Bolangizni mehnatga o’rgating

Muvaffaqiyatni siri mehnatda yashiringan. Mehnatkash insonlar ertami kechmi muvaffaqiyatga erishadilar. Peshona teri, ko‘z nuri, qo‘l mehnati yetmagan (tegmagan) narsa yo‘qdir. Buyuk insonlarning hammasi intilishi va g‘ayrati bilan yuqori mavqelarga erishganini ko‘rish mumkin. Addison: «Hech bir muvaffaqiyat tasodifan qo‘lga kiritilmaydi. Erishganlarim ham tasodif emas, mehnatlarimning samarasidir», deydi. Edison ham, «Muvaffaqiyatlarimning yuzdan to‘qson to‘qqizi mehnat, yuzdan biri aqlim mahsuli», degan edi. Hamma narsaga mehnat orqali erishiladi. Qiymatli biror narsa yo‘qki, g‘ayratsiz qo‘lga kiritilgan bo‘lsin? Bilim ham mehnat bilan topiladi. Balzak: «Ilmning xo‘jayini bo‘lishini istagan kishi mehnatning quli bo‘lsin», deya ilm o‘rganishda mehnatning o‘rni muhim ekanini ta’kidlab o‘tadi.

Bolangizni mehnatga o’rgating

        Bolangiz voyaga yetib, katta bo’lgach, albatta qayerdadir ishlaydi, mehnat qiladi. Shuning uchun uni mehnat qilishga o’rgatish juda katta ahamiyatga ega. Buning uchun bolangiz hozirdan maktabda, oilada o’z majburiyatlariga ega bo’lishi kerak. Bu majburiyatlarni belgilab, orqasidan har hafta so’rab turilmasa, foydasi bo’lmaydi. Afsuski, ayrim ota-onalar «bolaligimda men qiynalganman. Bolam maza qilib, yayrab o’ynab-kulsin. Ish bo’lsa qochmaydi. Katta bo’lganda qilaveradi», deb qattiq adashishadi. Keyin bu xatoning jabrini bola ham, ota-ona ham tortadi. Ayrim onalar «uy ishi ayollar ishi», deb qizlarini ishga jalb qilishadi. O’g’il bolalariga ish buyurishmaydi. Natijada o’g’il bolalar uy ishlarini qiz bolalarning ishi deb, ularni bajarishga uyalishadi. Albatta, ish buyurganda qiz va o’g’il bolalarning xususiyatlariga qarash kerak. Noziq yengil ishlarni qizlarga, kuch, iroda talab qiladigan ishlarni o’g’il bolalarga buyurish kerak.

Ota – o’g’ilga ibrat

             O’g’il bolalarga ota ibrat namunasi. Ota onaga yordam bermasa, o’g’il bundan namuna oladi. Xullas, bolalarini mehnatdan asragan, aytilgan ishlarning bajarilishini qattiq nazorat qilmagan ota-onalar bolalarini baxtsiz qilishadi. Chunki, hech ish qilmay katta bo’lgan bolalar bir tomondan o’quvsiz, ikkinchi tomondan, birovlarning mehnatini qadrlamaydigan odam bo’lib yetishadi. O’zini o’zi eplay olmaydigan, doim enaganing, o’rtog’ining ko’magiga muhtoj farzandlarga odamning rahmi keladi. Bolani ishga o’rgatish uchun dastlab oilaviy ishlarni birga qilish kerak. Bolaga qo’lidan keladigan kichik-kichik ishlarni buyurish kerak. Bolangiz u yoki bu ishni yaxshi qilishni o’rganib olgach, unga alohida, mustaqil vazifalar bera boshlash kerak. Boshida bola toliqadi, zerikadi. Shunda bu ishni tezda boshqa, yengilroq ish bilan almashtirish kerak. Asta-sekin bolada ko’nikma va malakalar paydo bo’la boshlaydi. Uy mehnati bolaga azob emas, balki zaruriy ehtiyojga aylana boradi.

 

Natijasini so’rab turing

          Umuman, mehnat tarbiyasi shartlaridan biri bu ota-onaning, bolaning uy, jamoatchilik ishlaridagi ishtirokiga jiddiy qiziqishlari va yondashishlaridir. Ota-onalar bolaga ish buyurishadi, lekin ko’pincha natijasi­ni so’rashmaydi. Bu boladagi mas’uliyat tuyg’usini buzadi. Shuning uchun bolaga yuklatilgan ishning natijasiga alohida e’tibor bering. Uy ishlarida ishtirok etish o’g’il-qizning burchiga aylansa, keyinchalik bu burch ijtimoiy darajaga ko’tariladi.

 

 O’n to’rt tavsiya

Quyida ota-onalar uchun tavsiyalarimiz keltirilgan:

  1. Talabni ko’p marta o’ylab qo’ying va uni oxirigacha talab qiling.
  2. Bolangizning shaxsiy va yosh xususiyatlarini hisobga oling.
  3. Bolangizga biror ishni buyurmoqchi bo’lsangiz, avval shu ishni o’zingiz unga qilib ko’rsating. Keyin bir necha marta shu ishni birgalikda qiling, so’ng uning o’ziga yuklang.
  4. Mehnat azob bo’lib tuyulmasligi uchun ish bajarishda o’yin elementlarini ham kiriting.
  5. Bolangizni boshqalar mehnatini, buyumlarni qadrlashga o’rgating. Unga o’z ishingiz haqida hikoyalar qilib bering.
  6. Bolangizning mehnati natijalarini baholab, uni rag’batlantirib, qanday qilsa, yanada yaxshiroq bo’lishini tushuntirib boring.
  7. Ota-ona bolani nazorat qilishi bilan birga unga mustaqillik ham berishlari kerak. Chunki, bola o’z hayotida o’zi qaror qilib, yechimlar topish tajribasini to’plashi kerak. Ana shunda nima qilish yaxshi, nima qilish yomonligini o’z tajribasida ko’rib sinaydi. Shuning uchun ba’zan bola o’z bilganidan qolmasa, unga buning oqibatini yotig’i bilan tushuntirib borish kerak.
  8. Sabrli bo’ling. Bu ota-onaning eng yaxshi fazilatidir.
  9. Bola aytganingizni qilmasa, uning bu qilmishi nima uchun noto’g’ri ekanini asabiylashmasdan, atroflicha tushuntirish kerak.
  10. Bolangiz noma’qul ishni qilaman, deb tursa, uni boshqa biror yumush bilan chalg’iting.
  11. Bolangizni jazolashga shoshilmang.
  12. Yaxshi ish qilganida bolangizga rahmat ayting. Mukofotlang. Mukofot jazodan samaraliroq.
  13. U biror yaxshi ish, qiliqqilganida uni maqtab qo’ying. Agar indamay qo’ya qolsangiz, u neytral munosabatda bo’ladi. Shu xatti-harakati uchun maqtalsa, o’shani yana takrorlashga intiladi. Bu asta-sekin bo­langizning xulq-atvorini ijobiy tomonga o’zgartirishga xizmat qiladi.
  14. Ota-ona o’zining ehtiroslarini (g’azab, gina-kudurati, umidsizliknafrat) jilovlashi va foydali, amaliy o’zanga burib yuborishga harakat qilishi kerak.

 

Muhammad Qurbonov “Bolam baxtli bo’lsin, desangiz…” tarbiya kitobi, “Ma’naviyat” nashriyoti, Toshkent – 2014

 

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan