Bolangiz kitobni sevib o’qishini istasangiz

“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.

Abdulla Avloniy

Bolangiz kitobni sevib o’qishini istasangiz

Siz bolangiz kitobxon bo’lishini albatta istaysiz. Chunki, bu uning baxtli kelajagiga xizmat qiladi. Lekin bolangiz siz olib kelgan kitoblarga qaramasa, nima qilish kerak?

* * *

Gap shundaki, «men keltirgan kitob bolamga albatta yoqadi», deb o’ylamang. Buning uchun ishni ancha oldinroq, bolaning kitobga munosabatini shakllantirishdan boshlash kerak. Boshlang’ich sinflarda bolalar kitob o’qishadi. Lekin kitob tanlay olishmaydi. Shunday paytda sizning yordamingiz kerak. Sizga bolalar uchun chiqarilgan kitoblar, tavsiyalar yordam beradi. Kitob do’konlarida, kutubxonalarda shunday bo’limlar bor. Bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olinib, tartib berilgan. Kitob uning yoshiga, qiziqishlariga mos va rang-barang: ertaklar, o’simliklar, hayvonlar haqida, sarguzasht, buyuk bobolarimiz, tariximizga, qahramonlar, olimlarga bag’ishlangan bo’lsin.
Bolangizga kitob o’qish texnikasini o’rgating. Bu¬ning uchun uni ovoz chiqarib o’qishga mashq qildiring. Ana shunda uning o’qishidagi xatolarni eshitib, tuzatib borasiz.
Farzandingizga birinchi kitobni tanlashda e’tiborli bo’ling. Kitobda yorqin suratlar bo’lsin. Katta bo’lmasin. Uning shaxsiy kitoblari turadigan javon qilib bering. Bu unga qiziq.

Uzilgan hikoya

Bolangizni mustaqil kitob o’qishga qiziqtirishning usullaridan birini ko’rsatamiz: kattalardan biri bolaga kitob o’qib berayotib, eng qiziq joyi kelganda bir bahona qilib, o’qishni to’xtatadi. Voqealar rivojiga qiziqib ketgan bolangiz: «Keyin nima bo’larkan?» deb o’zi o’qishni davom ettiradi.

Siz keyin undan voqealar nima bilan tugaganini so’rang. O’zi o’qib bilgani uchun maqtang. Bundan keyin uning o’zi mustaqil o’qiy olishiga ishonishingizni ayting. Uyda, oilaviy suhbatlarda, telefonda kitoblar haqida gapirib turing. Siz qiziqmasangiz, bolangizni qiziqtirishingiz qiyin.

To’g’ri o’qish

Bolangizni kitobni to’g’ri o’qishga o’rgating. Bu nima degani? Bu kitob o’qishni muqovadan boshlash, muallif, rassom, nashriyot, chiqqan yiligacha e’tibor berib o’qishni o’rgatish degani. Bolangizdan qaysi yozuvchilarning kitoblarini o’qiganini, rasmlarini kim chizganini so’rashingiz kerak.

Rasmlar

Bolangizga kitobni sekin, shoshmay o’qishga o’rgating. Kitobdagi rasmlar mazmunini izohlab bering. Rasmlar siz aytib bergan hikoyalarni eslatib turadi. Bolangizga kitobdagi eng muhim joylarini qayd qilib borishga o’rgating.

Kitob haqida suhbat

Bolangiz o’qigan narsalari haqida hikoya qilib bersin. Bu uning nutqini rivojlantiradi. Asosiy narsalar bilan ikkinchi darajali narsalarni farqlashga o’rganadi. Kitob qahramonlariga, voqealarga munosabati shakllanadi. Boshida bu unga qiyin bo’ladi. Ana shunda unga «Kitobchadan nimalarni bilib olding?», «Bu voqealar qachon, qaerda bo’lgan ekan?», «Eng yoqqan joyi qaeri bo’ldi?» kabi savollar bering. Unga osonroq bo’ladi. Savollar berib siz bolangiz kitobni to’liq o’qiganini, qanchalik tushunganini, kitob qahramonlari haqidagi fikrlari to’g’ri yoki noto’g’ri ekanini nazorat qilasiz. Bu bolaning mas’uliyatini oshiradi. U diqqat bilan o’qishga va o’qiganlarini esda saqlab qolishga o’rganadi. Unga o’qiganlariga bag’ishlangan suratlar chizishni o’rgating.

Oilaviy o’qish

Kitob oilaviy o’qilsa, nur ustiga nur bo’ladi. Bu oilani birlashtiradi. Buning uchun avvalo yaxshi bir kitob tanlab olinadi. Bir necha kun oldin oilaviy kitob o’qilishi e’lon qilinadi. Maqsad — bolangiz o’sha kunni intiqib kutsin. O’sha kun keldi. Kitobning hammasini bir kunda o’qish kerak emas. Bir kunda 45 daqiqagacha o’qilsa, kifoya. Ko’p o’qish bolani toliqtirib qo’yadi. Birinchi kuni ota kitobning bir qismini ovoz chiqarib o’qiydi. Ertaga bolasi, indin onasi o’qiydi va h.k. Bu ko’p tomonlama foydali. Bir tomondan, bola kitobni qanday (ifodali, sekin, aniq, baland ovoz bilan) o’qishni o’rganadi. O’qilgan parchalar haqida fikrlar o’rtoklashiladi. Agarda bolalar xato fikrlarni aytishsa, ularni urish kerak emas. Yotig’i bilan, chiroyli qilib to’g’ri yo’lga solib qo’yiladi.

Ko’zlar toliqmasin

Bolangizga kitobni avaylashni o’rgating. Uni erga tashlash, yirtish, chizish, yozish, rasmlarini qirqib olish yaramasligini uqtiring.

Bolangizga kitob o’qish tartibini o’rgating. Uning ko’zlarini asrang. Nimqorong’i joyda o’qimasin. Yorug’lik chapdan tushsin. O’qiyotganida har 45 daqiqada ko’zlariga dam berib tursin.

Muhammad Qurbonov “Bolam baxtli bo’lsin, desangiz…” tarbiya kitobi, “Ma’naviyat” nashriyoti, Toshkent – 2014

 

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan