Xat qanday yuzaga kelgan?

         Xat odamlar o’rtasida aloqa va munosabat vositasi sifatida uzoq tarixga ega. Zero, hali yozuv bo’lmasdan ancha ilgari o’ziga xos xat mavjud edi.

         Tubanda xatlarning shakllanishi, maqsad va vazifalari xususida qisqacha so’z yuritiladi.

       Odamlar ma’lumotlami bir-birlariga bildirishga harakat qilganlar. Masalan, Amerika qit’asida yashagan qadimiy hindlar buning uchun chig’anoqlardan foydalanishgan. Ma’lum rang, shakl va miqdorda olingan chig’anoqlar shodasi muayyan bir fikrni bildirgan.

         Keyinchalik chizma usuldagi, ya’ni har turli belgi va shakl tarzidagi xat vujudga keldi. Toshlarga va g’or devorlariga qadimgi odamlar tomonidan o’yib tushirilgan turli-tuman tasvirlarni o’shanday xatlarning namunasi deyish mumkin.

         Qadimgi Yunonistonda maxsus maktub janri mavjud bo’lib, u jamiyatning oliy tabaqasi orasida keng tarqalgan edi. Yunon faylasuflari, olimlari, notiqlari, siyosiy arboblari bunday maktublarda o’zlarining falsafiy va axloqiy qarashlarini hamda boshqalar to’g’risidagi fikrlarni bayon qilganlar. Miloddan avvalgi IV asrda o’tgan mashhur yunon faylasufi Aristotelning o’sha zamondagi podsholar – Faylaqus va Iskandar nomiga yozgan maktublari shular jumlasidan.

       U maktublar siz bilan biz yozadigan oddiy xatdan farqlanib, ko’pchilikka oshkor bo’lishi, keng jamoatchilikka tarqalishi mumkin edi. Shunga ko’ra, bunday xatlarni «ochiq xat» deb yuritishardi.

       «Ochiq xat» keyinchalik ham rasm bo’ldi. Ular badiiy va uslub jihatidan ancha pishiq yozilgan. Ulug’ Navoiyning mashhur shoir Jomiyga yo’llagan maktublari badiiy adabiyotdagi «ochiq xat»larning eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi.

Q.To’rayev, S.Burxonov, M.Zokirova “Qiziqarli bilimlar olamida”, “Sharq” MAK, Toshkent – 2014

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan