Abu Zayd Dabusiy (978–1039)

Mutafakkirlar

 Abu Zayd Dabusiy (978–1039)

Yirik huquqshunos olim Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ibn Iso Qoziy Dabusiy Buxoroning yetti mashhur qozisi (quzzoti sab’a)dan biri, hanafiy mazhabining salohiyatli vakili va raisi edi. U Buxoro va Samarqand oralig‘ida joylashgan Dabusiya qishlog‘ida 978 yilda tug‘ilib voyaga yetgan va 1039 yil Buxoroda hayotdan ko‘z yumib, Imom Abu Bakr Tarxon maqbarasi yaqinida dafn etilgan.

Dabusiy fiqh ilmini ikki buyuk faqihlar Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy va Abu Bakr Jassosning shogirdi bo‘lmish Abu Ja’far ibn Abdullo Ustrushaniydan o‘rganib fiqh, usul ul-fikh, xilof, jadal va tasavvuf ilmlari bo‘yicha iqtidorli olim darajasiga ko‘tarildi. Uning ilmiy salohiyati va tengsiz iste’dodi barcha olimlar tomonidan e’tirof etilgan. “Vafayot ul-a’yon”, “Toj ut-tarojim”, “AlJavohir ul-muziya” va “Al-Favoid ul-bahiya” kitoblarida zikr etilishicha, u har doim Buxoro, Samarqand shaharlarida mashhur va taniqli olimlar bilan munozara olib borgan.

Abu Zayd Dabusiy hanafiy mazhabi bo‘yicha qimmatli asarlar muallifi bo‘lib, bundan “ilm ul-xilof” (xilof ilmi) – islom huquqi bo‘yicha qiyosiy huquqshunoslik faniga asos solgan olim edi. U yozgan kitoblar quyidagilardan iborat:

1. “Ta’sis un-nazar” (“Qarashlarni asoslash”).
2. “Taqzim ul-adilla” (“Dalillarni baholash”).
3. “Kitob ul-asror fi-l-usul va-l-furu’” (“Fiqh ilmi asoslari va tarmoqlari sirlari haqida kitob”).
4. “Al-Amad ul-aqso” (“Eng olis maqsad”).
5. “Xizonat ul-hudo” (“Hidoyat xazinasi”).
6. “Sharh al-Jomi’ al-kabiyr” (“Jomi’ al-kabirning sharhi”).
7. “Al-Anvor fi usul ul-fiqh” (“Fiqh asoslarini ochuvchi nurlar”).
8. “An-Nuzum fil-fatovo” (“Fatvolardagi tartib-qoidalar”).
9. “Tajnis ud-Dabusiy” (“Dabusiyning tartib va tasnifi”).
10. “At-Ta’liqa” (“Hoshiya”).

Dabusiy mazhab sohasida ijtihod va taxrij (hukmlarni manbadan chiqarib olish) salohiyatiga ega bo‘lgan hurfikr olim edi. U Markaziy Osiyo faqihlari orasida o‘ziga xos ilmiy uslubi va falsafiy tafakkuri bilan ajralib turgan va shuhrat qozongan. Dabusiy fiqh ilmi, hanafiy mazhabi takomili va boshqa fanlar rivojiga katta hissa qo‘shdi va yuksak ilmiy ahamiyatga molik asarlari bilan o‘z nomini abadiyatga muhrlab qoldirdi.

Abu Zayd Dabusiy asarlari usul al-fiqh rivojida burilish yasadi. U ko‘p mualliflardan farqli ravishda xilof ilmiga usul ilmining muhim bir shu’basi deb qaradi. O‘z asarlarida, ayniqsa, “Taqzim ul-adilla” kitobida qiyos usulini imkoniyatlarini, unga tegishli barcha muhim va murakkab atamalar, qonun-qoidalarni izohlab berdi.

 

kh-davron.uz, shosh.uz  

 

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan