Mahmud Zamaxshariy (1075–1144)

Mutafakkirlar

Mahmud Zamaxshariy (1075–1144)

Ko’hna Xorazm zaminida jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo’shgan ko’plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul qosim az-Zamaxshariy ana shunday  ulug’ siymolardan biridir.

Allomaning to’liq ismi Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo’lib, u hijriy 467 yil rajab oyining 27 kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog’ida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan O’rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat bo’lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo’lgan va aksar vaktini Qur’on tilovatiyu namoz o’qish bilan o’tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.

Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand bo’lgan. Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko’p va oilasi katta bo’lgani tufayli ham tirikchilik yo’lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.

Az-Zamaxshariylar oilasi islomning mu’taziliy ta’limotiga mansub bo’lib, yosh Mahmudning dunyoqarashi mana shu dindor, taqvodor otasining ta’sirida shakllandi va dastlabki bilimni ham o’z otasidan oldi. Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog’i yog’ochdan bo’lib, tarixchilar bu haqda: «Bir oyog’i yog’ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko’rgan odam uni cho’loq deb o’ylardi» — deb yozganlar. Og’ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo’lib qolgan va shundan so’ng otasi uni endi og’ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo’ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o’sgan Mahmud otasidan o’zini madrasaga o’qishga yuborishni so’raydi. O’g’lidagi ilmga bo’lgan zo’r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo’r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o’qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyo-ti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o’sha davrda ilm ahpi orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o’z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So’ng, arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo’l oladi. Buxoro, mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961-1138) iborasi bilan aytganda: «Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg’or kishilari jamlangan: yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o’z davrining fozil kishilari yig’ilgan (joy) edi». Az-Zamaxshariy Buxoroda o’qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo’lib, kotiblik bilan shug’ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko’rmagach, o’zga yurtlarga safar qiladi, matlabu-maqsadlarining ushalishiga umid bog’laydi. 1118 yili az-Zamaxshariy og’ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag’ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.

Az-Zamaxshariyning o’z davri ilmlarini to’liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo’lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til, lug’at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu o’lkada mu`taziliylar ta’limotining joriy bo’lishi ham mana shu Al-Isfahoniy nomi bilan bog’liqdir.

Az-Zamaxshariy Bag’dodda shayx ul-islom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-Shaqqoniy, Abul Xattab ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oddi. Makkada bo’lganida esa nahv va fiqh bo’yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, ash-shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lug’at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o’rgandi.

Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag’dod va Shijozda, ikki marta Makkada bo’ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug’atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o’rgandi, bu mintaqa jug’rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to’pladi.

Adib ko’p asarlarini Makkaligida yaratadi. O’z hayotida chuqur iz qoddirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh («Ollohning  qo’shnisi») degan sharafli laqabga muyassar bo’ladi.

O’z davrining yirik olimi darajasiga ko’tarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko’pgina shaharlarida ham ko’pdan-ko’p shogirdlari bo’lgan, alloma ko’p vaqtini o’shalarga bag’ishlardi. U qarindosh-urug’larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o’stirishdan a’lo deb hisoblagan. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yilda, arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi. 1333 yili Xorazmda sayohatda bo’lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304-1377) «Ar-Rihla» («Sayohatnoma») asarida az-Zamaxshariyning ustida qubbasi bo’lgan maqbarasini ko’rganini yozadi.

Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug’rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o’rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal» (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. «Al-Mufassal» arab tili nahvu sarfini o’rganishda yirik qo’llanma sifatida azaldan Sharqda ham, g’arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Ko’pchilik olimlar o’z ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796 yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid kitobidan keyin ikkinchi o’rinda turadi, deb ta’kidlaganlar. O’sha davrning o’zidayoq arablar orasida ham bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini o’rganishda asosiy qo’llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarupo sovg’a qilishni va’da bergan.

Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor bo’lganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining o’sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini ko’rsatadi. Bu asarning bir qo’lyozmasi Toshkentda, O’zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. «Al-Mufassal»ning ixchamlashtirilib, muxtasar holga keltirilgan nusxasi «Al-Unmazaj» («Namuna») nomi bilan ataladi. Grammatikaga oid asarlaridan Sharh abyat kitob Sibavayh» — hozir zikr etganimiz Sibavayhning kitobiga yozilgan mukammal sharhdir. Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag’ishlab yozilgan «Muqaddimat ul-adab» asari alohida ahamiyatga egadir. Bu o’rinda shuni ta’kidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa,  xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, o’zi ham iste’dodli, ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo’lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan bo’lsa kerak, az-Zamaxshariy «Muqaddimat ul-adab»ni uning nomiga bag’ishlab yozgan. Asar besh katta qismga bo’lingan bo’lib — otlar, fe’llar, bog’lovchilar, ot o’zgarishlari va fe’l o’zgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137 yillari yozib tugallangan.

Az-Zamaxshariy o’z asarida o’sha davr arab tilining iste’molda bo’lgan barcha so’zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor qilgan. Shu boisdan ham az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo’nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. «Muqaddimat ul-adab» arabchadan fors, chig’atoy, mo’g’ul va turk tillariga tarjima qilingan. Manbalarda ta’kidlanishicha, asarning chig’atoy tilidagi tarjimasi az-Zamaxshariyning o’zi tomonidan amalga oshirilgan. Zotan xorazmshoh Otsizning tushunishi uchun asarning arabcha matni bilan birgalikda chig’atoy tilidagi tarjimasi ham yaratilgan, deb bilish o’rinlidir. «Muqaddimat ul-adab» yaratilgan davridan boshlab bir necha asrlar davomida olimlar, tadqiqotchilar diqqatini o’ziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706 yili Xo’ja Is’hoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. So’ngra Ovro’poning bir qancha tillariga (frantsuz, nemis) o’girilgan.

Parij, Leyptsig, Vena, Leydan, qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Nemis olimi Vatzastayn «Muqaddimat ul-adab»ning Ovro’po qo’lyozma fondlaridagi yettita nusxasini qiyosiy o’rganib, 1850 yili Leyptsigda asarning ikki jildlik tanqidiy matnini nashr etgan.

Asarning chig’atoy tilidagi tarjimasi uzbek tili tarixini o’rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqda Sadriddin Ayniy 1921 yili «Mehnatkashlar tovushi» gazetasiga yozgan maqolasida «Az-Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» asari o’zbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir», deb yozgan edi.

Az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan do’st edi. Ibn Vahhos o’z mamlakatining jug’rofiyasi bilan juda yaxshi tanish bo’lgan. Az-Zamaxshariy ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, o’zining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan «Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh» («Tog’lar, joylar va suvlar haqida kitob») nomli asarida jug’rofiy joylar, tog’lar va dengizlarga doyr qimmatbaho  ma’lumotlar keltiradi. Mashhur arab olimi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179-1229) ham o’zining butun dunyoga taniqli «Mu’jam al-buldon» («Mamlakatlar qomusi») asarida Arabiston, xususan, Hijoz haqidagi ma’lumotlarni az-Zamaxshariyning ushbu asariga tayanib yozgan. Az-Zamaxshariyning bu asari g’arb olimlari o’rtasida ham keng tanilgan, 1856 yili gollandiyalik arabshunos olim Sal`verda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan.

Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo’yicha ham mukammal asarlar yaratgan.

Olimning «Asos al-balog’a» («Notiqlik asoslari») asari asosan lug’atshunoslikka bag’ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so’z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so’zlar bilan ifodalash, so’z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog’at ilmlaridan yaxshi xabardor bo’lishi kerak.

Buning uchun so’zni to’g’ri, o’z o’rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so’zlash va yozish ham kerak bo’lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so’z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo’llari chuqur tahlil qilingan.

«Atvoq uz-zahab fi-l-mavoi’z va-l-xutab» («Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar») — nasihatomuz maqolalar to’plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. O’ttiz yilcha o’tgach, frantsuzchaga tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili ham usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istambulda nashrdan chiqqan…

Az-Zamaxshariyning «Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyar» («Ezgular bahori va yaxshilar bayoni») asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo’lyozma nusxa-si Toshkentda, O’zR FA Sharqshunoslik institutada saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qo’lyozmalari mavjud.

Olimning aruz vazni haqida bahs yurituvchi «Al-Kustos fi-l-aruz» («Aruzda o’lchov (mezon)») asari muhim manbalardan hisoblanadi. Alifbo tartibida yig’ilgan arab maqollari, masallariga bag’ishlangan boshqa bir asarini «Al-Mustaqso fi-l-amsol» («Nihoyasiga yetgan masallar») deb atadi. «Maqomat» («Maqomlar») — ellik maqomdan iborat bo’lib, qofiyali nasr — saj’ uslubining nozik namunalarini o’zida mujassam etgan muhim asardir. «Devon ush-she’r» kitobi ham diqqatga sazovor asarlardan sanaladi. Az-Zamaxshariyning «Navobig’ ul-kalim» («Nozik iboralar») asari esa arab lug’atlarini o’rganishga bag’ishlangan yuksak did bilan yozilgan. Bu asar dastlab frantsuz tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birgaliqda 1876 yili Parijda, 1870 yili qohirada, 1884 yili Bayrutda, 1896 yili esa qozonda nashr etilgan.

Az-Zamaxshariyning g’oyatda keng tanilgan «Al-Kashshof an haqoiq it-tanziyl va uyun ilgaqoviyl fi vujuh it-ta’viyl» («Kur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so’zlar ko’zlarini ochish») asari Qur’on tafsiriga bag’ishlangan. Ma’lumki, O’rta asrlardan boshlab Qur’onni tafsir yoki sharh bilan o’qish odat tusini olgan. Shu boisdan ham qur’on yaratilgan davrdan boshlaboq unga bag’ishlangan tafsirlar, sharhlar yozishga katta ehtiyoj sezilgan. Turmush taqozosi bilan shunday vaziyatda islom tarixida qur’onga bag’ishlangan ko’pdan-ko’p tafsirlar, sharhlar vujudga kelgan. Az-Zamaxshariy ham tafsir yozishdan avval o’zidan oldin yaratilgan Qur’on tafsiriga bag’ishlangan ko’plab asarlarni qunt bilan o’rgangan. «Al-Kashshof» az-Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1332— 1334) yozilgan.

Nemis sharqshunosi Karl Brokkelman dunyoning turli qo’lyozma xazinalarida «Al-Kashshof»ning yuzga yaqin qo’lyozmalari va asarning o’ziga bitilgan yigirmadan ortiq sharh va hoshiyalar borligi haqida yozishi az-Zamaxshariy asarining katta shuhratidan dalolat beradi. Qohiradagi butun dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari ham az-Zamaxshariyning «Al-Kashshof» asari asosida Qur’onni o’rganadilar. «Al-Kashshof»ning Toshkentda, jumladan, O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniya nazoratining kutubxonasida bir qancha qo’lyozma nusxalari saqlanadi.

Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o’lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan «Ustoz ul-arab va-l-ajam» («Arablar va g’ayri arablar ustozi»), «Faxru Xvarazm» («Xorazm faxri») kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo’lib, qizg’in ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obro’-e’tibor, ehtimol, daho o’z asarlaridan birida «va inniy fi Xvarazm kaabat ul-adab» («Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman») deb yozishiga asos bo’lgan bo’lsa kerak!

ZAMAXSHARIY HIKMATLARIDAN

* * *
Yoki ilmli bo’l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo’l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo’l, ammo to’rtinchisi bo’lma, chunki kasodga uchrab halok bo’lasan.

* * *
Yomon fikr sohiblari ham, kufroni ne’mat qiluvchilar ham yovvoyi qobonlar misoli Alloh taoloning mag’firatidan yiroqdirlar.

* * *
Odamning umri avvalida qilgan ishlari umrining oxiridagi ishlariga ham dalolatdir.

* * *
Alloh taolodan astoydil iltijo bilan o’tinib so’ragan kimsaning nidosi sira noumid qolmaydi.

* * *
Suv yo’llari irmoqlari bilan bo’lgani kabi shariatning to’g’ri qonun-qoidalari Payg’ambar alayhissalom ta’limotlari bilandir.

* * *
Urug’likni ham, po’choqni ham, niyatu orzularni ham, muhabbatu firoqni ham yaratuvchi Alloh taolodir.

* * *
Sen zalolat to’lqiniga o’zingni urib suzsang, seni faqat ko’p toat-ibodat va tasbehlar qutqaradi.

* * *
Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning roziligini o’yla. Aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda bo’lib, zoe ketadi.

* * *
Bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi.

* * *
Kimki o’z nafsi-balosiyu orzu-havasi domiga tushib qolsa, u beshak o’zini-o’zi chuqur qa’riga tashlagani muqarrar.

* * *
O’z nafsingga hokim bo’lmasang, uni o’z hukmingda tutasan. Aks holda undan g’olib chiqib, ushlab tura olmaysan.

* * *
Kimning himmati-yu muruvvati qanchalik ko’p bo’lsa, shunga yarasha odamlar uning kayg’usiga sherik bo’larlar, hamdardlik bildirarlar.

* * *
Boshingizga mushkul ish va tashvish tushganida munis bo’lib, odamlarga mehr-muhabbat ko’rsatasiz. Ammo davlatu ne’matlarga erishganingizda bag’ritoshlikka moyil
bo’lasiz.

* * *
Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisdir, ularning ichidagi eng yalqovi pastkashdir.

* * *
Hayot vaqtingda bergan in’om-ehsonlaring, garchi ularni tuki yo’q (qirchang’i) bo’riga bergan bo’lsang-da, zoe ketmas. Qiyomat kunida bularning ajri senga bo’lur.

* * *
O’z vaqtidan kechikib berilgan in’om-ehson mahkam tortilgan zanjir misoli qattiq bo’g’uvchidir.

* * *
Tog’ tepasidagi qoyalarni ko’chirish minnat eshitish yuklariga nisbatan yengilroqdir.

* * *
Riyo bor har qanday ishda ravolig-u ziyo yo’qdir.

* * *
Mol-mulkni behuda isrof qilish kufroni ne’matdur. O’ylamasdan boyligini sarflash to’liq tanazzulga olib keladi.

* * *
Agar biror qayg’u-alam yuz bergani yoki ta’ziyali joyni eshitsang, darhol o’sha yerga bor. Agar ziyofatu mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o’zing o’ylab ish tut.

* * *
Faqiru miskinlarga vojib sadaqalarni bajo keltirmagan boylarga jahannamda dahshatli bir handaq bordir.

* * *
Ko’pincha yoki ba’zan Hasan al-Basriyga o’xshash buyuklarni Xajjoj zolimga o’xshashlar tug’adilar, go’yo sho’r dengiz suvidan dur-marjonlar chiqqani kabi.

* * *
Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.

* * *
O’tkir qilichning boshga tushadigan zarbasi ba’zi nodonlarning hukmi ostida mute’-itoatda bo’lib yurishdan afzaldir.

* * *
Haqiqat va adolat bilan to’g’ri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor bo’lur.

* * *
Bu dunyo ibratli ishlar va pand-nasihatlarga to’ladir. Ayni vaqtda ko’z yoshlariga ham serob.

* * *
Qo’rquvga mubtalo bo’lgan kishi faqat qochishdan najot izlaydi.

* * *
Ustingga keksalik kiyimi tashlangan bo’lsa ham biroq sen uzoq umr ko’rish hirsida (ta’masida) yangi-yangi kiyimlar kiymoqdasan.

* * *
Garchand uzoq umr ko’rgan bo’lsalar-da, ko’p odamlar g’o’r va tajribasizdir.

* * *
Tunu kunni o’tkazaman-u, ammo bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq bo’lmayotir. Chunki zamona kundan-kunga halokat tomon bormoqda. Shunday ekan, kechagi kun
bugungidan a’loroq, bugungisi esa ertangidan yaxshiroqdir.

* * *
Vaqti-soati o’tgandan so’ng ijro bo’ladigan va’dadan hech bir yaxshilik bo’lmas.

* * *
Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagini tutsa, u albatta murodiga erishib, xayru baraka topadi.

* * *
To’g’ri va haq yo’ldan yurgan kishining qadam bosishi arslon yurishidan ham mahobatliroq haybatliroq dir.

* * *
Yomon, noraso e’tiqod bilan qilingan ezgu ish sarob va kul kabi hech qanaqa foyda bermaydi.

* * *
Go’zal sifat va husni xulq siyratlari bezamagan kishini hech qanday chiroyli kiyimlar ko’rkam qilolmas, gunoh va xatolardan saqlanmagan kimsaning qalbi sira
aybdan forig’ bo’lmas.

* * *
Qabohatli suvrat, chirkin yuzning va yomon chehraning orqasida yaramas xulqdan boshqa narsa yo’qdir.

* * *
Vijdon azobiyu ta’nadan to’g’ri bo’lmagan kimsani ta’lim-tarbiya va qiynash bilan ham to’g’rilash amri mahol.

* * *
Pastkash kimsaning o’z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi chanqoq kishining suv shu’lasi (sarob)ni ko’rib aldangani kabidir.

* * *
Ko’pincha til bilan yetkazilgan jarohat qilich bilan yetkazilgan jarohatdan og’irroqdir.

* * *
O’zi sazovor bo’lmagan hamdu sano va maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir.

* * *
Quyosh nurlarini berkitib bo’lmaganidek, haqiqatning chirog’ini ham so’ndirib bo’lmaydi.

* * *
Yolg’onchining qasami bor (haqiqiy) ilmining soxtaligini oshiradi.

* * *
Ko’p ortiqcha so’zlashuv eshituvchini ranjitadi.

* * *
Agar tilingning ortiqcha so’zlashiga ega bo’la olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan bo’lasan.

* * *
Tilingdan chiqqan sadaqang (ya’ni, pandu nasihating va ma’viza-yu hasanang) ba’zan qo’lingdan chiqqan sadaqangdan xayrliroqdir.

* * *
O’z va’dasida turmaganda turli-tuman vaj-karsonlar ko’rsatuvchi kimsa hech qachon mard va himmatli inson bo’lolmaydi.

* * *
O’lim qanchadan-qancha takabbur odamlarning boshlarini chuqurga, ya’ni qabrga uloqtirgan.

* * *
Takabburlikni qanchalik xursandlig-u shodlikka tomon aylantirishga urinsang ham, asli loy bo’lganidan keyin kulol singari, ya’ni tuproqqa (loy ishlariga)
qaytishi muqarrar.

* * *
Kimki adovatu xusumatni eksa, albatta u tashvishu mashaqqat o’radi.

* * *
Taniqlig-u sharafing otangdandir, mehribonlik, mushfiqlik onangdandir.

* * *
Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor bo’lganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.

* * *
Misvoklar bilan og’zingni tozalading, koshki edi bundan keyin sen og’zingni bo’hton, yolg’on, g’iybat so’zlarni aytish bilan bulg’amasang!

* * *
Fisqu fasod qiluvchilar va fojirlar ko’paysa, Alloh taolo vabo yuboradi.

* * *
Men ro’zadorman, deysan-u ammo o’zing bo’lsa, birodaring go’shtini yeysan (ya’ni, g’iybatlar va xo’rliklardan so’zlaysan).

* * *
Xuddi qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani kabi oliyjanob va himmatli odamning go’shtini hasad ahli yeydi.

* * *
Insonning kiyimiga qarama, bilimiga qara. Ilm – bu ota, balki u sut berishda onadan foydaliroqdir. U yomonlikni tuzatish uchun hamma narsadan yaxshiroqdir.
Agar tilingni tiymasang, jilovingni dushmaningga berib qo’yasan.

* * *
Aqlli g’ofilning holi nodon g’ofilning umriga siltov bo’ladi.

* * *
Senga eng yaxshi maslahat mutakabbirlik bilan yuzingni teskari burma va shon-shuhrating bilan faxrlanma.

* * *
Urushqoq va janjalkash kishi xafalik bilan shodlik orasida yashaydi.

* * *
Haddan oshishingni pasaytir, kibrlanishdan voz kech.

* * *
Yaxshilik bilan inson kamoli, ani qilurgacha yo’qtir majoli.

* * *
Quyosh nuri berkitilmaydi, haqiqat shami so’nmaydi.

* * *
Vijdonli kishi xavfdan holi yashasa, xiyonat qiluvchi kishi behalovat yashaydi.

* * *
Savdogarning shuhrati cho’ntagida.

* * *
Chayqovchi – ovchi iti. Xatolar qilishda ovoralardir. Xato – alar tushgan arobalardir.

http://kh-davron.uz

 

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan