O‘qishni istamaydigan bolalar bilan qanday yo‘l tutish lozim?

Tan olish kerak, maktab ko‘ngilochar muassasa emas. Bolalar bog‘chasidan farqli ravishda bu yerda bolani ovqatni oxirigacha yeb qo‘yganligi yoki uxlagani uchun maqtashmaydi ham. Bolalar maktabga bilim olish uchun boradi va bu jarayon ko‘chada o‘ynash yoki multfilm tomosha qilish kabi maroqli emas.

Agar farzandingiz o‘qishni istamasligini ma’lum qilsa, buning sabablarini aniqlab, muammo yechimini topishga harakat qilishingiz lozim. Axir bola uchun hech narsaning qizig‘i bo‘lmasligi mumkin emas. Uning maktabdan tashqari biror qiziqarli mashg‘ulotini aniqlang va uni maktab fanlari bilan bog‘lang.

Masalan, o‘g‘il bola kompyuter o‘yinlariga qiziqsa, uni dasturlashga qiziqtirish, modaga qiziqqan qizlarni esa o‘z «modalar jurnali»ni yaratishga qiziqtirish mumkin. Bu orqali qizlarda tasviriy san’atga, qolaversa, savodxonlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish mumkin. Axir jurnallarda bexato yozish talab etiladi.

O‘qishni istamaslikning yana bir sababi ma’lumotlarni o‘zlashtirishdagi qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Agar bola darslarda gap nima haqida borayotganligini tushunmasa, u zerikish, noqulaylikni his qiladi. Shu sababdan ma’lum bir fanni ham yoqtirmay qoladi!

Bu vaziyatni uning o‘qituvchisi bilan muhokama qilib ko‘ring. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun repetitor xizmatidan foydalanishingiz ham mumkin.

O‘quv jarayoniga qiziqishning yo‘qolishiga buning aksi — bilimlarning juda oson o‘zlashtirilishi ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, birinchi sinfga o‘qishni bilib borgan bolalar tengdoshlarining harf o‘rganishidan zerikishi mumkin. U qiziqishini butunlay yo‘qotmasligi uchun turli foydali mashg‘ulotlar, klub va to‘garaklarga yo‘naltirish lozim.

Asosiy qoidaga amal qiling — hech qachon bolani kamsitmang! Agar bola o‘qishni istamasa bu uni dangasa, bilmasvoy kabi so‘zlar bilan kamsitishga asos bo‘la olmaydi.

Bolaning o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatlabgina o‘qishga bo‘lgan qiziqishini qaytarish mumkin.

daryo.uz

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan