Bolani jazolash o‘rnini bosadigan 5 ta usul

Har bir oilada shunday qoidalar bo‘ladiki, ularga rioya qilmagan bola ma’lum jazo bilan “taqdirlanadi”. “Deti.mail.ru” bolalarni shafqatsiz choralarni qo‘llamasdan turib jazolash usullarini keltirib o‘tdi. Ular bolaning xulqini tuzatadi, ammo shu bilan birga, uning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmaydi.

“Jarima” ishlari

Bola “jarimaga tortilgan” bo‘lsa, unga shafqatsizlik ko‘rsatish o‘rniga, qo‘lidan keladigan uy ishlariga jalb eting yoxud o‘z qilmishining oqibatlarini o‘zi bartaraf etsin: devorlarga chizgan bo‘lsa, tozalasin, to‘zg‘itgan bo‘lsa, yig‘ishtirsin… Oilada ma’lum bir qoidalarni o‘rnatish, ularni buzgan oila a’zolarini “jarimali sanksiyalar”ga tortish — yaxshi usul, chunonchi, derazalarni yuvsin, idish-tovoqlarni yuvib qo‘ysin, dasturxonni yig‘ishtirsin.

Jazo o‘rniga ertak

Maxsus tanlab olingan ertaklar bolalarga o‘yin shaklida xulq me’yorlarini o‘zlashtirishda yordam beradi. Bunday ertaklarda bosh qahramon bolalar kabi qilmishlarni amalga oshiradi, hikoya so‘ngida esa bunday qilish yaxshi emasligini anglab, bunday xatolarni boshqa takrorlamaydi.

Vaqtinchalik yolg‘izlik

Bolani boshqa xonaga kirgizib (o‘yinchoqlar bo‘lmagan), tinchlanishini va o‘z xatti-harakati haqida o‘ylab ko‘rishni so‘rashadi. Bunday usul bola ona-onasini boshqarishga, ularning diqqatini tortishga uringanida ayniqsa, qo‘l keladi. Yolg‘izlik uchun bolaning yoshi qancha bo‘lsa, shuncha daqiqa vaqt ajratiladi. Masalan, uch yoshli bolaga o‘ylash uchun uch daqiqa berish yetarli. Yosh bola biroz vaqtdan so‘ng uni nima uchun jazolashganini ham unutib yuboradi.

Bunday choraning turlaridan biri — “axloq tuzatish kursisi”. 2—5 yoshli bolalarga mo‘ljallangan bunday jazo AQShda keng tarqalgan. Bunda uyingizdagi kursilardan biri “o‘tirib, tinchlanib ol” degan kursiga aylantiriladi. Uch daqiqalik qum soat sotib oling. Bola o‘zini yomon tutganida uni shu kursiga yuboring va qum soatini ag‘darib qo‘ying. Bolaga esa qum pastga tushib ketmagunicha kursida o‘tirishni tayinlang.

Yoqimli narsadan mosuvo qilish

Bolani unga yomonlik qilish emas, uni yaxshi narsadan mahrum qilish orqali jazolagan ma’qul. Qanday “qoidabuzarlik”lar oqibatida qaysi narsalardan mahrum qilish haqida, yaxshisi, oldindan kelishib oling. Bolaga bu jazo haqida darg‘azab bo‘lmasdan, baqiriq va agressiyasiz — xotirjamlik va xayrixohlik bilan ma’lum qiling. Birinchi navbatda, doimgidek, nima sababdan jazolanayotganini tushuntiring. Ammo shuni yodda tutingki, hech qachon bolani ovqat, toza havoda sayr, boshqa bolalar bilan muloqotdan mahrum qilmang.

Hazil sifatida jazolash

Bunday jazo arzimagan ayblar uchun mos tushadi. Uni bolani nimagadir o‘rgatish uchun qo‘llash tavsiya etiladi. Masalan, u ba’zan iflos oyoq kiyim bilan uy ichiga kirib ketsa, unga “Tozalik — sog‘lik garovi” degan iborani takrorlagan holda o‘n marta o‘tirib-turishni taklif qiling. Asosiysi, bolani shunday jazolash kerakki, u o‘zini kamsitilgan deb his qilmasin. Bola o‘z vaqtini bekorchilikka sarflashdan tez bezor bo‘ladi va siz undan istagan narsangizni bajarishga o‘rganadi.

 

Farzand.uz

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan