Buyuk olimlarning qiziqarli ishlaridan

        1880-yilda Rossiya Harbiy dengiz floti vazirligi D.I.Mendeleyevga Fransiyada ishlab chiqarilayotgan tutunsiz portlovchi modda poroxning tarkibini aniqlab berish vazifasini topshirdi. Tezda u yerga yetib borgan D.Mendeleyevdan poroxni kashf qilgan fransuz kimyogar olim M. Bertlo uning sirini yashirdi. Bertlo rus olimiga porox ishlab chiqarilayotgan zavodni ko’rsatishga ko’rsatadi-yu, ammo ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan ma’lumotlarni yozib olishga va u yerdan hech bir narsani olib chiqishga ruxsat etmaydi.

           Shunga qaramasdan, o’tkir zehnli, topqir D.Mendeleyev porox ishlab chiqarish sirini ochib beradi: u temiryo’l orqali zavodga tashib keltirilayotgan kimyoviy moddalar va zavoddan chiqarib tashlanayotgan chiqindilar haqidagi ma’lumotlarni o’rganib chiqadi. So’ngra ular orasidagi miqdoriy tenglikni hisoblab chiqish olimdan ko’p mehnat talab qilmaydi. Keyinchalik bu haqda u Bertloga so’zlab berganida, u o’zini qo’yarga joy topa olmay, olimning topqirligiga tasannolar aytgan edi.

            Mashhur daniyalik fizik olim, Nobel mukofoti laureati Nils Bor Ikkinchi jahon urushi vaqtida gitlerchi bosqinchilar tomonidan ta’qib ostiga olinadi. Shu sababdan u o’zini fashistlar zulmidan saqlab qolish maqsadida 1943-yilda Kopengagen shahrini tashlab chiqib ketishga majbur bo’ladi. Lekin Nobel oltin medalini o’zi bilan olib ketishni ma’qul ko’rmaydi va uni «shoh suvi»da (konsentrlangan kislotalar – nitrat kislota HNO3 (1 hajm) va xlorid kislota HC1 (3 hajm) aralashmasida) eritdi-da, eritma solingan shisha idishini o’z laboratoriyasidagi boshqa eritmalar qatoriga qo’shib ketaverdi. Urush tugaganidan so’ng o’z vataniga qaytgan Nils Bor o’sha eritmadan oltinni kimyoviy usul bilan ajratib oldi va Nobel oltin medalini yangidan quyib berishga buyurtma bergan edi.

           Polshalik professor Kazimir Yablochinskiy institutda o’zi boshchilik qilayotgan kimyo to’garagiga talabalarni qabul qilish marosimini mana bunday o’tkazardi: talaba Tredvellning kislota va ishqor tomchilari o’yib yuborgan juda eski darsligiga qo’lini qo’yib, quyidagi so’zlarni aytish kerak edi:

  • Geliy elementi kabi mag’rur bo’lishga, kalsiy xloridning suvni yutishi kabi ilmga chanqoq bo’lishga, vodorodni ajralib chiqishi vaqtidagi faollikdek har doim faol bo’lishga qasamyod qilaman!

Buyuk fizik Faradeydan fanda shunchalik muvaffaqiyatga erishganligingizni boisi nimada, deb so’rashganida, u:

  • Men boshlagan har qanday ishimni oxiriga yetkazaman, – deb javob bergan.

Q.To’rayev, S.Burxonov, M.Zokirova “Qiziqarli bilimlar olamida”, “Sharq” MAK, Toshkent – 2014

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan