1. “Ichan-Qal’a”davlat muzey-qo’riqxonasi

1. “Ichan-Qal’a”davlat muzey-qo’riqxonasi

Ichan qal’a — O’rta Osiyodagi yirik va noyob me’moriy yodgorlik. Xivaning ichki qal’a (Shahriston) qismi. Ichan qal’a shaharning Dishan qal’a (tashqi qal’a) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qal’a)dan baland qo’rg’ontepaga o’xshab ko’rinadi. Ichan qal’aga 4 darvoza (Bog’cha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvoza)dan kiriladi.

1. “Ichan-Qal’a”davlat muzey-qo’riqxonasi2(1)

Devor aylanasining uzunligi qariyib 2200 metrgacha, balandligi 7–8 metrga, poydevorining qalinligi esa 5–6 metrga teng. Ichan qal’a to’g’ri to’rtburchak shaklida qurilgan bo’lib, uzunligi 650 metr, eni 400 metr, ya’ni 26 gektar maydonni egallaydi.

Xorazm xalq me’morligining ajoyib obidalari: madrasa, masjid, saroy va minoralar, asosan, Ichan qal’ada.

Ichan qal’a ansambli me’moriy yodgorlik sifatida muhofazaga olinib, muzeyga aylantirilgan (1961). 1990 yildan Ichan qal’a Butun jahon yodgorliklari ro’yxatiga kiritilgan.

  1. Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi

2. Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi

Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud bo’lib, shular ichida eng yirigi va chiroylisi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi.

Madrasa Ichan qal’aning g’arbiy qismida joylashgan bo’lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o’ng tomonda joylashgan. Bu me’morchilik obidasi o’z davriga xos uslubda eng katta va hashamatli qilib qurilgan. Madrasa pishiq g’ishtdan qurilib, uning devorlarining qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa 130 hujradan iborat. Derazalarda ganchdan ishlangan panjaralar qurilgan.

Muhammad Aminxon minorasi: Xivada qurilgan mashhur minoralardan biri nihoyasiga etkazilmagan Muhammad Aminxon minorasidir.

Minora hozirgi paytda kesik konus shaklida bo’lib hozirni o’zida ham haybatli ko’rinishga ega. Dinamik qisqarishiga qarab xulosa qilinadigan bo’lsa, bitganidan so’ng uning balandligi 100 metrga yaqin bo’lib O’rta Osiyoda eng katta va baland minora bo’lishi mumkin edi. Minora qancha vaqt o’tgan bo’lsa ham xuddi yangi qurilganday saqlanib turibdi. Minora 1853 yilda Muhammad Aminxon tomonidan qurila boshlangan va 1855 yil Shimoliy Eronga yurish paytida xonning o’ldirilishi va Abdullaxonning taxtga o’tirishi bilan qurilish ishlari to’xtab qolgan.

Bu minora haqida xalq ichida ayrim rivoyatlar ham mavjud: Emishki, Xiva xoni shaharda juda ulkan va baland minora qurishni buyuradi. Uning tepasidan “Buxoroyi azim ko’rinib tursin” deb ko’rsatma bergan. Bundan xabar topgan Buxoro amiri minorani bunyod etayotgan me’mor bilan yashirin reja tuzadiki, unga ko’ra minora bitishi bilan me’mor Buxoroda bundan ham yuksak minora qurishi kerak edi. Xon buni sezib qolib minora bitishi bilanyoq ustani o’ldirishga ahd qiladi. Shu niyatdan ogoh topgan ysta minorani chala qoldirib g’oyib bo’lgan. Shu bois xalq bu hakda “Madaminxon madrasasi bitdi, minorasi bitmadi, Madaminxon murodiga etmadi”, deb bayt to’qishgan.

  1. Pahlavon Mahmud maqbarasi

3. Pahlavon Mahmud maqbarasi

Pahlavon Mahmud maqbarasi XIV asrda kichik go’rxona shaklida qurilgan bo’lib, unda o’z davrining katta “Piri” – Pahlavon Mahmud jasadi ko’milgan. Pahlavon Mahmud 1247 yilda Xiva shahrida po’stindo’z oilasida tug’ilgan. Yoshlik yillarda ota kasbi po’stindo’zlik bilan shug’ullangan, so’ngra xat-savod chiqarib, buyuk shoir, faylasuf darajasiga erishgan. U juda ham zabardast pahlavon bo’lib 79 yillik hayotida biron marta kuragi erga tegmagan. Pahlavon Mahmud maqbarasi vaqt o’tishi bilan ko’pgina xukmdorlar tomonidan aziz sanalib obod qilingan. Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o’rnatilgani yoziladi.

Maqbara 3 ta qismdan iborat: qabrxona, xonaqo va yo’lak. Maqbaraning g’arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn qilingan.

Hozirgi vaqtda binoda O’zbekiston Musulmonlarning diniy idorasi, “Pahlavon Mahmud jamg’armasi” faoliyat ko’rsatmoqda. Inshootning ayrim joylari ta’mirtalab bo’lganligi uchun 2007 yilda, ayvon ustunlari, yo’laklar, quduq atrofi va uning tepasidagi chiroyli oshyonli yog’och gumbaz, peshtoqning ba’zi tushib ketgan sirli koshinlari qayta ta’mirlandi.

  1. Nurullaboy saroyi

4. Nurullaboy saroyi

Xivadagi Nurullaboy saroyi  eng hashamatli, eng jozibali, eng ko’rkam  va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi. Muhammad Rahimxon II (1864-1910) xivalik savdogar boy Nurullaboydan bog’ini sotishini so’raydi. Nurullaboy xonga, u avvaldan xalq o’rtasida bo’lib kelgan Nurullaboy bog’i nomini o’zgartirmasa sotishini aytadi. Xon rozilik bildiradi va bog’ni sotib oladi. Shunday qilib Nurullaboy nomi saqlanib qoladi. Muhammad Rahimxon II Nurullaboy bog’i ichida o’g’li  Isfandiyorxon uchun katta bir saroy qurdiradi. Bu ichki saroy 1896-1904 yillarda qurilgan bo’lib, baland devor bilan o’rab olingan. Saroydagi Isfandiyor to’ra uchun mo’ljalangan xonalarga Rossiyadan keltirilgan chinni pechkalar o’rnatilgan. Shiftlardagi Evropa usulida yasalgan gullar va farishtalar rasmini rus rassomlari yasashgan.

4. Nurullaboy saroyi-2

Binoda keyingi davrlarda Maorif uyi va muzey binosi sifatida foydalanilgan, hozirgi kunlarimizda saroy qayta ta’mirlanib, asl holiga keltirilgan.

  1. ”Yoshlar ko’li” dam olish maskani

5. ”Yoshlar ko’li” dam olish maskani

Ushbu maskan Mustaqilligimizning 22 yillik bayramida Urganch shahriga sovg’a bo’ldi. “Yoshlar ko’li” dam olish maskanining umumiy maydoni 15,5 gektar bo’lib, aholi, ayniqsa, yoshlar, mahalliy va xorijiy sayyohlar dam olishi uchun mo’ljallangan madaniy-me’moriy majmua hisoblanadi. Mazkur maskan faqat suv havzasidan iborat bo’lmay, ayni paytda o’ziga xos “ochiq osmon ostidagi muzey”ni ifoda etadi. Maxsus me’moriy loyiha asosida bu erda Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy obidalar – Registon maydoni, Minorai Kalon, Kalta Minor va boshqa yodgorliklarning maketlari o’rnatilgan.

  1. «Sulaymon qal’a»

6. Sulaymon qal’a

«Sulaymon qal’a» qadimiy Xorazmning eng ko’hna qal’alaridan biridir. Tarixiy obida Xazorasp tumanida joylashgan. Xazoraspning tarixi eramizdan oldingi V asrga taalluqlidir, kal’a o’sha zamonlarda yashagan xukmdorlarning qarorgohi bo’lgan. Qal’a devorlari xozirgi kunga qadar saqlanib qolgan. Qal’a xavfsizligini ta’minlash maqsadida obida ko’l bilan o’ralgan. Mahalliy aholi bu ko’lni Oydin ko’l deb ataydi. Uning o’ziga xos jihati shundaki, ko’l chuchuk suv bilan to’yintiriladi. Tarixiy manbalarga ko’ra, ko’l ostida er osti yo’li joylashgan. Qal’aning eng yuqori tepaligidan astronomik kuzatuvlar uchun foydalanilgan.

  1. Cho’girma

7. Cho’girma

Cho’girmai – Xorazmning milliy bosh kiyimi sanaladi. U qorako’l terisidan tayyorlanadi va qishda sovuqdan, yozda esa quyosh taftidan saqlashga xizmat qiladi. Cho’girmani asosan xon, vazir kabi badavlat kishilar kiyishgan. Cho’girma erkaklar bosh kiyimi bo’lgani uchun  Xorazm vohasida u bilan bog’liq bir udum saqlangan. Unga ko’ra, uylanish niyatini bildirgan yigitga qiz tomon cho’girmani kuch bilan otishgan, agar yigit yiqilib tushsa, unga turmushga chiqishdan qaytishgan. Xorazmda cho’giramni yosh toifasiga qarab kiyishgan: keksalar oq, o’rta yoshlilar kulrang, yoshlar esa ranglilarini.

  1. Yumurta barak

8. Yumurta barak

Yumurta, ya’ni tuxum barak Xorazmning qadimiy taomidir. Mazkur taom parxez taom hisoblanib, inson organizmining xazm qilish organlari kasalliklarida juda foydali. Bu taom chuchvaraga o’xshab ketadi. Faqat xamir ichiga go’sht emas, balki tuxum,sut,yog’ aralashmasi solinadi.

Shuningdek,shivit oshi ham Xorazmning o’ziga xos, sevib iste’mol qilinadigan milliy taomlaridan biri.Uni tayyorlash uchun suvga ko’kat qo’shib bir soatga tindirilib qo’yiladi. Ko’katni siqib,suvi olinib xamir qoriladi. Xamir kesib, qaynatib olinadi. Ustiga qayla tayyorlanadi va dasturxonga tortiladi.

8. Yumurta barak-2

  1. Avesto monumenti

9. Avesto monumenti

O’zbekiston hukumatining tashabbusi bilan YuNESKO Bosh konferensiyasi 30-sessiyasi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini dunyo miqyosida nishonlash haqida qaror qabul qildi. “Avesto”ning 2700 yilligini nishonlash tadbirlarini belgiladi. Xorazmning Urganch shahrida bog’ va “Avesto” monumenti barpo qilindi. 2001 yilning oktyabr oyida O’zbekistonda “Avesto”ga bag’ishlangan xalqaro ilmiy konferenstiya va tantanali bayram tadbirlari o’tkazildi.

Monumentda “Avesto” kitobining kattalashtirilgan nusxasi bo’lib, unda oq va qizil ranglardan foydalanilgan. Qizil rang – Avesto yonmaydigan olov va tomirlarlardagi qon ramzi bo’lsa, oq rang – nur, yorug’lik ramzidir.

  1. “Xiva qorako’l” sayyohlik markazi

10. “Xiva qorako’l” sayyohlik markazi

Sayyohlik markazi “Xiva qorako’l” fermer xo’jaligi qoshida tashkil etilgan. Sayyohlik markaziga tegishli binolarda Xivaning “Ichanqal’a” va “Dishanqal’a”sidagi tarixiy obidalar ko’rinishini aks ettirishga harakat qilingan. Shuningdek, balandligi 36 metr bo’lgan minora,  milliy uslubda bezatilgan va barcha qulayliklarga ega o’tovlar mavjud. Bu erda sayyohlarga tuya va otda Qizilqum cho’li bo’ylab sayr qilish, markaz yonidagi ko’l uzra qayiqlarda suzish, baliq ovlash, milliy taomlar, qo’chqor va xo’roz urishtirish tomoshasi va boshqa xizmatlar taklif etiladi.

Manba: tarixchi.zn.uz