Farzandingizni kitob bilan do‘stlashishiga harakat qiling!

Bolalarni kitob bilan do‘stlashishlari uchun bir qancha usullarni e’tiboringizga havola etamiz.

1.    Farzandingizga kichkinaligidanoq qisqa va qiziq ertaklar o‘qib bering. Kitob, albatta, yorqin va rangli bo‘lsin. Bola rangli narsalarni oson eslab qoladi.

2.    Bola o‘qigan kitoblarni birga tahlil qiling. Yanada qiziqtirish uchun esa o‘qiganidan kelib chiqib, so‘zlab yoki chizib berishini taklif eting.

3.    Boshqotirmalar tuzib, birga yeching. Ertak qahramonlarini suratini qirqib olib, dilbandingiz bilan birga ularni yaxshi va jaxldor qahramonlarga bo‘ling.

4.    O‘qigan kitobi unda qanday taassurot qoldirganligini so‘rang, yoqqan va yoqmaganlarini aytib bersin. Birgalikda mutolaa qilish uchun birga kitob xarid qiling yoki tanlang.

5.    Ertaklar to‘plami yoki badiiy asar muallifi haqida qiziq faktlar keltiring, bosh qahramon haqida hikoya aytib, qiziqtiring. Yoki bo‘lmasam kitobni ma’lum qismigacha o‘qing-da, «davomini o‘zing yozib ko‘rchi» deng.

6.    O‘qiyotgan kitobingdan qancha qiziqarli ma’lumotlar topsang, shuncha shirinlik beraman deb, farzandingizning qiziqishini oshiring.

7.    Nuridiydangiz bilan birgalikda mashhur kitob mualliflari uy-muzeylariga tashrif buyuring. Borishdan oldin esa bolaga oddiy so‘zlashuv uslubida yozuvchining hayoti va ijodi, yozgan asarlari haqida so‘zlab bering. Iloji bo‘lsa, rasmini ham ko‘rsating.

8.    Shuningdek bolalar bilan tez-tez kutubxonaga borishni kanda qilmang. Kutubxonada kitob o‘qishning ham o‘z gashti bor. Bolaga u yerning muhiti yaxshi ta’sir qiladi.

9.    Har kech ma’lum bir kitobdan hech bo‘lmaganda 5 ta gap o‘qitishni odat qiling. Vaqti kelib, u kitobga qiziqib ketib o‘zi bilmagan holda 5 ta emas 50 ta gap o‘qiydigan bo‘ladi.

10.  Bolangizga yangi o‘yinchoq xarid qilayotganda yoniga kichik kitobcha ham qo‘shib oling. Bu sovg‘a hech qachon farzandingizning  esidan chiqmaydi.

Daryo.uz

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan