“Bahs – munozara” metodi

Agar bolalar erkin fikrlashni o’rganmasa,
berilgan ta’lim samarasi past bo’lishi muqarrar.

I.A. Karimov

“Bahs – munozara” metodi

“Bahs-munozara”metodi- biror mavzu bo’yicha ta’lim oluvchilar bilan o’zaro bahs-munozara va fikr almashuv tarzida o’tkaziladigan mashg’ulot metodidir.

 

Bahs-munozaralar o’quv guruhini ikki yoki undan ko’p kichik guruhlarga bo’lgan holda ishtirokchilarning biror mavzu bo’yicha o’zaro fikrlar almashishi tarzida o’tkaziladi.

Bahsning samarali bo’lishi eng avvalo bahslashuvchilarning bir-birlariga nisbatan qanday holatda joylashuvlariga bog’liq. Tinglovchi va muzokarada qatnashuvchilarning o’zaro joylashuvlari va ularning psixologik mavqelarining mohiyati muhim ahamiyatga ega ekanligi bois biz ushbu masala bo’yicha quyidagi variantlarni keltiramiz:

  • Sinf sharoiti. Bu – an’anaviy dars o’tkazish shakli bo’lib, tinglovchilar bir-birlarining yuzlarini ko’rish imkoniyatlari cheklangan holatda o’tiradilar. Ularning doska oldidagi o’qituvchiga va u bayon etayotgan mazmunga nisbatan munosabatlari va mas’uliyatlari turlicha. Bu sharoitda bahs o’tkazish mumkin emas. Chunki sinfda ohirgi qatorda o’tirgan bola bilan birinchi qatorda o’tirganning darsga munosabati keskin farq qiladi. Tinglovchining psixologik mavqei – «Men» – o’yindan tashqarida» deb baholanadi.
  • «Men» – o’yinda» deb ataluvchi holat: tinglovchilar doira shaklidagi stol atrofida joylashadilar va o’rtaga tashlangan mavzu yuzasidan erkin fikr almashish, hattoki, ayrim ijtimoiy rollarga ham kirish imkoniyatiga ega bo’ladilar, hatto boshlovchi ham «qatorda» o’tiradi. «Ishchanlik o’yinlari» va boshqa rolli o’yinlar ana shunday sharoitda o’tkazilishi mumkin.
  • «Men» – munozarada» deb ataluvchi holat ayni bahs – munozaralar o’tkazish uchun qulay, chunki unda shaxs o’z fikrini dadilaytish uchun imkoniyatni his qiladi. Odatda, bunday bahslar to’rtburchak stol atrofida uyushtiriladi.
  • «Men» – hamkorlikdaman» degan holat kattaroq guruhlar tarkibida tashkil etiladi. Munozara a’zolari to’rt-besh kishidan bo’lib alohida stollar atrofida o’tirib, har bir guruh o’z qarorini chiqaradi. «Munozara» klublari» faoliyati shu tarzda tashkil etiladi.

3-sxema

«Bahs-munozara» metodi ishtirokchilarinnng joylashishi sxemasi

Bu keltirilgan har bir holat bahs qatnashuvchilarida o’ziga xos ruhiy tayyorgarlik va mas’uliyat hissini keltirib chiqaradi.

Demak, dars mobaynida o’qituvchi mavzuning xarakteri va u bo’yicha shakllantirish lozim bo’lgan bilim, malaka va fazilatlarga mos tarzda munozara sharoitini tanlashi va shundan keyingina mashg’ulotni boshlashi kerak. Ko’rinib turibdiki, an’anaviy sinfda tashkil etiladigan mashg’ulotlarning samaradorligi deyarli yo’q, chunki ular oldingi qatorlarda o’tirgan tinglovchilarning faolligigagina yo’naltirilgan, qolganlar «o’yindan tashqari» holatda, bu narsa ularning dars mazmuniga munosabatlarida bevosita aks etadi.

Kichik, tor doiralardagi ixcham guruhlarda uyushtirilgan munozaralarning erkin mavzuli, yo’naltirilgan va aniq sstenariyli disput turlari mavjud bo’lib, bu tanlangan mavzuga va munozara guruhlarining muloqot tajribasiga bog’liqdir («disput» so’zining lug’aviy ma’nosi – «fikrlayapman», «tortishayapman», degan ma’nolarni bildiradi). Kichik guruhlarda tashkil qilinadigan munozaralardagi asosiy narsa – guruh a’zolarining tanlangan mavzu xususiyatiga qarab, har birining o’z fikr-mulohazalarini oxirigacha bayon etish imkoniyatlari borligidir.

Bunday guruhda boshlovchi ham qatorda o’tirib, mavzuning echimi batamom hal bo’lmaguncha faol muloqotlarning ishtirokchisi bo’lishi mumkin. Lekin asosiy rol guruhning a’zolariga yuklanganligini va bevosita ajralib chiqqan norasmiy lider asosiy bahs yurituvchi bo’lishi mumkinligini unutmasligi zarur. Bunday bahs-munozaralar turli sharoitda, ko’pincha bahs ishtirokchilari uchun tabiiy sharoitlarda (masalan, sinfda, talabalar auditoriyalarida, ish xonalarida va b.da) o’tkazilsa maqsadga muvofiq bo’ladi.

O.U.Avlayev, S.N. Jo’rayeva, S.P.Mirzayeva “Ta’lim metodlari” o’quv-uslubiy qo’llanma, “Navro’z” nashriyoti, Toshkent – 2017

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan