Qo‘rqoq, arazchi, yolg‘onchi bolakaylarni qanday tarbiyalash kerak?

Britaniyalik olimlar bolalarning sayr vaqtidagi ruhiy o‘zgarishlarini tahlil qilish maqsadida ularni aravachalarga turlicha holatda o‘tqazdilar: birini ota-onasining yuziga qaratib, ikkinchisini esa aksincha, tevarak-atrofga yuzlantirishdi. Ma’lum bo‘ldiki, ikkinchi holatda do‘mboqchalar o‘zlarini noo‘ng‘ay hisetisharkan: kattalar tomonga o‘girilib olishga harakat qilishadi, yig‘laydi, o‘yinchoq berilsa ham ko‘nmaydi... Ro‘parasida ota-onasini ko‘rib o‘tirgan bolakaylar esa ko‘p jilmayadi, qo‘llarini silkitadi, o‘ynaydi va yaxshi kayfiyatda uxlab qolishadi. Ruhshunoslar bolalardagi bu o‘zgarishlardan quyidagicha xulosa chiqarishdi: ota-onasi bilan yetarlicha muloqotda bo‘lmaydigan bolalar o‘zlarini xavfsiz his eta olmay, yig‘lab, xarxasha qilishadi. Bolalarning bunday «isyon»dan maqsadi ota-onasining e’tiborini o‘ziga qaratishdir. Yoshi kattaroq bolalar ham bunday vaziyatlarda o‘zlari haqida eslatib qo‘yishga urinadilar. Faqat ularning yolg‘izlik signallari ancha jiddiyroq «jaranglaydi».

Qo‘rquv hissi

Aslida qo‘rquv tabiiy va normal hodisa, bu o‘z-o‘zini himoyalash instinktining namoyon bo‘lishidir. Biroq vaqt o‘tgani sayin bolaning fobiyalari oshib boraverar ekan, uning qo‘rquvi bizni ham qo‘rqitishi mumkin. Agar qo‘rqinchli ertak eshitganidan so‘ng bolada qo‘rquv hissi kuzatilsa, bu tushunarli. Biroq hech bir sababsiz paydo bo‘ladigan qo‘rquv bolaning asabini taranglashtirib, hurkak qilib qo‘yadi.

Sabablar. «Hech qanday sababsiz qo‘rquv»ning ham o‘z sabablari borligi yodimizdan ko‘tarilmasin. Bu nafaqat qo‘rqinchli ertaklar, dahshatli filьmlar, balki noto‘g‘ri tarbiyaning ham ta’siridir. Bu qo‘rquv ota-onalar e’tiborsizligi yoki o‘ta avaylab «papalashi» oqibatida tug‘iladi. Ruhshunoslarning kuzatishicha, to‘liq bo‘lmagan oilalardagi bolalar ota-onasi bilan yashaydigan tengdoshlariga nisbatan ta’sirchan, qo‘rqoqroq va ko‘ngilchanroq bo‘lishar ekan.

Maslahat. Kichkintoydan qog‘ozga o‘zi qo‘rqayotgan narsaning suratini chizishini iltimos qiling. Keyin suratni birgalikda maydalab yirtib tashlang yoki qo‘rqitayotgan narsaga kulgili detallar chizib, uni go‘yo «kuchsizlantiring». Katta yoshdagi bolalar bilan esa qo‘rquvi haqida ochiq suhbatlashish, muhokama qilish darkor. Zinhor «shundan ham qo‘rqasanmi?» deb uning qo‘rquvi ustidan kulish mumkin emas.

Agressiya

Bolalar tajovuzkorligi turli ko‘rinishda bosh ko‘taradi: qo‘pollik, tixirlik, xarxashalar, tap tortmaslik, janjalkashlik, tengdoshlari bilan kelishmaslik…

Sabablar. Aksariyat hollarda bolaning agressivligi, janjalsevarligiga genlar emas, tarbiya bosh sababchidir. Bu tarbiyadan quyidagi belgilar namoyon: bolaga hurmat bilan qaramaslik, ota-onalar egoizmi, qattiqqo‘llik, shafqatsizlik, so‘z va harakat bilan haqorat qilish, urish… Bularning hammasi bola ruhiyatiga shikast yetkazadi va u ham taqlidan, alamini olish uchun boshqalarga atay yomonlik qila boshlaydi.

Maslahat. Agar agressiya signallari bir-ikki chalinib qolsa, vahima qilish shart emas, bola ulg‘aygani sayin aqli kirib, o‘zini tutishni o‘rganadi. Agar bola har bir bahsni mushtum bilan hal qilishga urinayotgan ekan, diqqat qiling, u aslida o‘ziga yordam so‘rash uchun sizga SOS signali yuborayapti. Bunday vaziyatlarda darhol jazolash emas, farzandingiz bilan gaplashib, unga ko‘proq mehr berishingiz kerak. Agar o‘zini sevimli va kerakli deb hisoblasa, undagi tajovuzkorlikka bo‘lgan ichki talab kamayib boradi.

Yolg‘on

Bolalar vaqt o‘tgani sayin yolg‘onga o‘rganib boradilar. Agar u fantaziya dunyosiga ko‘ra yolg‘onlarni qalashtirayotgan va atay sizni hayratga solish, o‘ziga jalb qilish uchun yolg‘on gapirayotgan bo‘lsagina xavotirga tushishingiz mumkin.

Sabablar. Bola jazodan saqlanish uchun, sizdan qattiq qo‘rqqani uchun ham yolg‘onchiga aylanib qoladi. Bu holat asosan avtoritar oilalarda kuzatiladi.

Maslahat. Bolangizga qo‘ygan katta talablaringizni yumshating va kamaytiring. Uni qanday bo‘lsa, shundayligicha yaxshi ko‘ring. Axir u hamma fandan 5 bahoga o‘qib, ham musiqa maktabiga, ham sport to‘garagiga haftasiga 5 kun qatnashni har doim ham istamasligi mumkin.

Xafagarchilik

Bolalarda xafa bo‘lib arazlash uchun sabablarning son-sanog‘i yo‘q: shokolad yeyishga ruxsat etishmadi, TVda mulьtfilьm qo‘yib berishmadi, o‘yinchoq sovg‘a qilishmadi… Bola dunyo faqat uning atrofida aylanayotgandek his qiladi. Biroq yoshiga yosh qo‘shilgani sari dunyoda yakka o‘zi emasligini, boshqalarning ham xohlaydigan va xohlamaydigan narsalari borligini tushunadi.

Sabablar. Agar bolakay ota-onasi u bilan kam o‘ynayotganidan o‘ziga xos shikoyat qilsa, deylik, ular qo‘lidan tortqilab, o‘yinchoqlari tomon yetaklayversa, bu oddiy xarxasha emas, unga haqiqatan ham iliq muloqot yetishmayotgan bo‘ladi. E’tibor bersangiz, bolangizning o‘yiniga qo‘shilgan paytingiz uning kayfiyati ham, shijoati ham yorqinlashib, ildamlashadi. Aka va opalaridan xafa bo‘lishiga esa ota-onasini rashk qilishi («meni ularga qaraganda kamroq yaxshi ko‘rishadi») sabab bo‘ladi. Ko‘p hollarda bolaga xafa bo‘lish, arazlash va gina qilishni me’yoriga yetmagan muhabbat yoki oshib ketgan e’tibor o‘rgatadi.

Maslahat. Bolaga xafagarchilikni bartaraf qilishga yordamlashing. Chunki u sizning ovutishingizni va aytganini qilishingizni kutib turadi. Biroq «arazlasam, erishishim mumkin ekan» degan fikrga kelib qolmasligi uchun uni quchoqlang, boshqa narsalarga chalg‘itishga urining.

Darakchi.uz

O'xshash maqolalar

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan