“ESSE” METODI

Agar bolalar erkin fikrlashni o’rganmasa,
berilgan ta’lim samarasi past bo’lishi muqarrar.

I.A. Karimov

“ESSE” METODI

Esse fransuz tilidan tarjimada “tajriba, andaza” ma’nolarini anglatadi. Esse – prozaik etyud, qandaydir bir predmetga oid umumiy yoki dastlabki mulohazalar. Ko’pincha esse yozish mashg’ulotning boshida, yoki refleksiya sifatida, ohirida taklif etiladi. Esse yozish ko’pincha nazariy mashg’ulotlar, ma’ruzalar hamda mustaqil mashg’ulotlar tarkibida o’tkaziladi. Uning quyidagi turlari tegishli maqsadlarga muvofiq holda qo’llaniladi:

Esse – taklif etilgan mavzu yuzasidan 1000 dan 5000 gacha so’z hajmidagi insho.

Esse – bu muallifning ta’kidlab o’tadigan individual nuqtayi nazarini erkin ifoda etish shakli; qandaydir mavzu bo’yicha umumiy yoki dastlabki dunyoqarashni o’z ichiga oladi.

Asoslangan esse – qo’yilgan savolga asosli javob keltirilgan yozma ishdir. Muallif ma’lum bir nuqtayi nazarni egallaydi va uni himoya qiladi, bunda o’zining nuqtai nazarini qo’llab-quvvatlash uchun bir qancha asoslangan isbotlarni keltiradi. Maqsad – muallif lozim topadigan qarashlarni boshqalarning ham qabul qilishiga ishontirish.

Asoslangan samarali esse yozish uchun agar siz o’z esseingizni yozish jarayonida uni fikriy jihatdan kitobxonlarga (uni o’quvchilarga) “taqdim eta olsangiz” va ular bilan fikriy muloqot o’rnata olsangiz, uni yozishingiz engil bo’ladi.

Asoslangan esse tarkibi:

Misol sifatida “Menimcha mamlakatimiz iqtisodi gullab yashnaydi, agarda …” mavzusida asoslangan esse yozing, degan topshiriqni bajarish tartibini ko’rib chiqamiz:

  1. Mavzu (savol)ga nisbatan muallif nuqtai nazarining bayon etilishi (1 xatboshi).
  2. Bayon etilgan nuqtai nazarni asoslash – ushbu nuqtai nazarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha muallifning ishonarli dalillari va ushbu nuqtai nazarni qabul qilishga ishontirish.
  3. Xulosa – rezyume.

Asoslangan esseni baholash ko’rsatkichlari va mezonlari:

  • mavzu mazmuniga mos kelishi (mavzudan chetga chiqmaslik);
  • mazmuni, fikri;
  • unga taalluqli muammoni oldindan ko’ra bilish, shaxsiy nuqtai nazari, ma’lumotlar etarliligi;
  • uslub, ifoda aniqligi, muayyanligi;
  • orfografiya qoidalariga rioya qilinishi.

Besh daqiqali esse – o’rganilayotgan mavzu bo’yicha olingan bilimlarni umumlashtirish, mushohada qilish maqsadida o’quv mashg’uloti oxirida 5 daqiqa oralig’ida o’tkaziladi. Yozma topshiriqning ushbu turi talabalarning mavzuga doir o’z mustaqil fikrlarini ifodalay olishga yordam berish va o’qituvchiga o’z talabalari o’quv materiali bilan tanishganda qaysi jihatlariga ko’proq e’tibor berishlari xususida fikrlash imkonini beradi.

Ushbu yozma topshiriq turida ta’lim oluvchilardan quyidagi ikki topshiriqni bajarish: mazkur mavzu bo’yicha ular nimalarni o’rganganliklarini mustaqil bayon etish va ular baribir javobini ololmagan bitta savolni berish so’raladi.

O’qituvchi taklif etishi mumkin:

  • “Men bu … haqida nimani o’ylayman” yoki “Nima uchun, mening fikrimga ko’ra …” savollariga javob bering,
  • O’quv mashg’ulotida berilgan talablar uchun yangi sanalgan g’oyani tavsiflash va sharhlab berish;
  • olingan bilim, ko’nikmalar qayerda amaliyotda qo’llanilishini tavsiflash.

Ushbu ko’rinishdagi esse baholanmasligi ham mumkin. Ammo, o’qituvchi juftliklarga ajralish, ishlar bilan o’zaro almashish va yozilganlarni muhokama qilish taklifini berishi mumkin. Ushbu holda o’qituvchi 2-3 ta esseni tanlab tekshirishi mumkin, ularni ovozini chiqargan holda sharhlashi talabalar bilan muhokama qilishi va xulosa qilishi mumkin.

Erkin yozish metodi – besh daqiqali essening boshqa ko’rinishi bo’lib, talabalarning muayyan mavzu bo’yicha o’z xayollariga kelgan barcha narsalarni to’xtamasdan yozish mashqlaridan iborat. Masalan, talabalarga besh daqiqa ichida “Ulug’bek fojeasi” mavzusi bo’yicha o’z hayollariga kelgan barcha narsalarni to’xtamasdan yozishni taklif qilish mumkin. Besh daqiqa tugaganida (eslatma, besh daqiqa tugadi deb e’lon qiling va ishni tugallash uchun yana bir daqiqa vaqt bering, zero qiziqarli fikrlar odatda tang vaziyatlarda tug’iladi) ularga o’z yozganlarini sheriklariga o’qib berishlarini taklif etish mumkin.

Mazkur bosqichda o’qituvchining ixtiyorida ko’p imkoniyatlar bo’ladi. Masalan, juftliklarga o’z fikrlarini butun guruh bilan o’rtoqlashishni taklif etish va guruhli aqliy hujum vaziyatini yaratish mumkin.

O.U.Avlayev, S.N. Jo’rayeva, S.P.Mirzayeva “Ta’lim metodlari” o’quv-uslubiy qo’llanma, “Navro’z” nashriyoti, Toshkent – 2017

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan