Bola tilidan: Tarbiyaning 21 qoidasi

AQShning San-Fransisko shtati yaqinida joylashgan “Merri Moppets” (Merry Moppets) xususiy maktabida o‘quvchilarning ruhiy holatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, haftaning har juma kuni o‘quvchi maktabga o‘z sevimli o‘yinchog‘ini olib kelishi mumkin. Sevgan kitoblarini esa har kuni yonida olib yurishiga ruxsat beriladi. Har hafta o‘quvchilarga kutilmagan quvonchli tadbir o‘ylab topish taklif qilinadi, masalan, g‘alati soch turmaklari kuni yoki tungi kiyimlar kuni.

Ushbu ta’lim maskanining yana bir diqqatga sazovor tomonlaridan biri, maktabda har bir o‘quvchi uchun quticha mavjud. Unda o‘qituvchilar uyga vazifalar ruyxati, darslar jadvali yoki ota-onalarga xat qoldirishlari mumkin ekan. Quyidagi maktub xuddi shunday qutichaga solingan, bir o‘quvchining ota onasiga yozilgan. Uning e’tiborli tomoni xat bola tilidan bayon etilgan. Odatda tarbiya borasida biz kattalar ko‘b va xub gapiramiz, kitobu maqolalar o‘qiymiz. O‘qituvchi esa bu masalaga kutilmagan tomondan yondoshganligi bois, ularni siz bilan baham ko‘rishni lozim ko‘rdik.

  1. Meni ko‘p erkalatmang. Har bir istagimni amalga oshirishga majbur emassiz.
  2. Men bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashishga, sizni xavotirga solgan holatlarni so‘rashga qo‘rqmang.
  3. Yomon odatlarga o‘rganib qolishimga izn bermang. Yomon odatlardan qutulish yanada qiyin.
  4. Fikrlarimga e’tiborga loyiq bo‘lmagan xayolparastlik, yosh bolalik deb qaramang. Bunday holatlarda o‘zimni yanada yomon tuta boshlayman.
  5. Meni boshqalar yonida izza qilib urishmang, xatoimni o‘zgalar yonida ovoza qilmang. O‘zim bilan yuzma yuz o‘tirib gaplashing, dakki yoki o‘git bering, shundagina xatolarimni yaxshiroq anglayman.
  6. Xatolarimni – tuzatib bo‘lmas jinoyatdek ko‘rsatmang.
  7. Xatolarimning natijasidan meni asramang. Har bir harakatimning javobgarligi borligini tushunimga izn va imkon bering.
  8. Ba’zan kichik ayblovlarim yoki e’tirozlarim uchun jazolamang. Siz bilan muloqot qilishni, o‘z fikrimni aytishni istayman.
  9. Sizni yomon ko‘raman, degan gaplarim yoki harakatlarimni yuragingizga yaqin olmang. Men sizni yomon ko‘rmayman, men har tomonlama boshqarmoqchi bo‘lgan kuchingizga qarshi kurashga kirishaman xolos.
  10. Bir narsani 100 marotaba takrorlamang. Aks holda, qulog‘im kar bo‘lib qolganday munosabatda bo‘la boshlayman.
  11. Qila olmaydigan va’dalarni bermang. Aldagani bola yaxshi demang. Sizga ishonmay qo‘yaman.
  12. Unutmang, o‘z hissiyotlarimni hali to‘lig‘icha bayon eta olmayman, chunki bolaman.
  13. Jahlingiz chiqib turganda mendan haqiqatni talab qilmang. Sizdan qo‘rqqanimdan yolg‘on gapirishim mumkin.
  14. Bugun biror narsaga izn bermay, ertaga aynan o‘sha narsaga izn berishingiz, o‘zgaruvchanligingiz tarbiyamni buzadi.
  15. Savollarimni javobsiz qoldirmang. Baribir javob izlashdan to‘xtamayman, ammo bu javoblarni boshqa manbalardan topishim mumkin va bu javoblar har doim ham meni to‘g‘ri yo‘lga undamasligi mumkin.
  16. Qo‘rqqan narsalarimni  arzimagan narsa deb qabul qilmang. Ular muhim, kichkina emas. Siz meni tushunmasangiz ko‘proq qo‘rqa boshlayman.
  17. O‘zingizni menga mukammal va xatosiz kishi kabi tanitmang. Unday emasligini bilganimda xafa bo‘laman, sinaman.
  18. Ba’zan mendan kechirim so‘rashingizni obro‘ingizni yo‘qotish deb qabul qilmang. Uzr so‘rashingiz bilan meni ham o‘z aybimni tan olib kechirim so‘rashga o‘rgatasiz.
  19. Unutmang, men tez katta bo‘lyapman. Tarbiya uslubingizda buni e’tiborga oling.
  20. Tajriba qilib ko‘rishni ma’n qilmang. Men dunyoni tajriba, kashfiyotlar qilish bilan o‘rganaman, atrofni taniyman, fikr va xulosa qilaman.
  21. Va so‘nggisi – baxtli bo‘lib o‘sishim uchun ota onam meni yaxshi ko‘rishlarini his qilishim shart.

Tarbiya borasida farzandlaringizning o‘z fikr mulohazalari haqida qiziqib ko‘ring va biz bilan o‘rtoqlashing.

http://www.psyshologies.ru manbasi asosida Kavsar Asxobova tayyorladi.

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan