Ahmad Yassaviy (1105–1167)

Mutafakkirlar

Ahmad Yassaviy (1105–1167)

Islom dini paydo bo‘lgandan so‘ng uning doirasida, Qur’on va hadis ahkomiga mos ravishda paydo bo‘lgan tasavvufiy ta’limotlar X–XI asrlarga kelib Movarounnahrda ham keng tarqala boshladi.

Tasavvuf – Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining ma’naviy hayoti tarixidagi eng murakkab, o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib-toshgan va muhim hodisalardan biri bo‘lib, uning uchun tarkidunyochilik, bu dunyo boyliklaridan va nozu ne’matlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak maqsadida pok, halol, o‘z mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan.

Markaziy Osiyoda tasavvufiy ta’limotlarning paydo bo‘lishi Yusuf Hamadoniy (1048–1140) nomi bilan bog‘liqdir. Yusuf Hamadoniy Marv va Buxoroda xonaqo va madrasa qurdirib, ko‘plab turkigo‘y, forsigo‘y shogirdlar tayyorladi. Buxorodagi shogirdlari orasida Hasan Andoqiy, Abdullo Baraqiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Ahmad Yassaviy alohida ajralib turardi. Keyinroq bu to‘rt iste’dodli shogird Hamadoniy maktabini muvaffaqiyat bilan davom ettirdilar.

“Yassaviya”, “Naqshbandiya” tariqatlari Hamadoniy ta’limoti asosida shakllandi.

XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy 1105 yilda Sayramda, Shayx Ibrohim oilasida dunyoga kelgan. Uning vafot etgan vaqti ko‘pgina qo‘lyozma manbalarda 1167 yil deb yozilgan. Ahmad yoshligida onasidan, so‘ng otasidan ajraladi. Uni bobosi Arslonbob tarbiyalab voyaga yetkazadi. Ahmad dastlabki ta’limotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. So‘ngra bobosi Arslonbob ko‘rsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan ta’lim oladi. Ahmad Yassaviyning o‘zi ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshda borganini va uning tarbiyasiga noil bo‘lganligini e’tirof etadi. U yerda tasavvufdan ta’lim olib, so‘ng o‘z yurti Turkistonga qaytadi, o‘z ta’limotini targ‘ib etib, shogird, muridlar tayyorlay boshlaydi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Yassaviy 63 yoshga yetgach, yer ostida hujra yasatib, “chilla”ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida o‘tkazgan.

Yassaviy Markaziy Osiyo madaniyati tarixida ilk turkiyzabon mutasavvif shoir sifatida ma’lumdir. Uning tasavvufni targ‘ib ztuvchi turkiyda yozilgan she’rlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur bo‘lib ketdi.

Xoja Ahmad Yassaviy juda ko‘p mutasavvif donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ma’lumki, “Yassaviya” tariqatidan keyin Markaziy Osiyoda “Naqshbandiya” (Xo‘jagon), “Bektoshiya” kabi ikki yirik tariqat paydo bo‘ladi.

“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari bo‘lmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon she’riyatning ajoyib namunasi bo‘lgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan “Hikmat” asarida “Yassaviya” ta’limotidagi poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, o‘z qo‘l kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.

Yassaviy ham o‘zining piri buzrukvori Shayx Yusuf Hama-doniyga o‘xshab mol-dunyo to‘plashga mutlaqo qiziqmaganini, kambag‘alparvar va g‘aribparvar bo‘lib yashaganligini uning ba’zi bir hikmatlaridan ham bilsa bo‘ladi. Mol-dunyoga, boylikka va davlat orttirishga mukkasidan ketgan, xasis va ochofat kishilarni Yassaviy beayov tanqid qiladi:

Beshak biling bu dunyo barcha xalqdan o‘taro,
Ishonmag‘il molingga, bir kun qo‘ldan  ketaro,
Oto, ono, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,
To‘rt oyoqlik cho‘bin ot bir kun  sango yetaro. 

Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvufiy tariqat – “Yassaviya”ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Mavarounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning ma’naviy tarixida keng ma’lum bo‘lgan, mutasavvif donishmand, insonparvar shoir hisoblanadi.

 

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan