suvga makon.
Tashnalikka oz sovuq suv bo’lgay davo,
Turgan, iliq suv ko’p ichmak bo’lmas shifo.
Ichimlikka muzni ko’p ishlatgan yomon,
Chunki andin asablaring topgay ziyon.
Ichirmagil muzli suvni cho’llasa ham,
Bo’lmasa gar semiz, serqon, miqti odam.
Dasturxonda to’kin bo’lsa ham qanchalik,
Ichaverma, hirs qo’yib to bo’kkanchalik.
Suv ichmagil esing bo’lsa ba’daz taom,
Tashna bo’lib chiqqach, hatto tushib hammom.
Riyozatdan so’ng suv ichmak o’zi kulfat,
Jimodan so’ng esa misli balo-ofat.
Zarurat gar talab etsa, kuysa andak,
Shundagina tanovul et suvni andak.
Qachon taom yo’l oladi hazm tomon,
Asta-sekin past qoringa tushgay hamon.
Mayli shunda ichking kelsa suv va sharob.
Qonguncha ich, to’yguncha ich, bo’lsa serob.
Sharob ichib, tashna bo’lib yonsang agar,
Suv ko’p ichib, chanqoq ketib, qonsang agar.
Og’zing quruqshab chanqog’ing chandon erur,
Bilgil o’shanday tashnalik yolg’on erur.

May Va Shunga O’xshash Ichkiliklar Haqida

Ko’p may ichib joningga ko’p qasd qilmagil,
Ozroq musallas birla ko’p qanoat qil.
Odat qilib har kun ichish — bir bedavo.
Gar och qorin esa, ichmak bo’lmas ravo.
Yegan bo’lsang yengil, latif xush bir taom,
Yoki achchiq, o’tkir bo’lsa, ichma taom.
Doim ichib, mast yurishdan bo’lgil yiroq,
Ichmakka ko’p qasd aylasang, oyda bir boq.
Manfaat bor may ichilsa ahyon-ahyon,
Gar ko’paysa anda ziyon turli-tuman.
Kim boshi og’rirki, maydan qizir badan,
Doim xumor tutib tursa kechu ertan.
Anga rayhonni ichirkim, mayli andak,
So’ngra anga nordon anor bo’lsin gazak.
Behi, bodring yesin, ishni ko’p puxta qil,
Berganingga anga may suv omuxta qil.
Mayni ichib nolisa kim bodu yeldan,
Anga ichir mayning o’zin, toza xildan.
Bundaylarga kuchli sariq may foydalik.
Sho’rta’m gazak har choq anga bo’lgay tuzik.
Oppoq tiniq maylar durust yoz faslida,
Xushdir yutum bo’lgay latifroq aslida.
Omuxta qil suvni anga, nordonni tot,
Yesang bo’lur ko’ngil agar tortsa ovqat.

Abdusodiq Irisov tarjimasi.

kh-davron.uz,  shosh.uz  

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan