Olamning eng yirik astronomlari

        Xronologik tartibda 12 ta jahonning eng mashhurastronomlari haqida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz. Atoqli polyak astronomi Yan Gaveliy o’zining «Yulduz osmonining kartasi» nomli mashhur asarida turli davrlarda turli xalqlar orasida yetishib chiqqan 12 astronom nomini alohida aytgan. Quyida xronologik tartibda jahonning eng mashhur 12 astronomi haqida ma’lumotlar keltiriladi.

1.Timoxaris (miloddan avvalgi III asr) Gretsiyaning Aleksandriya maktabidan chiqqan mashhur astronom. U o’z zamondoshi Aristot bilan birgalikda osmon sferasi doimiy nuqtalariga nisbatan bir nechta yorug’ yulduzlarning vaziyatini aniqlagan. Bu astronomlarni yulduzlar katalogini tuzishning asoschilari desa bo’ladi. Gipparx 150 yil keyin ular aniqlagan natijadan foydalanib pretsessiyani kashf etgan.

2.Gipparx (miloddan oldingi II asr) Buyuk yunon astronomi, bizgacha yetib kelgan birinchi yulduzlar katalogini tuzgan kishi. U yulduzlarni ko’rinma ravshanligi jihatidan 6 bosqichga bo’lib, ularni yulduz kattaliklari deb atagan. Tropik Yerning doimiyligini aniq (xatosi 6 min) o’lchagan. Yerdan Oygacha bo’lgan masofani 50-60 Yer radiusiga teng deb olib, Oyning o’lchamlarini aniqladi. Gipparx 1000 ta yulduzni o’z ichiga olgan yulduzlar katalogini tuzgan. Bu katalogga mingga yaqin yulduz kiritilgan. Gipparx bahorgi tengkunlik nuqtasi vaziyatining o’zgarishiga sabab bo’luvchi pretsessiyani kashf etdi. Yulduzlarning astronomik uzunligi ham shu nuqtaga qarab hisoblanadi. U yilning uzunligini juda katta aniqlikda belgiladi. Geografik kordinatalar tushunchasini fanga kiritgan kishi ham Gipparxdir.

3.Ptolemey (milodiy II asr) mashhur yunon astronomi bo’lib, uning faoliyati Aleksandriyada o’tgan. Ptolemeyning 13 ta kitobi arabcha nom bilan Almagest deb fanga kiritilgan qadimgi yunon astronomiyasining qomusi hisoblanadi. Unda Ptolemey dunyoning geosentrik sistemasini bayon etdi. Bu sistema astronomiyaning amaliy masalalarini hal etishga kifoya qiladigan aniqlikda osmon yoritkichlarining vaziyatini oldindan hisoblash imkonini beradi. Ptolemey o’zining «Almagest» kitobida bayon qilingan olam sistemasi quyidagicha: chegaralangan va sferik shakldagi olam, o’zining markaziga joylashgan sharsimon Yer atrofida tekis aylanadi.Yer atrofida Oy, Quyosh va sayyoralar (Yerdan hisoblanganda) quyidagi tartibda aylanadi: Oy, Merkuriy, Venera, Quyosh, Mars, Yupiter, Saturn. Ptolemey sayyoralar harakati jadvalini yaratdi. Almagestda 1022 ta yulduzning katalogi berilgan bo’lib, ular ko’p jihatdan Gipparx kuzatishlariga asoslangan. Asar Sharqda ham, G’arbda ham keng tarqaldi.

U 825-yildayoq Bag’dod halifasi Al Ma’mun (786-833) buyrug’iga asosan arab tiliga tarjima qilingan. Sanskrit tiliga esa uni mashhur buyuk ensiklopedist olim Abu Rayhon Beruniy (973-1048) tarjima qilgan, 1515-yilda esa Venetsiyada birinchi marta lotin tilida nashr qilingan.

4.Albattegniy Abu Abdulloh Muhammad ibn Jobir (858-929). O’rta asrda Sharqda tanilgan mashhur arab matematigi, astronomi al-Battoniyning lotinlashtirilgan nomi. U Damashqdagi observatoriyada ishlagan. Albattegniy ajoyib kuzatuvchi va hisobdon sifatida ilm-fanga kirgan. Albattegniy sinus, tangenes, kotangenes hisoblarini amalda joriy etdi. Epliktikaning ekvatorga og’ish burchagini va pretsessiya doimiysini qaytadan aniqlab chiqdi. U «Almagest»ga sharh yozgan. Bu sharhi o’sha vaqtda juda keng tarqalgan. Uning «Yulduzlarning harakati haqida» degan risolasi 1597- yilda lotin tiliga tarjima qilingan. Frot daryosi bo’yidagi ar-Raqqa rasadxonasida ilmiy kuzatishlar olib borgan. Uning ilmiy kuzatishlari astronomik jadvallarda o’z ifodasini topgan. Albattegniy «al-Majistiyni mukammallashtirish» asari bilan mashhur.

5.Mirzo Ulug’bek  (1394—1449) mashhur o’zbek astronomi, olimi. Ulug’bek Amir Temur (1336-1405)ning nevarasi bo’lib, 15 yoshdanoq Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida joylashgan yirik davlat – Movarounnahrning hokimi edi. O’sha davrda Movarounnahrning eng asosiy shahri Samarqand hisoblanardi. Har tomonlama keng ma’lumot olgan Ulug’beк davlat ishlaridan tashqari, tarix, poeziya, matematika bilan ham shug’ullandi. U samarqandlik boshqa olimlar bilan birgalikda 1048 ta yulduzning katalogini tuzib, butun dunyo astronomi sifatida tanildi. U Ulug’bek tomonidan Samarqand yaqinida qurilgan observatoriyada olib borilgan kuzatishlar asosida tuzildi. Katalogdan tashqari, bu observatoriyada astronomik doimiyliklar, ekliptikaning ekvatorga og’maligi, tropik yilning uzunligi va boshqa kattaliklar juda aniq belgilandi. Samarqandlik astronomlar tomonidan tuzilgan sinus, tangeneslarning trigonometrik jadvallari, aniqrog’i o’nlamchi sonlarning 9 sonigacha bo’lgan miqdorining aniqlanishi alohida diqqatga sazovordir. Ulug’bek siyosiy fitna tufayli o’z o’g’li Abdullatifning odamlari tomonidan o’ldirildi.

6.Valter (1430-1504) – nyurnberglik aristokrat, astronomik olim. U Regiomontan ta’sirida Nyumbergda birinchi nemis observatoriyasini qurib, bu yerda astronomik kuzatish o’tkazgan. Kuzatishlarning aniqligini oshirish maqsadida g’ildirakli soatlardan foydalandi. Nyum-berg astronomiya maktabining yaratilishiga ta’sir ko’rsatdi.

7.Regiomontan Iogann Myuller (1436-1476) kenigsberglik mashhur nemis matematigi va astronomi. U 1468-1471-yillarda Vena universitetining professori bo’lib ishlagan. 1471-yilda Nyumbergga kо’chib kelib, o’z shogirdi Valter bilan birgalikda observatoriya qurib, uni zamonaviy asboblar bilan jihozlaydi. «Almagest»ni yunoncha originalida o’rganib, uning turli matnlarini tanqidiy ravishda tekshiradi. Astronomik jadvallar tuzib, uni «efemeridlar» deb atadi va bu jadvalni 1474-1475-yillarda bosmaxonada bostirdi. Bu bosmaxonada bosilgan birinchi astronomik jadval va Ptolomeyning geosentrik sistemasiga asoslangan oxirgi ish edi.

8.Nikolay Kopernik (1473-1543) – buyuk polyak astronomi, tabiatshunoslikning islohotchisi. Torun shahrida tug’ilgan. Krakov va Bolon universitetlarida tahsil olgan. Vataniga qaytib kelgach, Frauneberg sparxiyasining kononigi bo’lib ishlagan. Butun hayoti davomida astronomiya bilan shug’ullangan. Kopernikning asosiy asari «Osmon sferalarining aylanishi haqida» degan kitob bo’lib, u vafot etgan yilda nashr qilingan. Bu asarda Kopernik dunyoning geliosentrik sistemasini bayon etdi. Ptolomey sistemasidagi Quyosh va Yeming o’rinlarini almashtirib, ya’ni Yer ham boshqa hamma sayyoralar bilan birga qo’zg’almas Quyosh atrofida aylanadi deb olib, yangi dunyoqarashga asos soldi va fanda keskin burilish yasadi, shu bilan birga hisoblovchilarga qudratli qurol – sayyoralar harakatining to’g’ri sxemasini, eng muhim amaliy masalasini hal etdi.

9.Vilgelm IV (1532-1592) – Gessen shahzodasi. 1561-yilda Kasselda observatoriya qurib, unda yulduzlarni kuzatdi. U astronom X. Rotmann (1552-1632) va mohir soatsoz E.Burga (1550-1605) bilan birga kuzatish o’tkazib, Yevropada dastlabki kataloglardan birini tuzadi. Bu katalog 400 ta yulduz koordinatalarini o’z ichiga olgan. Vilgelm IV ning astronomiya bilan shug’ullanishiga Tixo Brage katta ta’sir ko’rsatdi.

10.Tixo Brage (1546-1601) – daniyalik mashhur olim. Tixo Brage Kopengagen yaqinidagi Xven oroliga kо’chib kelib, bu yerda observatoriya quradi va uni aniq asboblar bilan jihozlaydi. Bu observatoriyada u yigirma yil davomida osmon yoritkichlarini kuzatdi. Uning kuzatishlari o’zining aniqligi bilan o’z davridagi boshqa astronomlarnikidan ustun turadi. Tixo Brage bir necha astronomik kashfiyotlar yaratdi. 100 ta yulduz koordinatasini o’z ichiga olgan katalog tuzdi. U 1597-yilda Daniyadan ketishga majbur bo’ladi. Ikki yil Germaniyada yashab, keyin Pragaga keladi va 1601- yilda vafot etadi. Tixo Brage vafot etgandan keyin uning qimmatbaho kuzatish natijalarini yosh yordamchisi I.Keplerga qoladi.

11.Iogan Kepler (1571-1630) – Avstriya olimi. Kepler keyinchalik mashhur astronom bo’lib yetishadi. Kepler o’z ustozi qoldirgan materiallarni o’rganib, sayyoralar harakatining uch qonunini kashf etdi:

1)Har bir sayyora ellips bo’ylab harakat qiladi va bu ellipsning fokuslaridan birida Quyosh turadi.

2)Yulduzlar qonuni. Sayyoraning radius-vektori teng vaqtlarda teng yuzalarni chizadi.

3)Sayyoralarning Quyosh atrofida aylanish davrlari kvadratlarming nisbati orbitalar katta yarim o’qlarining kublari nisbatiga teng.

Bu qonunlar asosida nazariy astronomiyaga asos solindi.

12.Jan Batist Richchioli (1598-1671) – italiyalik monax. Oy kartografiyasi va Oy sirtidagi kraterlarga berilgan birinchi nomlar unga tegishlidir. Richchioli Oydagi kraterlarni olimlarning nomlari bilan atashni tavsiya etgan. U 900 ga yaqin yulduzning koordinatalarini o’z ichiga olgan katalog tuzgan.

Q.To’rayev, S.Burxonov, M.Zokirova “Qiziqarli bilimlar olamida”, “Sharq” MAK, Toshkent – 2014

O'xshash maqolalar

2 thoughts on “Olamning eng yirik astronomlari

  1. 27.04.2017

    Shohjahon Javob berish

    Eng uzoq hamda eng qisqa davr mobaynida hukmronlik qilgan hukmdorlar haqida ma’lumot bersangiz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan