Ajabtovur kitoblar

♦ Yer yuzida eng qadimgi kitob miloddan avvalgi 3350-yilda yozilgan. Papirus qog’ozi o’ramiga bitilgan bu kitob Fiva shahridagi ibodatxonalardan birida topilgan. Hozir bu noyob kitob Parij Milliy kutubxonasida saqlanadi. Ba’zan bunday o’rama kitob juda ham uzun bo’lgan. Britaniya muzeyida saqlanayotgan Garris papirus qog’ozining uzunligi 45 metrcha keladi.

♦ Qadimgi Ossuriyada kitob sopolga yozilgan. Bunday kitob sahifasining yuzi 32×32 sm, qalinligi 2,5 sm bo’lib, ko’rinishidan haqiqiy yassi g’ishtni eslatadi. Kitoblar o’nlab, ba’zan yuzlab shunday sahifalardan tashkil topgan.

♦  Hozirgi kundagi kitoblarga o’xshash kitoblar dastlab milodiy I asrda paydo bo’lgan. Ular taxtadan tayyorlangan. Sahifa yumshoq va silliq bo’lishi uchun unga bir tekisda eritilgan mum quyilgan. Mum qotgach, unga uchi o’tkir metall tayoqcha bilan yozilgan. Shunday taxtachalardan bir qanchasi yig’ib bog’lanib, kitob holiga keltirilgan.

♦ Miloddan avvalgi II asrda Pergam (Kichik Osiyo) shahrida kitob sahifalari sifatida pergamentdan foydalanilgan. U quyidagicha tayyorlangan: buzoq yoki qo’y terisi ohakli eritmada ivitilgan, so’ngra chorcho’pga tortib quritilgan. Qurigan teri jilvir bilan silliqlangach, unga asal surtib qo’yilgan. Qalin bir kitob tayyorlash uchun ancha-muncha buzoq terisi kerak bo’lgan. Kitob tayyorlash va uni ko’chirib yozish ko’p oylik mehnatni talab qilgan. Ba’zan pergamentdan ikkinchi marotaba ham foydalanilgan. Buning uchun undagi avvalgi yozuvlar sut bilan yuvilgan yoki pichoq bilan qirib tashlangan. Tozalangan pergamentga yangitdan yozilavergan. Ko’plab nodir kitoblar shu tarzda yo’qolib ketgan.

♦ Hajm jihatidan eng katta bo’lgan qadimgi kitoblardan biri – arman tilida yozilgan «Musha monastiri va’zlari» dir. Og’irligi ikki pud (32 kilogramm)dan kam bo’lmagan bu qo’lyozma 1204-yilda saljuqiylar tomonidan olib ketilgan.

♦ Ko’pgina matnlar Sharqda ixtiro qilingan ksilografiya usulida daraxtlarga o’yib ko’chirilgan. Koreya, Xitoy va Yaponiyada bu usuldan VIII asrda foydalanila boshlangan. Shunday usul bilan o’n minglab budda tekstlari chiqarilgan. Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi ksilografik kitob – «Olmos sutrasi» (budda dinidagi qadimgi xalqlaming huquqqa doir va muqaddas kitobi) kitobidir. Budda matnida bitilgan bu kitob 868-yilda Xitoyda yozilgan. Hozir u Londondagi Britaniya inuzeyida saqlanadi.

♦ 1899-yilda Varshavada A.S.Pushkin tug’ilgan kunning yuz yilligi munosabati bilan uning «Yevgeniy Onegin» poemasi 28×18 mm formatda nashr qilingan. Kitobchaning har bir sahifasiga o’ttiztadan so’z sig’dirilgan. Mitti kitob medalyonga joylashtirilgan. Medalyon qopqog’ining o’rtasida esa kitobni o’qish uchun linza o’rnatilgan.

♦ 1832-yilda Londonda «Angliyalik qahramonlar majmuasi» 100 nusxada bosilib chiqdi. Uning uzunligi 8, kengligi 4 yard (1 yard = 0,91 metr). Harflaming o’lchami esa 0,5 fut (15 santimetrcha). Bu kitob dunyodagi eng katta kitoblardan biri hisoblanadi.

♦ Avstriyada 68 ta hikoyani o’z ichiga olgan kitob nashr qilingan. Har bir hikoya alohida rangdagi qog’ozga bosilgan. 1934-yildagi Amerika taqvimining yanvar va fevral oylari bosma qog’ozga, mart va aprel – papirus qog’oziga, may va iyun – chivinni haydash uchun tutiladigan qog’ozga, iyul va avgust – pashsha tutkich yopishqoq qog’ozga, sentabr va oktabr – mashinkada nusxa ko’paytiradigan rangli qog’ozga, noyabr-dekabr oylari esa filtr qog’ozga yozilgan. Kitob turli vaqtlarda shoyi va satin matosiga ham bosilgan. Gazeta bosiladigan material ham o’zgarib turgan. Chunonchi, Fransiyada gazeta maqolalari yupqa qilib yoyilgan xamirga bosmaxonaning iste’mol qilsa bo’ladigan bo’yog’i bilan bosilgan. Boshqa bir fransuz gazetasi yupqa rezinaga bosilgan. Uni cho’milayotgan paytda ham bemalol o’qiyverish mumkin bo’lgan. Ispaniyada chiqadigan bir gazetani qorong’ida ham bemalol o’qilavergan. Chunki uning harflari nur taratib turgan. Angliyada gazeta qog’ozi o’rnini mato egallagan. Bunday gazeta o’qib bo’lingach, ro’molcha sifatida foydalanilgan.

♦ XV asr oxirlarida venetsiyalik mashhur noshr Ald Manutsiy kichraytirilgan formatda kitob bosib chiqarishni «ixtiro» qildi. XVII asrda yashagan gollandiyalik aka-uka Elzevirlar undan o’tib tushadilar. Ular jild-jild she’rlar to’plamini juda ham jajji formatda chiqara boshladilar. Hozirgi paytdagi eng mitti kitob Amerikaning Vusber shahridagi bosmaxonada chop etildi. Uning o’lchami 6,3×4,5 mm, qizil marokenli (hayvon terisi) muqova, 34 sahifadan iborat. Bu Umar Xayyomning she’rlar to’plamidir. Kitobchaning og’irligi – 64 g. Rus tilida bosilgan birinchi mitti kitob 65×75 mm li «Muomala san’ati» kitobi hisoblanadi (1788-yil). 1855-yilda I.Krilovning «Masallar» kitobi pochta markasining kattaligidek keladigan hajmda bosmadan chiqarildi. Kitobchadagi she’rlar mikroskopik harf – diamantda terilgan. Sobiq Sovet ittifoqida chiqarilgan birinchi mitti kitobcha 1921-yilda Kineshmada nashr qilingan “RSFSR Konstitutsiyasi” hisoblanadi. Uning hajmi 35×50 mm. Moskvadagi mitti kitoblar fondida 500 xil nomdagi kitob bor. Ularning  yarmidan ko’pi sobiq Sovet ittifoqi davrida nashr qilingan. Kolleksiyadagi 50 dan ortiq mitti kitobda Pushkin asarlari chop etilgan.

♦ Olimpiya o’yinlari ishtirokchilari bo’lgan davlat tillarida chiqarilgan «Olimpiada qasamyodi» kitobi Germaniyada nashr qilingan. Bu jimit kitob bolaning tirnog’iga joy bo’la oladigan o’lchamdadir.

Q.To’rayev, S.Burxonov, M.Zokirova “Qiziqarli bilimlar olamida”, “Sharq” MAK, Toshkent – 2014

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan