Yelpig’ich (VEER) METODI

Agar bolalar erkin fikrlashni o’rganmasa,
berilgan ta’lim samarasi past bo’lishi muqarrar.

I.A. Karimov

Yelpig’ich (VEER) METODI

Bu metod murakkab, ko’p tarmoqli, ko’pincha muammoli xarak­terga ega bo’lgan mavzularni o’rganishga qaratilgan. Metodning mohiyati shundan iboratki, unda mavzuning barcha jihatlari (masalan, ijobiy va salbiy tomonlari, afzallik va kamchiliklari, foyda va zararlari, boshqa fazilatlari) to’g’risida bir yo’la sharh beriladi. Ayni paytda ularning har biri alohida belgilanadi va tegishlicha muhokama etiladi.

Bu interfaol metod o’quvchi talabalarda tanqidiy, tahliliy, aniq, mantiqiy fikrlashning muvaffaqiyatli rivojlanishiga hamda o’z g’oyalari, fikrlarini yozma va og’zaki shaklda ixcham bayon etish, himoya qilish qobiliyatini rivojlantirishga imkoniyat yaratadi.

Yelpig’ich metodi umumiy mavzuning ayrim jihatlarini alohida muhokama qiluvchi kichik guruhlarning hamda har bir ishtirokchining va shu bilan birga, butun guruhning faol ishlashini tashkil qilishga yo’naltirilgan.

Yelpig’ich metodini mavzuni o’rganishning turli bosqichlarida qo’llash mumkin:

  • boshlanishida: o’quvchi-talabalarning bilimlarini erkin faollashtirish;

  • mavzuni o’rganish jarayonida: uning asoslarini chuqur fahmlash va anglab yetish;

  • yakunlash bosqichida: olingan bilimlarni tartibga solish.

Bu metodni qo’llashda mavzu bo’yicha quyidagi asosiy tushunchalar o’rganiladi:

  • mavzuga tegishli tushunchalar, nuqtayi nazarlar, predmet, hodisalar;

  • afzallik – biror narsa bilan qiyoslagandagi ustunpik, imtiyoz;

  • nuqson—nomukammallik, qoidalarga, mezonlarga nomuvofiqlik;

  • fazilat – ijobiy sifatlar;

  • xulosa – muayyan bir fikrga, mantiqiy qoidalar bo’yicha dalildan natijaga kelish.

Yelpig’ich metodi ta’lim maqsadidan tashqari tarbiyaviy xarakterdagi quyidagi vazifalarni amalga oshirish imkonini ham beradi:

  • jamoa, guruhlarda ishlash mahorati;

  • muammolar, vaziyatlarni turli nuqtayi nazardan muhokama qilish mahorati;

  • murosali qarorlarni topa olish mahorati;

  • o’zgalar fikriga hurmat;

  • xushmuomalalik;

  • ishga ijobiy yondashish;

  • faollik;

  • muammoga diqqatini jamlay olish mahoratini shakllantirish va mustahkamlash.

 

 

 

O.U.Avlayev, S.N. Jo’rayeva, S.P.Mirzayeva “Ta’lim metodlari” o’quv-uslubiy qo’llanma, “Navro’z” nashriyoti, Toshkent – 2017

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan