Qalbingni asragin, bolam! – Ibratli hikoya

Muzaffar yaqinda maktabni tamomlaydi. U o‘ziga to‘q oilada o‘sdi. Tengqurlariga nisbatan ko‘rkam kiyindi, katta eb, katta ichdi. Otasining-da qisinib – qimtinganini ko‘rmadi. Bilimdonligi, uddaburonligi bilan maqtaganlarini eshitib ulg‘aydi. Onasi ham eri bilan faxrlanar, kezi kelganda havolanardi. Kichiklarning esa doim kattalarga havasi keladi. Xullas, Muzaffarning o‘ziga bino qo‘yishi uchun sabablar etarli edi. Mana, uning bugungi qilig‘iga nima deyish mumkin? Ustozi biroz tartibga chaqirgan edi, eshikni qarsillatib yopdi, sinf xonasidan chiqdi-ketdi…
U qiziq ustida qayta ochadigan eshigini qarsillatib yopishga yopdi – yu, kech kirguncha ham ich-ichidan ezilib yurdi. Uylariga bugun qo‘shni qishloqda turadigan bobosi kelibdi. Odatda bobosi mehmon bo‘lgan kun Muzaffar uchun bayramga aylanardi. Hozir esa chol xira tortgan, ammo o‘tkir nigohlari bilan nabirasining qilmishidan xabardordek, har qadamini zimdan kuzatayotgandek…

Darvoqe’, bobo Muzaffarjonning ustozi Ibodulla muallimni uchratib qolgandi. Muallim boboga juda xorg‘ir ko‘rindi. Salom – alik, yo‘l bo‘yi suhbat… Bobo mavridini topib, nabirasini yoniga chorladi, o‘qishlari bilan qiziqdi, o‘rtoqlarini surishtirdi, ustozlarining ahvolini so‘radi. Nihoyat Ibodulla muallimni uchratib qolganini aytdi. Muzaffar qizardi, er chizdi… Bu hali uning tabiati tozaligi, manmanlik murg‘ak ko‘nglini ishg‘ol qilib ulgurmaganining ifodasi edi.

Bobo nabirasining yelkalaridan tutdi:

– O‘zingni katta olma, bolam! Taningda bir a’zo borki, u kasalga chalinsa, butun vujud xasta, u sog‘ bo‘lsa, jami a’zolaring salomat. U sening qalbing! Kibru manmanlik kirlari bilan uni bulg‘ama. Har gal biron yomon ishga qo‘l urganingda, qalbingga bir qora dog‘ tushirasan. Nopok yurak barcha qing‘irliklarning uyasi! Sof, sog‘lom, mard ko‘ngil esa butun yaxshiliklarning bulog‘idir. Qalbingni asragin, bolam.

entt.uz

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan