Abu Mu’in Nasafiy (1027–1114)

Mutafakkirlar

Abu Mu’in Nasafiy (1027–1114)

Kalom ilmining mashhur allomasi, mutafakkir Abu Mu’in Nasafiy 1027 yil Qarshi (Nasaf)da tug‘ilgan. Shu yerda o‘qib, ilmini kamolga yetkazgan. Umar ibn Muhammad Nasafiyning “al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” (Samarqand olimlari zikrida qand kitobi) asarida bu olim haqida shunday deyilgan: “Sharqu G‘arbning olimu ulamolari Abu Mu’in Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar”. Abu Mu’in Nasafiy 1114 yili Samarqandda vafot etgan.

Kalom ilmining yirik namoyandalari Abulhasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy asarlaridan ta’lim olgan Abu Mu’in Nasafiy kalom ilmida yetuk alloma sifatida kalomning turli masalalariga oid 15 ga yaqin asarlar yozgan. Ulardan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

1. “Al-Umda fi usulil-fiqh” (“Fiqh usullari tayanchi”).

2. “Tabsiratul-adilla fi ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi dalillar ko‘zgusi”).

3. “At-Tamhid li qavoidit-tavhid fiy ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi tavhid qoidalar uchun yagona kitob”).

4. “Olim va mutaallim” (“Olim va ilm o‘rganuvchi”).

5. “Izoh va mahajja li kavnil-aql hujjatan” (“Aql dalilligini izoh va hujjatlar bilan asoslash”).

6. “Manohijul-aimma fil-furu’” (“Imomlarning huquqshunoslik bo‘yicha tutgan yo‘llari”).

7. “Mu’taqidot” (E’tiqodlar). Bu asarning bir qo‘lyozmasi O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda

8. “Bahrul-kalom” (“Kalom dengizi”). Bu asar alloma ijodining gultoji hisoblanadi. Asar islom falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi bo‘yicha eng qimmatli manbadir. Uning qo‘lyozmalari Dubay, Damashq, Iskandariya kutubxonalarida saqlanmoqda. 1886 yili Bag‘dodda, 1908 yili Qohirada nashr etilgan.

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan