Hakim Termiziy (820–932)

Mutafakkirlar

Hakim Termiziy (820–932)

Hakim Termiziyning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashar Termiziy bo‘lib, u 820 yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib 932 yilda vafot etgan. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida – Amudaryo bo‘yida joylashgan.

Termiz shahri haqidagi qimmatli ma’lumotlarni arab geograflari Maqdisiy (“Ahsan ut-taqosim fi ma’rifat alaqolim”), Istaxriy (“Al-Masolik valmamolik), Balazuriy (“Futuh al-buldon”) va boshqa qator mualliflarning asarlarida uchratamiz. Mazkur manbalarda ta’kidlanishicha, Hakim Termiziy tug‘ilgan Termiz shahri IX asrda Movarounnahrning eng yirik va obod shaharlaridan biri sifatida mashhur bo‘lib, shaharda diniy va dunyoviy ilmlar va madaniyat yuksak darajada taraqqiy qilgan. Ilm-fanning turli sohalari, jumladan, islomiy ilmlar bo‘yicha Termiz shahridan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar Termiziy nisbasi bilan butun dunyoda mashhur bo‘lganlar.

Ba’zi xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, uning otasi, Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchisi Xatib Bag‘dodiy o‘zining mashhur “Tarixu Bag‘dod” (“Bag‘dod tarixi”) nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olimu ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Hakim Termiziy o‘zining avtobiografik “Bad’u sha’ni Abu Abdulloh” va “Ar-Radd a’lo-l-muattila” asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan bo‘lishgan. Bu ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Hakim Termiziy ilm-ma’rifat yuksak qadrlanadigan, ziyoli bir xonadonda dunyoga kelib, mana shu ilmiy-ma’naviy muhitda o‘sib ulg‘aygan. Oxir oqibatda, mazkur omillar ta’sirida uning ma’naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri shakllanib kamolga yetgan. Ayni vaqtda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Hakim Termiziynnng ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn Hasanning xizmatlari benihoya katta ahamiyatga moliqdir. Chunonchi, u o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan.

Otasi vafotidan keyin Hakim Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan islomiy fanlardan, asosan, tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr Termiziy, Solih ibn Abdulloh Termiziydan hadis imini o‘rgangani haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilgan. Manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasi soliha, taqvodor, pokiza ayol bo‘lgani haqida, ularning oltita farzandni tarbiyalab voyaga yetkazganlari va shuningdek, Hakim Termiziyning o‘z farzandlari bilan munosabatlari haqida ham ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.

Yozma manbalarga, birinchi navbatda, uning avtobiografik tusdagi “Bad’u sha’ni Abi Abdulloh” nomli asariga tayangan holda uning hayotini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:

Birinchi bosqich – Hakimning sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalik davri.

U bolaliqdan ilmu ma’rifatning chigal so‘qmoqlarini yengib o‘tishga, bo‘lg‘usi murakkab imtihonlarga o‘zini har tomonlama tayyorlay boshlagandi.

Ikkinchi bosqich Hakim Termiziyning sakkiz yoshidan to yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan umrini qamrab oladi. Bu davrda uning bir shayx ustozi bo‘lib, u Hakimni turli ilmlarni chuqur egallashga undadi, bu ishda astoydil rahnamolik qilib, unga o‘z inoyatini ko‘rsatdi. Garchand, ushbu shayx haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, u shogirdini yoshligidan boshlab butun kuchquvvatiyu imkoniyatini faqat ilm yo‘liga, xususan, ilm al-osor (hadis) va ilm ar-ra’y (hanafiy mazhabi fiqhi) kabi ilmlarni chuqur egallashga yo‘llab, bo‘lg‘usi olim taqdirida burilish yasaydi. Bu ilmlar bilan shug‘ullanishni Hakim Termiziy hatto Makkaga haj ibodatini ado etish uchun borayotganida Iroqda to‘xtab o‘tganida ham davom ettirdi. Bu paytda uning yoshi yigirma yettiga yaqinlashib qolgan edi. Aytish kerakki, aynan shu safarlar davomida turli olimlardan olgan ta’lim-tarbiyasi uning ilmiy faoliyatida sezilarli iz qoldirgan. O‘z hayotining mana shu bosqichida Hakim Termiziy hadis va fiqh ilmlariga alohida e’tibor bergan.

Hakim Termiziy hayotining uchinchi bosqichi Qur’oni karimni yod olish va uni chuqur o‘rganish bilan bevosita bog‘langan. Bu paytda u Makkai mukarramaga yetib borgan edi. U Allohning kalomini yod olishga alohida ishtiyoq bilan kirishadi, kechani kunduzga ulab uni yod oladi, bu mashg‘ulotdan uning qalbi halovatu zavq-shavqqa to‘ladi. Binobarin, shu davrda u ro‘za tutish, namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish kabi ibodatlarga batamom berilib ketdi. Lekin shu bilan birga, bu davrda u muayyan bir usul yoinki biron-bir xos tariqatga ega emasdi. Uning o‘z ta’biri bilan aytganda, toki uning qo‘liga Antokiyning kitobi tushgunga qadar shu yo‘sunda hayot kechirgan, keyin esa Antokiyning fikrlaridan ta’sirlanib, o‘z nafsining riyozat (riyozat an-nafs) chekishiga yo‘l qo‘ygan. Shu paytdan e’tiboran uning hayotida uzoq va mashaqqatli boshqa bir davr boshlanadiki, bunda u o‘zini ayamasdan riyozat chekishga, xilma-xil imtihonu sinovlarga mubtalo qildi. U uzlat va xilvatni, odamlardan o‘zini chetga olib yashashni ixtiyor etdi.

Bu jarayonlar oqibatida u o‘z tariqatini yaratdiki, natijada, kechalari uning atrofida ko‘plab izdoshlari va maslaqdoshlari to‘planishib, bahsu munozaralar uyushtirar, duo va tazarrular bilan o‘z shuurlarini izhor qilardilar. Aftidan, mana shu bahsu munozaralar paytida o‘zining chuqur mazmunga ega bo‘lgan so‘fiylik tajribalari haqidagi oshkora bayonotlari tufayli diniy masalalarning ba’zi jihatlari, xususan, ilm ar-ra’y yoki ilm al-osor, hatto tasavvuf ilmlariga doir fikrlari bilan o‘z zamonidagi qator olimlarning qahru g‘azabini qo‘zg‘ab, ularning shiddatli hujumlariga duchor bo‘ldi. Natijada, Hakim Termiziy haqida gap-so‘zlar ko‘payib, uni havoyi gaplarga berilishda va bid’atda ayblay boshladilar.

Hadis rivoyatchilari tomonidan bildirilgan tuhmatlarda u hadisshunos olim ham emas, rivoyatchilar toifasiga ham kirmaydi. U o‘zining yaroqsiz kitoblarini hadislar bilan to‘ldirib, ularni rivoyat ham qilinmaydigan, eshitilmaydigan ham xabarlar bilan qalashtirib tashlagan.

Mutasavviflar tomonidan bildirilgan tuhmatlarda ham u haqiqatga xilof ishlarda ayblanib, bu harakatlari bilan u faqihlarning qoidasidan chiqqan va har qanday dashnom va ta’nalarga sazovor kishi sifatida tasvirlangan. Xullas, ayblovchilarning harakatlari shu darajaga borib yetdiki, ular Balx hokimiga xabar yuborib, Hakim Termiziyni Allohga muhabbat haqida gapiradi, odamlar o‘rtasida fisqu fasod tarqatadi, ularni bid’atga yetaklaydi, nubuvvatlikni da’vo qiladi, deb aybladilar.

Mana shu paytdan e’tiboran Hakim Termiziyning hayotida beshinchi bosqich boshlanadi – bunda u xilvat va uzlatdan chiqib, odamlar sari yuzlanadi. Natijada, uning fazlu fazilati to‘la namoyon bo‘lib, allomaning nomi tillarda zikr qilina boshlaydi, uning atrofida to‘planadigan xalqning soni kundan-kunga osha borib, ular hatto uning hovlisiga sig‘may ketadi, yo‘laklaru masjid ham odamlarga to‘ladi. Ana shundan keyingina barcha u haqidagi mish-mishlar nohaq tuhmatlar va yolg‘on-yashiq bo‘htonlardan boshqa narsa emasligini tushunib yetdilar va unga nisbatan hurmatu ehtiromlarini namoyon qildilar.

Manbalarga tayanib, yana aytish mumkinki, Hakim Termiziy faoliyatining keyingi ikki bosqichi ilmiy-ijodiy nuqtai nazardan g‘oyatda samarali va barakali bo‘lgan. Chunonchi, aynan shu davrda uning faoliyatida keng omma bilan muloqot, uning atrofida ko‘p sonli shogirdlari va izdoshlarining to‘planishi va eng muhimi, uzoq yillar davomida shakllangan qarashlari, fikrmulohazalari va hayotiy tajribalarini to‘plab, o‘zining o‘lmas asarlarini yaratdiki, bu asarlar buyuk bir ma’naviy meros sifatida islom madaniyati, ayniqsa, tasavvuf ilmi taraqqiyotiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.

Hakim Termiziyning qalamiga mansub asarlar haqida yozgan mualliflar, uning asarlarining soni haqida turli raqamlarni keltirishgan. Ba’zilarning fikrlariga ko‘ra, bu asarlar soni to‘rt yuztaga yaqin bo‘lsa, yana boshqalar Hakim Termiziy saksonta yoki qirqta asar yaratgani haqida yozganlar. Hakim Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Mana shu asarlaridan, eng avvalo, Payg‘ambar (s. a. v.)ning hadislariga bag‘ishlangan “Navodir al-usul fi ma’rifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli asarini tilga olish kerak. Bu asar “Salvat al-orifin va bo‘ston al-muvahhadin” (“Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni”) nomi bilan ham ataladi.

Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri “Kitob haqiqat al-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”) va ikkinchisi “Adab un-nafs” (“Nafs odobi”) nomli asardir.

Hakim Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi kitob xazinalarida saqlanadi. Ularni bir qadar shartli ravishda besh guruhga (majmuaga) bo‘lish mumkin. Allomaning asarlari ko‘proq Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istanbul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.

Hakim Termiziy asarlarining mazmun-mohiyatiga ko‘ra ularni bir qancha guruhga bo‘lish mumkin. Bir turkum asarlari alloma tomonidan ilm toliblariga o‘qilgan ma’ruzalar, matnlar shaklida bo‘lsa, boshqa bir turkum risolalarini alloma turlituman munosabatlarga bag‘ishlab yoki undan savol tarzida so‘ralgan masalalarga javob, o‘ziga bildirilgan e’tirozlarga raddiya yoxud biron murakkab, chigal masalaning bayoni yoinki do‘stu birodarlariga yo‘llangan maktublar tashkil qilgan. Shu boisdan ham, bu turkumga kirgan risolalar Hakim Termiziyning butun umri davomidagi ilmiy-ijodiy faoliyatining o‘sishi bilan tadrijiy ravishda, bosqichma-bosqich takomillashib borgan deyish mumkin. Asarlar mazmuni va xususiyatlariga qarab ularni mutafakkir yashagan davrdagi ilmfanning biror sohasiga mansub etish ham qiyin. Binobarin, uning asarlarini to‘lig‘icha na tasavvufiy, na hadis ilmlari va na falsafiy asarlar yoki bo‘lmasa, kalom yoki fiqh ilmlari jumlasiga ham mansub etib bo‘lmaydi.

Allomaning ilmiy-ijodiy faoliyatini o‘rgangan qator tadqiqotchilar ta’kidlagan– laridek, Hakim Termiziy asarlar ta’lif va tasnif etishda o‘z davrida mavjud bo‘lgan yo‘ldan yurmadi, balki u o‘z diniy qarashlari va tasavvurlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos bo‘lgan alohida yo‘lni tanladi.

O‘sha paytlar dinning asl mohiyatini buzib, zalolatga botgan toifalar ko‘paygan bir davr bo‘lganini inobatga olsak, buyuk alloma Hakim Termiziyning ilmu urfon yo‘li islom dinining haqiqiy, asl mohiyatini to‘g‘ri talqin qiladigan va jamiyat uchun g‘oyatda muhim va foydali yo‘l bo‘lgani yanada ravshanlashadi.

kh-davron.uz,  shosh.uz  

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan